Issiqko‘lda Qozog‘iston fuqarosi o‘ldirib ketilgan

Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatida kaltaklanib ketilgan Qozog‘iston fuqarosi hushiga kelmay Bishkek shifoxonasida vafot etgan.

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi fuqarosi o‘limi yuzasidan hozircha biror bayonot bermasligini bildirdi.

Tashqi ishlar vazirligi vakilining Bi-bi-siga aytishicha, ayni ish yuzasidan Qirg‘izistonda tergov surishtiruv ishlari ketayotgani bois vazirlik sukut saqlashni afzal ko‘rayotir.

Bishkekdagi elchixonada Qirg‘izistonga qozog‘istonlik fuqarolarni sayohat qilishdan qaytaruvchi tavsiya berish yoki bermaslik ustidan muhokamalar bo‘layotgani ma‘lum qilingan.

31 yoshli Yerlan Balmaxayevning o‘limi Qozog‘istondagi internet saytlarida katta shov- shuvga sabab bo‘lgan. 8 avgust kuni yarim tunda noma‘lum shaxslar tomonidan kaltaklanib va tunab ketilgan Yerlan mahalliy shifoxonaga miya chanog‘iga shikast yetishi oqibatida yotqizilgandi.

Internet foydalanuvchilari Balmaxayevning o‘limi yuzasidan ham Qirg‘iziston hukumati va ham oddiy qirg‘izistonliklarga o‘z noroziliklarini bildirishgan.

Yozib qoldirilayotgan munosabatlarning eng yumshog‘i bu Issiqko‘lga dam olishga bormaslik va Qirg‘iziston iqtisodiga kapital qo‘shmaslik bo‘lmoqda.

Yerlan Balmaxayevning kaltaklanishiga shaxsan Qirg‘iziston prezidenti Ro‘za O‘tinbayeva munosabat bildirgan va tvitter orqali bezorilarni zudlik bilan topish uchun ichki ishlar vaziriga topshiriq berganini bildirgandi.

Nisbatan arzon va yaqin bo‘lgan Issiqko‘l qozog‘istonliklar uchun qulay dam olish maskani hisoblanadi.

Ammo, u yerda ro‘y bergan ketma-ket inqiloblar va tartibsizlik qozog‘istonliklar xavotirga solgan.

Shu yilning o‘zida dam olish pansionatlarida kaltaklangan va tunab ketilgan holatlar bo‘yicha matbuotga bir necha xabarlar chiqqan.

Qirg‘iziston rahbariyati mamlakat byudjetiga katta mablag‘ keltiruvchi ushbu mintaqada tartibni saqlash borasida har yili turli bayonotlar beradi.

Ushbu dam olish mavsumida avvalroq Prezident O‘tinbayevaning o‘g‘li qozoq-qirg‘iz chegarasiga kelib sayyohlarga to‘la 15 avtobusni kutib olgan va ularning xavfsizligi uchun haftaning besh kunini sayyohlar bilan birga o‘tkazishini ma‘lum qilgandi.