Qozog‘iston hududida o‘ta qadimiy ulkan 'qush' qoldiqlari topilgan

Image caption Qadimiy qushning Qozog‘istondan topilgan jag‘ suyagi olimlarga ularning dinozavrlar bilan birga yashashganiga oid xulosalarini isbotlovchi yana bir dalil bo‘lgan

Qozog‘iston hududidan topilgan yirik jag‘ suyagi qadimiy va tanasi nihoyatda ulkan qushlarning dinozavrlar bilan bir paytda yashaganliklarini yana bir bor isbotlagan.

Ammo qushlarning osmonda parvoz qilganlarmi yoki yerda yurishgani borasida aniq bir to‘xtamga kelinganicha yo‘q.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, Osiyo qit‘asida hozirga qadar bu kabi topildiq topilmagan.

Olimlarning yangi topildiqlari haqidagi ma‘lumot Biology Letters jurnalida chop etilgan.

Maqolada yozilishicha, Samrukia nessovi bosh suyagining uzunligi 30 santimetrdan iborat bo‘lgan.

Olimlarning taxminlariga ko‘ra, agar bu qadimiy qush osmonda uchmagan bo‘lsa, tanasining hajmi 2-3 metrni tashkil etgan.

Agar parvoz qilgan bo‘lsa, u holda qanotlari 4 metrga yetgan.

Qadimiy qushning olimlar tomonidan topilgan jag‘ suyagi bo‘r davriga tegishlidir.

Bu kabi qushlarning bo‘r davrida yashaganliklariga oid yagona dalil esa, Frantsiyada topilgan.

Bu haqdagi xabar 1995 yilda Nature jurnalida e‘lon qilingan.

Bo‘r davrida yashagan aksariyat qushlarning kattaligi esa, hozirgi qarg‘aning hajmidan deyarli farq qilmagan.

Ammo Portsmuts universiteti professori Daren Naishning urg‘ulashicha, Qozog‘istondan topilgan qoldiqlar tanasi bu qadar yirik bo‘lgan qushlarning bo‘r davrida yashashganini isbotlagan.

Dinozavrlar yolg‘iz bo‘lishmagan

Professor Naish janoblariga ko‘ra, faqat jag‘ suyagi topilgani bois qadimiy qushning kattaligi aniq qancha ekanini aytishga imkonsizlar.

"Agar bu kabi qushlar ucholmagan va tuyaqushga o‘xshagan bo‘lishsa, tanasining uzunligi 2-3 metr, og‘irligi esa, 50 kilocha bo‘lgan. Agar osmonda parvoz qilgan bo‘lishsa, kattaligi hozirgi kondor(Janubiy Amerikada yashovchi yirik o‘limtikxo‘r yirtqich qush) kabi bo‘lgan", deydi professor Naish.

Biroq, eng ahamiyatlisi shundaki, yangi topildiq sabab olimlar o‘sha davrlarda dinozavrlar bilan yonma-yon bu kabi ulkan qushlar ham yashashganini bilib olishgan.

"Bu esa, ularning qanday qilib hamohang hayot kechirganliklariga oid ko‘plab savollarni o‘rtaga chiqardi. Ammo hozircha biz ularga javob berishga ojizmiz", deydi janob Naish.

Professorga ko‘ra, agar odamlar pterozavrlar yashagan paytda ulkan qushlarning qorasi ham bo‘lmagan deb yurgan bo‘lishsa, Qozog‘istondagi topildiq ularning yanglish fikrda bo‘lganliklarini ko‘rsatgan.