Shoshilinch xabar: hibsda qolayotgan BBC muxbiri O‘rinboy Usmon ozod etildi

Tojikistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, mamlakat Bosh prokurori bir oydan buyon hibsda qolayotgan BBC muxbiri O‘rinboy Usmonni maxsus shart bilan ozod etishga qaror qilgan.

Jurnalist O‘rinboy Usmon hibsxonadan ozod etilib, uyiga qo‘yib yuborilgan va hozir oilasining bag‘ridadir.

Lekin, mas‘ullarga ko‘ra, O‘rinboy Usmonovning ishi ko‘rib chiqishda davom etiladi.

Jurnalistga mamlakatdan chiqmaslik sharti qo‘yilgan.

Mazkur xabar Tojikiston tashqi ishlar vazirligi tomonidan ham tasdiqlangan.

O‘rinboy Usmonov shu yilning 13 iyun kuni So‘g‘d viloyatida Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Hizbut-Tahrir" noqonuniy guruhiga a‘zolikda ayblanib, hibsga olingandi.

Jurnalistning hibsga olinganiga kecha roppa-rosa bir oy bo‘lgandi.

U dastlab "Hizbut-Tahrir" diniy guruhiga a‘zolik va "Tojikistondagi konstitutsion tuzumni kuch bilan ag‘darishga oshkora da‘vat etishda" ayblangandi.

Ammo orada tojikistonlik tergovchilar O‘rinboy Usmonovga qo‘yilgan mazkur ayblovlarni olib tashlashdi.

Shundan so‘ng, BBC muxbiri "Hizbut-Tahrir" noqonuniy diniy firqasining faoliyati haqida tegishli idoralarga xabar bermaslikda ayblanayotgandi.

Seshanba kuni Tojikiston Bosh prokurori mamlakat Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasining BBC muxbiri ustidan olib borayotgan tergov jarayoni o‘z nihoyasiga yetgani va ish ko‘rib chiqishi uchun viloyat prokuratura idorasiga yuborilganini aytgandi.

Janob Salimzoda qo‘mitadan tergov xulosasini prezident Imomali Rahmonga yuborishni so‘raganini ham bildirib o‘tgandi.

BBC Jahon Xizmati tomonidan kecha chiqarilgan so‘nggi bayonotida ham yana bir bor o‘z muxbiriga qo‘yilgan ayblovlarning asossiz ekani urg‘ulagandi.

Korporatsiya o‘z muxbirining salomatligi yuzasidan ham xavotirda edi.

O‘rinboy Usmonovning yuragi xasta va qand xastaligidan azob chekadi.

O‘tgan oy hibsdagi turmush o‘rtog‘i bilan ilk va hozircha so‘nggi bor ko‘rishishga muvaffaq bo‘lgan rafiqasi Malohat Abduazimova ham erini zo‘rg‘a tanigani, uning ozib-to‘zib, nihoyatda holsizlanib qolganini aytgandi.

Hibsda ekani chog‘ida uning qiynoqlarga tutilganiga oid xavotirlar ham o‘rtaga chiqqandi.

O‘rinboy Usmonov 22 iyun kuni Milliy Xavfsizlik Davlat qo‘mitasining So‘g‘d viloyatidagi hibsxonasidan Ichki ishlar vazirligiga qarashli vaqtinchalik hibsxona - SIZOga o‘tkazilgandi.

AQSh, qator Ovro‘po davlatlari va dunyoning ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlari qayta-qayta bayonot bilan chiqib, uning zudlik bilan ozod etilishini talab etib kelishayotgandi.

Tojikiston hukumati mamlakatda radikal Islomning barcha ko‘rinishlarini yo‘q qilish uchun o‘ta keskin choralarga qo‘l urib keladi.

Hukumat tanqidchilariga ko‘ra, "Hizbut-Tahrir" a‘zolarini qo‘lga olish yo‘lidagi bu qadar sa‘y-harakatlari guruhning yanada yashirin faoliyat olib borishga o‘tishiga sabab bo‘lishi mumkin.