Tojikiston: AQSh elchixonasi O‘rinboy Usmonovdan ayblovni olib tashlashga chaqirdi

Tojikistondagi AQSh elchixonasi Xo‘janddagi BBC muxbiri O‘rinboy Usmonovning ozodlikka chiqarilishi va Bosh prokuraturaning unga nisbatan faoliyati ta‘qiqlangan "Hizb ut-Tahrir" firqasiga a‘zolik aybini olib tashlash qarorini olqishladi.

Shu bilan birga Qo‘shma Shtatlar elchixonasi Tojikison hukumatini janob Usmonovga nisbatan qo‘yilgan noqonuniy firqa faoliyati haqida hukumat organlariga xabar bermaslik ayblovini ham olib tashlashga chaqirgan.

"Barcha jurnalistlar singari janob Usmonov jurnalist sifatida o‘z qonuniy ishini bajarishi uchun turli insonlar bilan uchrashishi kerak," deyiladi Dushanbedagi AQSh elchixonasi chiqargan bayonotda .

O‘rinboy Usmonov oilasi ham Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon nomiga ikkinchi bor ochiq maktub yo‘llab, BBC jurnalistini butkul oqlanishi uchun yordam berishni so‘ragan.

"Muhtaram janobi oliylari, biz Sizdan otamizning to‘la oqlanib, ozodlikka chiqishlari uchun o‘z ko‘magingizni ayamasligingizni so‘raymiz! Otamiz davolanishlari va yana o‘z kasb korlariga qaytishlarini istaymiz. Bu tushunmovchiliklar tezroq nihoyasiga yetishini, bu aziz vatandagi millionlab oilalardan biri yana tinch va xotirjam mehnat bag‘riga qaytishni juda istaydi," deyiladi Usmonovlar oilasi maktubida.

O‘rinboy Usmonov shu yil 13 iyunda Tojikiston Xavfsizlik Qo‘mitasi xodimlari tomonidan mamlakatda faoliyati ta‘qiqlangan partiya - "Hizd ut-Tahrir"ga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olingan edi.

Ortidan ko‘plab xalqaro tashkilotlar, g‘arb elchixonalari, jurnalistlar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bayonotlar tarqatib, rasmiy Dushanbedan O‘rinboy Usmonovni darhol ozod etishni talab qildilar.

BBC rahbariyati qarori bilan BBC xodimlari O‘rinboy Usmonov ozodligini talab qilib, bir oy davomida har hafta Londonda namoyish o‘tkazishdi.

O‘rinboy Usmonov besh kun muqaddam o‘z yashash joyini tark etmaslik sharti bilan ozod etildi.

Ammo unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish hamon ochiqligicha qolmoqda.