Tojikistonda balog‘atga yetmaganlarning masjidga borishi taqiqlandi

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon "Ota-onaning farzand tarbiyasidagi mas‘uliyati" nomli qonunni imzoladi.

Ammo, islomiy ulamolar va inson huquqlarini himoya etish tashkilotlari tomonidan tanqidga uchragan va turli bahslarga sabab bo‘lgan.

Avvalroq Erondagi Xuroson radiosi orqali gapirgan taniqli tojik ulamosi va sobiq muxolifat rahbari Hoji Akbar To‘rajonzoda prezidenti bu mubohasali qonunni tasdiqlamaslikka chaqirgan.

Uning aytishicha, mazkur qonun fuqarolarning diniy huquqlarini cheklaydi. Qonunda, xususan, 18 yoshga yetmaganlarning masjidda ibodat qilishi taqiqlanadi.

Image caption Hoji Akbar To‘rajonzoda yangi qonun mamlakatdagi radikallashuvni to‘xtatishiga ishonmaydi

"Ularni jamoatda ibodat qilishini man qilish bu katta gunoh. Bu degani u Xudoning qarg‘ishiga qoladi. Al Baqara surasida aytilganidek, Ollohning masjidlarida ibodat qilishni man qilgan odamdan yomonroq zolim yo‘q," deb aytgan u Eron radiosiga.

BBC bilan suhbatda janob To‘rajonzodaning aytishicha, yangi qonun Islomga ochiqcha ziddir.

"Bizning qonunlarimizda balog‘at yoshini 18 deb e‘lon qilgan bo‘lsada, Islomda 12 yoshdan boshlab yigitlar bolig‘ sanaladi va 12 yoshdan boshlab ularga namoz farz bo‘ladi," deydi u.

Ulamoning aytishicha, qonunga binoan oilalarga yangi tug‘ilgan farzandlariga milliy ruhdagi ismlarni qo‘yish ko‘rsatmasi beriladi va bu borada maxsus kitob chop qilinib, mahallalarga tarqatilayapti.

"Bu kitoblar bilan men tanishdim. Bularning ichida aslan musulmoniy otlar yo‘q. Ya‘ni Abdullo, Ahmad, Muhammad, Ismoil, Fotima, Zahro, Abdurahmon, Umar, Abubakir, Usmon, xullas, bu ismlar yo‘q," deydi u.

Tojikiston hukumati mamlakatdagi diniy radikallashuvga qarshi kurashib kelmoqda. Ayniqsa voyaga yetmagan avlodning diniy ta‘limi cheklanmoqda, xususan xorijiy masjidlarda ilm olishi man qilingan.

Biroq, janob To‘rajonzoda yangi qonunning islomiy radikallashuvning oldini olishiga ishonmaydi.

"Bular siyosiy ozodliklarni, diniy ozodliklarni mahdud qilganidan keyin u ishlar paydo bo‘ladi. Masjidlar Xudoning uyidir. Ularga terrorizm va ekstremizm manbalari deya ism qo‘yish bu musulmon uchun juda ham tahqir narsa," deydi u.

"Ota-onaning farzand tarbiyasidagi mas‘uliyati" qonunida, shuningdek, nafaqat masjidda, balki uy sharoitlarida ham balog‘atga yetmaganlarga diniy ta‘lim berish uchun 5 yildan to 12 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.

Dushanbedagi BBC muxbiri Mardon Muhammadning aytishicha, poytaxt Dushanbeda ramazon paytida yoshlarning masjidga borishlarining oldini olish uchun qattiqqo‘l rasmiy choralar ko‘rilmoqda.

Unga ko‘ra, farzandining masjidga borishiga ruxsat bergan ota-onalarga jinoiy ish bilan tahdid qilinmoqda.