Afg‘oniston: O‘ruzgon viloyatida og‘ir janglar kechmoqda

Image caption O‘ruzgon Afg‘onistonning eng notinch mintaqalaridan hisoblanadi

Afg‘on xavfsizlik kuchlari O‘ruzgon viloyati Tarin Kot shaharchasida qurollar va bombalar bilan hujum boshlagan isyonkorlarga qarshi jang qilmoqdalar.

Hozirgacha BBC mahalliy muxbiri doxil kamida 17 inson nobud bo‘lgan.

Rasmiylarning aytishlaricha, zo‘ravonliklar hukumatga qarashli binolar tashqarisida sodir etilgan ikki xudkushlik amaliyoti bilan boshlanib ketgan.

Halok bo‘lganlar orasida BBC Pushtun xizmati muxbiri Ahmad Umid Khpolvok ham bo‘lgan.

Ahmad Umid Khpolvok Pajvok axborot agentligiga ham xabarlar yo‘llab turgan, mahalliy televideniyeda boshlovchi bo‘lgan.

Tolibon hujumlar mas‘uliyatni zimmasiga olib chiqqan.

Xabarlarga ko‘ra, toliblar mahalliy radio va televideniye stantsiyasiga hujum qilganlar.

Qurollilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida janglar mahalliy bozorda ham davom etgan.

NATOga ko‘ra, afg‘on kuchlariga havodan yordamlar yetkazilmoqda.

Afg‘oniston josuslik xizmati rasmiylarining BBCga bildirishicha, hujum hokimiyat idorasi hamda xavfsizlik shirkatiga qarashli bino yaqinida bomba portlashi bilan boshlangan.

Mahalliy odamlarga ko‘ra, har ikki tomondan ham og‘ir avtomatlar, yelkaga qo‘yib otiladigan raketalar va o‘qotar qurollar ishga solinmoqda.

Shohidlardan biri bozordagi qassob Muhammad Dadu BBCga: "Men do‘konimni yopishimga ham fursat bo‘lmadi. Ikki odamning jasadini, ko‘ylagi qonga belangan to‘rt kishi jarohatlanganini ko‘rdim", deb aytgan.

Afg‘onistondagi jangarilar NATO qo‘shinlari mamlakat ayrim hududlarida xavfsizlik nazoratini mahalliy kuchlarga topshirishni boshlashlari bilan hujumlarini kuchaytirishgan.

Chorshanba kuni notinch Qandahor shahri hokimi xudkush hujumchi tarafidan halok etildi.

Ikki hafta muqaddam Prezident Karzayning ukasi, taniqli siyosatchi Ahmad Vali Karzay xuddi shu shaharda o‘ldirilgandi.