Shinjon Uyg‘uristonida zilzila yuz berdi, o‘nlab yaralanganlar bor

Image caption Kuchli yer silkinishi mahalliy vaqt bilan kecha shom vaqti kuzatilgan

Xitoy davlat axborot agentligi berayotgan xabarlarga ko‘ra, mamlakatning g‘arbiy Shinjon-Uyg‘ur avtonom mintaqasida yuz bergan kuchli yer silkinishida 26 kishi tan jarohati olgan. O‘nlab uylar vayron bo‘lgan.

"Sinxua" axborot agentligi jarohatlanganlardan uch nafarining ahvoli nihoyatda og‘ir ekanini aytmoqda.

Xitoy davlat televideniyesi orqali zilzila oqibatida vayron etilgan uylar va tunni ochiq havoda o‘tkazgan jabrdiydalar olib ko‘rsatilgan.

Mas‘ullarga ko‘ra, 5.8 ballik yer silkinishi kecha payshanba kuni kechqurun soat 6 lardan o‘tib yuz bergan.

Ular, o‘z o‘rnida, qurbonlarga oid ma‘lumotlar yo‘qligini aytishmoqda.

Zilzila markazi Atuks shahri, Qirg‘izistonning Qizilsu muxtor bo‘lgasi va Qoshg‘ar shahrining Tszyashi uyezdi orasidagi chegaradosh hududga to‘g‘ri kelgan hamda yer sathidan 8 chaqirim chuqurlikda kuzatilgan.

AQSh Geologik Xizmati esa, Xitoy g‘arbida yuz bergan zilzila kuchini 5.2 ball, deb baholamoqda.

Xitoyda bundan avval qaqshatqich yer silkinishi 2008 yilda yuz bergandi.

G‘arbiy Sichuan viloyatida kuzatilgan qariyb 8 ballik zilzila qariyb 90.000 kishining o‘limi yoki bedarak ketishlari bilan yakunlangandi.

Shu yil iyul oyi oxirlarida Farg‘ona vodiysida yuz bergan qaqshatqich yer silkinishi esa, 13 kishining umriga zomin bo‘lgandi. O‘nlab uy-joylar vayron bo‘lgandi.

Zilzilaning epitsentri Qirg‘izistonning Botken tumanida bo‘lib, O‘zbekiston chegarasiga yaqin hududda, 10 chaqirim chuqurlikda bo‘lgani aytilgandi.

May oyida esa, Qozog‘istonning janubiy Olma ota shahrida bir kecha kunduzda 10 marotaba yer qimirlashi kuzatilgandi.

So‘nggi yer silkinishi ortidan Toshkent Zilzilashunoslik instituti mutaxassisi Ulfat Nurmatov janubiy Farg‘ona vodiysi zilzilalar tez-tez yuz beruvchi mintaqa ekanini aytgandi.

"Bu tektonik zilzila. U hudud seysmiklaridan sanaladi, u yerda anchadan beri kuchli zilzilalar bo‘lgan. U joy Janubiy Farg‘ona seysmik zonasi deb ataladi. U yerdagi zilzilalarning hammasi bir-biriga o‘xshash, shuning uchun, kutilmagan narsa bo‘lgani yo‘q", degandi u.

Janob Nurmatovning aytishicha, yer silkinishining tsikl muddatiga qaralsa, aynan bu hududda yer silkinishi xavfi yaqinlashib qolgan.

O‘zbekistonlik mutaxassis bu kabi zilzila ortidan yana boshqalari yuz berishi mumkinligini ham taxmin qilgandi.