Britaniyaning Tojikistondagi elchisi: "O‘rinboy Usmon masalasi bizning e‘tiborimizda"

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Trevor Moore: 'Bizning asosiy xavotirimiz hozir O‘rinboy Usmonovning salomatligi bilan bog‘liq'

BBCning Tojikistondagi muxbiri O‘rinboy Usmonning hibsga olinganiga bugun roppa-rosa bir oy bo‘ldi.

O‘rinboy Usmonov shu yil 13 iyunda Tojikiston Xavfsizlik Qo‘mitasi xodimlari tomonidan mamlakatda faoliyati ta‘qiqlangan partiya - "Hizb ut-Tahrir"ga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olingan edi.

O‘rinboy Usmonning o‘zi va BBC uning mutlaqo aybsizligini takror-takror ta‘kidlab keladi va uning harakatlari jurnalistik kasbiy faoliyati asosida bo‘lganligini aytadilar. Tergov tomoni shu paytgacha O‘rinboy Usmonning aybini isbotlovchi dalillarni keltirmagan.

O‘shandan buyon ko‘plab xalqaro tashkilotlar, g‘arb elchixonalari, jurnalistlar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bayonotlar tarqatib, rasmiy Dushanbedan O‘rinboy Usmonovni darhol ozod etishni talab qildilar.

Unga nisbatan ayblovlarning olib tashlanishini talab qilayotganlardan biri Britaniyaning Tojikistondagi elchisi Trevor Moore:

Trevor Moore: Biz Tojikiston mulozimlari bilan muntazam aloqadamiz, shuningdek, BBC bilan ham yaqindan ishlamoqdamiz. Men Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi va hukumatning boshqa idoralari bilan O‘rinboy Usmonov haqida gaplashmoqdaman.

Image caption O‘rinboy Usmon hibsga olinganiga bir oy to‘ldi

BBC: Sizga Tojikiston mulozimlari nima deyishmoqda?

Trevor Moore: Ular O‘rinboy Usmonovni hibsga olishgach, avvaliga uni meni anglashimcha, "Hizb ut-Tahrir"ga aloqadorlikda ayblashdi. Shuningdek, u bu guruhga aloqador ma‘lumotlarga ega bo‘lgan holda mulozimlarni ogohlantirmaslikda ayblangan edi. Tabiiyki, biz ham BBC ham bu ayblovlardan norozidir.

BBC: Mulozimlar bu kabi ayblovlar uchun qandaydir dalil-isbot bor - yo‘qligini aytishdimi?

Trevor Moore: Yo‘q, aniq qilib aytishgani yo‘q. Bizning asosiy xavotirimiz hozir O‘rinboy Usmonovning salomatligi bilan bog‘liq. Keyin bu jarayonning qonunga mos o‘tishi va undan so‘ng ayblovlar edi... Biz risoladagiday va qonuniy jarayon yo‘lga qo‘yilishi kerak deb o‘ylaymiz. Bu borada xavotirdamiz. Hozirgi pallada biz mulozimlardan qanday isbot dalillaringiz bor deb so‘rolmaymiz.

BBC: O‘rinboy Usmonovni hibsga olishganidan keyin bir oy o‘tdi. Britaniya elchixonasi bu borada yana qanday bosim ko‘rsatishi mumkin?

Trevor Moore: Men aytishim mumkinki, biz BBC bilan birgalikda harakat qilmoqdamiz. Men BBC mulozimlarining Tojikistonga qilgan safarlarini qo‘llab quvvatlayman bu o‘rinda... Men Tashqi ishlar vazirligi bilan bu masala ustida ishlamoqdaman. Tojikiston hukumatiga ularning xalqaro ma‘suliyatlarini eslatmoqdaman. Masalan, ularning Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga a‘zo davlat o‘laroq o‘z zimmalariga olgan majburiyatlari bor. Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish borasida imzolagan shartnomalari mavjud. Ayni holatda ham bu majburiyatlar va shartnomalar hurmat qilinishi kerak.

Image caption BBC rahbariyati qarori bilan BBC xodimlari O‘rinboy Usmonov ozodligini talab qilib, har chorshanba kuni Londonda namoyish o‘tkazmoqdalar

BBC: Bu yana qancha davom etishi mumkin deb o‘ylaysiz?

Trevor Moore: Kecha biz tergov tugaganinidan xabardor bo‘ldik. Natijalar Tojikiston Bosh prokurori idorasiga jo‘natilganligi ham aytildi. Endi Bosh prokuror idorasi qaror berishi kerak. Bu masala yuzasidan ayblov e‘lon etiladimi va yoki yo‘q degan savolga javob berishi lozim. Mening tushunimcha, hozirda O‘rinboy Usmonov masalasiga Prezident Rahmonning o‘zi e‘tibor qaratmoqda... Biz nazarimda, muhim bir palladamiz va biz - Britaniyaning Tojikistondagi elchixonasi bu pallada juda faolmiz.