Xalqaro tashkilot Qirg‘iz hukumatidan Bozorqo‘rg‘ondagi qiynoq da‘volarini o‘rganishni talab qildi

Image caption Qirg‘iz militsiyasining ta‘magirlik maqsadida qiynoq qo‘llashi hollari ko‘p bora qayd etilgan

Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro Human Rights Watch tashkiloti Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Bozorqo‘rg‘on tumanida 41 yoshli Usmonjon Xolmirzayevning o‘limiga militsiya xodimlarining qattiq qiynoqlari sabab bo‘lgani da‘volarini puxta tekshirishga chaqirgan.

"Qirg‘iziston rasmiylari qiynoq ayblovlari bo‘yicha zudlik bilan samarali va to‘laqonli tergovni ta‘minlashlari hamda uning oilasiga tovon puli to‘lashi kerak", deyiladi Human Rights Watch tashkiloti bayonotida.

Xalqaro tashkilot militsionerlarning Usmonjon Xolmirzayevni qamoqxonadan qo‘yib yuborish evaziga 6000 AQSh dollari miqdorida pul talab qilganini ma‘lum qilgan.

bu yerga bosing Qirg‘iz militsiyasi urib o‘ldirgan asli o‘zbek Rossiya fuqarosi ishi bo‘yicha tergov ochilgan

"Xolmirzayevning politsiya hisbxonasida qiynoqqa solingani va shuning oqibatida vafot etgani Qirg‘iziston huquq-tartibot organlarida korruptsiya va jazosiz qolish naqadar keng tarqalganining odamni o‘rtantiradigan misoldir. Qirg‘iz rasmiylari politsiyani qiynoqlar, ta‘magirlik va boshqa ayanchli amaliyotlardan to‘xtatishi uchun yana kimningdir hayotdan ko‘z yumishini kutishimiz kerakmi?" deb aytgan Human Rights Watch tashkilotining Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyuj Uilyamson.

Rossiya fuqaroligiga ega 41 yoshli Usmonjon Xolmirzayevni 7 avgust kuni soat 4 larda fuqaro kiyimidagi uch kishi olib ketganlar, bunda hibsga olish haqidagi order uning o‘ziga yoki qarindoshlariga ko‘rsatilmagan.

"Politsiya uning qo‘yib yuborilishi evaziga pul talab qilib, Xolmirzayevni bir necha soat mobaynida qiynoqqa solgan. Uning rafiqasiga aytishicha, politsiya idorasiga yetib borishlari bilan unga protivogaz kiygizib, mushtlay boshlaganlar. Yiqilib tushganidan keyin operativ xodimlar Xolmirzayev ko‘kragi ustida tizzalari bilan ikki-uch marta irg‘iganlar. Xolmirzayev shundan keyin hushini yo‘qotganini aytgan", deyiladi Human Rights Watch tarqatgan bayonotda.

"U o‘z hushiga kelganida, agar to‘lamasa politsiya unga 2010 yil iyun zo‘ravonliklari hujumlariga aloqadorlik ayblovlarini bo‘yniga qo‘yish bilan tahdid qilgan. Nihoyat ular 680 AQSh dollariga kelishganlar, oilasi bu pulni olib kelganidan keyin soat 8 larda u qo‘yib yuborilgan. Agar ushbu hodisa haqida birovga gapiradigan bo‘lishsa, oilasiga jabr bo‘lishi haqida politsiya ogohlantirgan".

"U uyiga qaytganida zo‘rg‘a yurgan, keyingi kun uning ahvoli og‘irlashgan. U mahalliy shifoxonaga yotqizilgan, 9 avgust kuni ertalab u hayotdan ko‘z yumgan. U o‘zining jarohatlari haqida shifokorlarga aytishga tortingan, biroq o‘limi olidan xotiniga "meni o‘ladigan qilib urishdi", deb aytgan".

"Xolmirzayevning ishi Qirg‘iziston janubida politsiya etnik O‘zbeklardan 2000 AQSh dollari yoki undan ko‘p pulni undirishni talab qilgan, agar to‘lamasa, bo‘yniga ayb qo‘yish, xususan, 2010 yil zo‘ravonliklariga aloqadorlik ayblovlarini qo‘yish bilan po‘pisa qilgan Human Rights Watch hujjatlashtirgan yettita ishning biri bo‘ldi. Human Rights Watch ana shunaqa to‘rt holatni iyul oyining bir haftasida faqat O‘shning bir ko‘chasida ro‘yxatlashtirgan", deyiladi xalqaro tashkilot bayonotida.

Usmonjon Xolmirzayevning o‘limi oldidan rafiqasiga aytishicha, Bozorqo‘rg‘on militsiyasi xodimlari agar talab qilgan pullarini bermasa, 2010 yil "Sanpa" zavodi yaqinidagi hujumda qatnashgan degan ayb qo‘yish bilan tahdid qilganlar.

Usmonjon Xolmirzayev hayotdan ko‘z yumganidan keyin xotini ko‘mak so‘rab, O‘sh shahridagi Rossiya konsulligiga murojaat qilgan.

Uning jasadini tekshirish jarayonida Rossiya konsulligi xodimlari va xalqaro tashkilotlarning vakillari qatnashganlar.

Autopsiya tekshiruvi natijalari bir oydan keyin tayyor bo‘ladi, biroq jasadni tekshirish jarayonida hozir bo‘lgan rafiqasi va himoyachisining aytishicha, mutaxassis o‘zining ilk og‘zaki xulosasiga kelgan.

"Ekspertning ayoli va himoyachisiga aytishicha, Xolmirzayevning qovurg‘asi singan va suyaklaridan biri yorilgan, u ichki qon oqishi oqibatida vafot etgan", deyiladi Human Rights Watch xabarida.

Shu kuni Rossiya konsulligi Jalolobod viloyati prokuraturasiga jinoiy ish ochishni so‘rab maktub yozgan.

Jalolobod viloyat prokuraturasi shaxsning salomatligiga o‘lim holatigacha olib oradigan darajada zarar yetkazish, o‘z vakolatini suiste‘mol qilish va qiynoq bandlari bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

"Human Rights Watch qasd olish maqsadida tahdidga solinishi mumkin bo‘lgan Xolmirzayevning oilasi taqdiridan xavotirda. Oila himoyachisining aytishicha, Bozorqo‘rg‘ondagi Xolmirzayevni hibsga olgan va qiynoqqa solgani da‘vo etilgan uch xodim na so‘roqqa tutilgan, na 11 avgustgacha ishlaridan chetlatilgan", deydi xalqaro tashkilot.

"Qiynoqlar Qirg‘izistonda keng tarqalgan muammo, biroq Xolmirzayevning o‘limi 2010 yildagi millatlararo zo‘ravonliklar ortidan ayniqsa, etnik O‘zbeklarning o‘zboshimcha hibslar, qiynoqlar va politsiya ta‘magirligi qarshisida qanchalar ojiz bo‘lib qolganini namoyon etadi. Xolmirzayevning o‘limi Qirg‘iz rasmiylarining qonun ustuvorligini ta‘minlash va janubda inson huquqlari poymol etilishi jazosiz qolishiga qarshi kurash boshlashlari uchun tutrtki bo‘lib xizmat qilmog‘i kerak", deb aytgan Human Rights Watchning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xyuj Uilyamson.