Xalqaro tashkilot jurnalist Shohruh Soipovni kaltaklaganlarni jazolashni talab qildi

Image caption Shohruh Soipov o‘zining web-sahifasini nashr etgan

Qarorgohi New-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni Himoya qilish qo‘mitasi Qirg‘izistonning O‘sh shahrida jurnalist Shohruh Soipovning kaltaklanishi yuzasidan puxta tergov o‘tkazish hamda jinoyatchilarni jazolashga chaqirgan.

Jurnalistlarni Himoya qilish qo‘mitasi bu borada maxsus bayonot e‘lon qilgan, unda noma‘lum shaxslar qirg‘izistonlik o‘zbek jurnalisti Shohruh Soipovni 10 avgust kuni kaltaklaganlari natijasida jurnalistning burni va bir necha tishi singani xabar qilingan.

Jurnalistlarni Himoya qilish xalqaro qo‘mitasi Qirg‘iziston hukumatini matbuotga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarni jazosiz qolishiga chek qo‘yishga chaqirgan.

"Akasi, taniqli jurnalistning 2007 yilda o‘ldirilgani yuzasidan Qirg‘iz rasmiylari ko‘ngildagidek tergov o‘tkazolmaganlaridan keyin Soipov Uzpress web-saytining muharriri va noshiriga aylandi. Soipovning web-sayti Qirg‘iziston janubidagi etnik o‘zbeklarning kundalik hayotini yoritishga ixtisoslashgan, bu 2010 yil iyunida kamida 470 inson, aksari etnik o‘zbeklar halok bo‘lgan millatlararo to‘qnashuvlar to‘lqini deb ko‘rilgan", deyiladi xalqaro tashkilot bayonotida.

Qirg‘izistonlik taniqli o‘zbek jurnalisti marhum Alisher Soipovning ukasi Shohruh 10 avgust kuni kechki soat 18 larda O‘sh shahri aeroportida noma‘lum shaxslar tomonidan kaltaklangan va shifoxonaga yotqizilgan.

Shifokorlar miya chayqalishi tashxisini qo‘yganlar.

Qirg‘iziston huquq-tartibot organlari ushbu hodisa yuzasidan jinoiy ish ochilgani va tergov olib borilayotgani haqida ma‘lum qilganlar.

O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shohruh Soipovning kaltaklanishi uning professional faoliyati bilan bog‘liq emas, deb aytgan.