CPJ: "BBC muxbiri O‘rinboy Usmonov oqlansin!"

Jurnalistlarni Himoya qilish xalqaro qo‘mitasi tojikistonlik prokurorlarni BBC muxbiri O‘rinboy Usmonovga qarshi to‘qima ayblarni olib tashlab, uni oqlashga da‘vat etgan.

Jurnalist O‘rinboy Usmonov ustidan mahkama jarayoni shu hafta dushanba kuni Tojikistonning shimoliy Xo‘jand shahrida boshlangan va bugun payshanba kuni davom etmoqda.

Mahkama jarayoniga Xo‘jand viloyat mahkamasi hakami Shodixon Nazarov boshchilik qilayotir.

59 yoshli O‘rinboy Usmonov Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Huzbut Tahrir" islomiy firqasiga aloqadorlikda ayblanadi.

Ammo BBC muxbiri o‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni inkor etib keladi.

U ishlagan korporatsiya ham o‘z muxbirining ushbu guruhga aloqador ekaniga oid da‘volarning asossiz ekanini ta‘kidlaydi.

Jurnalist himoyachisi Fayziniso Vohidovaning xalqaro qo‘mitaga bildirishicha, aybdor, deb topilgan taqdirda, O‘rinboy Usmonov 5 yillik qamoq jazosiga yuz tutishi mumkin.

"O‘rinboy Usmonovga qo‘yilayotgan ayblovlar mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Jurnalistika muxbirlarning hukumatga muxolif bo‘lganlari doxil barcha guruhlar bilan muloqotda bo‘lishlarini taqozo etadi", deb aytgan qo‘mita rahbari Robert Mahoney.

BBC muxbiri shu yilning iyun oyida Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan "Hizbut-Tahrir"ga aloqadorlik va mamlakatdagi konstitutsion tuzumni ag‘darishga da‘vat etish ayblari bilan hibsga olingandi.

Ammo tergov jarayonida jurnalistga qo‘yilgan mazkur ayblar o‘z isbotini topmagach, tergovchilar uni "Hizbut Tahrir" guruhining faoliyati haqida lozim idoralarga xabar bermaslikda ayblashadi.

Xalqaro miqyosda uyushtirilgan ko‘plab norozilik chiqishlari ortidan, tojikistonlik mas‘ullar O‘rinboy Usmonovni shartli ravishda ozodlikka chiqarishga majbur bo‘lishadi.

Shundan so‘ng jurnalistga qo‘yilgan ayblov o‘zgarmagan va dushanba kuni boshlangan ilk mahkama jarayonida BBC muxbiri o‘zining aybsiz ekanini yana bir bor urg‘ulagan.

O‘rinboy Usmonov BBC Markaziy Osiyo xizmatida 10 yildan beri ishlab kelgan.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlarida faol bo‘lgan "Hizbut-Tahrir" firqasi a‘zolari bilan ular faoliyati haqida xabar berish uchungina uchrashgan.

Jurnalist himoyachisining aytishicha, mijozi bilan birga "Hizbut Tahrir"ga aloqadorlikda ayblanib, mahkamaga tortilayotgan to‘rt sudlanuvchidan biri ham mahkama jarayonida O‘rinboy Usmonov bilan faqat jurnalist sifatida uchrashganini aytgan.