Turkmaniston: Markaziy Bankning uch nufuzli mulozimi uzoq yilga qamaldi

Image caption Prezident Berdimuhammedov korruptsiyaga qarshi kurashayotganliklarini aytmoqda

Turkmanistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, mamlakat Markaziy Bankining uch nafar nufuzli mulozimi ochiq mahkama jarayonida korruptsiyada aylanib, 15 yillik qamoq jazosiga hukm etilishgan.

Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov bu - korruptsiya hollarining oldini olish yo‘lida qilingan yana bir amal ekanini aytgan.

Reuters axborot agentligi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, bir guruh mulozimlar uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etiluvchi marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozov davridagiga o‘xshash ilk ochiq mahkama davlat televideniyesi orqali olib ko‘rsatilgan.

Janob Niyozov korruptsiyaga qarshi qanday kurashayotganini ko‘rsatish uchun o‘z rahbarlik faoliyati davrida yuqori martabali mulozimlar ustidan oshkora mahkama jarayonlarini muntazam ravishda o‘tkazib kelgan.

"Men mas‘uliyatli lavozimda edim. Ammo undan noqonuniy yo‘llar bilan boyish yo‘lida foydalandim. Biznesmenlardan turli yo‘llar bilan 3.6 million AQSh dollari miqdorida pora oldim", deb aytgan mahkama jarayonida Turkmaniston Markaziy Bankining Xalqaro amaliyotlar bo‘yicha bo‘limi sobiq rahbari Byashim Begjanov.

Janob Begjanov, "Qilgan ishidan pushaymon ekani"ni aytishni ham unutmagan.

Uchovlon bilan birga yana 7 nafar sudlanuvchi ham uzoq yilga hukm etilishgan. Ammo mahkama jarayonida ularning lavozimlari ochiqlanmagan.

Televideniye orqali ayblanuvchilardan musodara etilgan zargarlik buyumlari, valyutalar va ularning hashamatli uy-joylari ham namoyish etilgan.

Shu oy boshida prezident Berdimuhammedov Markaziy Bank rahbari Guvanch Geoklenovni, "bank tizimi faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani"ni aytib, ishdan bo‘shatgan va uning o‘rniga mamlakat Bosh vaziri muovini Tuvakmammed Japarovni tayinlagandi.

Marhum Turkmanboshi davrida Markaziy Bankning to‘rt rahbari qamoqqa tashlangan va beshinchisi ta‘qiblardan qochib, Turkmanistonni tark etgandi.

O‘limidan sal avval esa, Saparmurot Niyozov Markaziy Bankning yana bir rahbarini ishdan bo‘shatib, unga o‘qituvchi bo‘lib ishlashni buyurgandi.

Asl kasbi dentist bo‘lgan 54 yoshli Gurbanguli Berdimuhammedov janob Niyozovning kutilmagan o‘limi ortidan 2007 yilning fevral oyida qudratga kelgandi.

Hokimiyatga kelarkan, janob Berdimuhammedov marhum Turkmanboshining siyosatini davom etdirishga va‘da bergandi.

Ammo vaqt o‘tib, muayyan iqtisodiy islohotlarga qo‘l urib, G‘arb bilan aloqalarini mustahkamlashga intilib kelmoqda.