Xo‘jand shahrida BBC muxbiri O‘rinboy Usmon ustidan mahkama boshlandi

Image caption Xalqaro tashkilotlar O‘rinboy Usmonning hisbga olinishini nozik siyosiy va diniy masalalar borasidagi xabarlarni tsenzura qilish harakati sifatida qoralaganlar

Xo‘jand shahridagi muvaqqat hibsxonada Tojikiston rasmiylari mamlakatda taqiqlangan "Hizbut-Tahrir" firqasiga aloqadorlikda ayblagan BBC muxbiri O‘rinboy Usmon ustidan mahkama boshlangan.

Mahkama jarayonini Sug‘d viloyati mahkamasi binosida boshlanishi kutilgan edi.

Biroq ushbu jarayonga xalqaro miqyosda e‘tibor katta bo‘lmoqda, Xo‘jand shahriga ko‘p sondagi jurnalistlar, xalqaro tashkilotlarning vakillari yetib borganlar, ular mahkamani kuzatish uchun ruxsat so‘raganlar.

Ishtirokchilar ko‘pligini inobatga olib, Sug‘d viloyati mahkamasi hakami ishni Xo‘jand shahridagi muvaqqat hibsxonasida o‘tkazishga qaror qilgan.

BBC muxbiri O‘riniboy Usmon iyun oyida hibsga olingan va bir oy mobaynida hibsda saqlangan edi.

59 yoshli O‘rinboy Usmon o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni mutlaqo rad etgan.

BBC o‘z muxbirining "Hizbut-Tahrir"ga aloqador ekanligi haqidagi da‘volarni mutlaqo asossiz ekanligini doimo bildirib kelgan.

Janob Usmonovning turli fikr va mavqedagi insonlar bilan uchrashuvlari va suhbatlari BBC jurnalistlari yuritadigan kasbiy faoliyatining tarkibiy qismi bo‘lgan xolos.

Janob Usmonov BBC Markaziy Osiyo xizmatida 10 yildan beri ishlab kelgan.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlarida faol bo‘lgan "Hizbut-Tahrir" firqasi a‘zolari bilan ular faoliyati haqida xabar berish uchungina uchrashgan.

Qator xalqaro inson huquqlari va matbuot erkinligi tashkilotlari O‘rinboy Usmonning hisbga olinishini nozik siyosiy va diniy masalalar borasidagi xabarlarni tsenzura qilish harakati sifatida qoralaganlar.