BBC Jahon Xizmati O‘rinboy Usmonovning qiynoqqa tutilganidan xavotirda

Shu hafta Tojikistonning shimoliy Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan mahkama jarayoni chog‘ida qiynoqqa solinganiga oid tafsilotlar ayon bo‘lishi ortidan, Bi-bi-si Jahon Xizmati o‘z muxbiri O‘rinboy Usmonovga ko‘rsatilgan munosabatdan xavotirda ekanini bildirgan.

Korporatsiya o‘z xavotirlarini bugun e‘lon qilgan maxsus bayonotida izhor etgan.

Mahkama jarayonida himoyachisining savollariga javob berarkan, janob Usmonov o‘zining hibsda ekani chog‘ida qiynoqqa tutilganini aytib bergan.

Jurnalistga ko‘ra, u kaltaklangan va xavfsizlik zobitlari tomonidan qo‘llariga sigaret cho‘g‘i bosilgan.

O‘rinboy Usmonov shu yilning 13 iyun kuni hibsga olingandi.

BBC Jahon Xizmati so‘nggi bayonotida muxbirining o‘ziga chetdan o‘qtirilgan iqrornomaga imzo chekishga majbur qilinganini ham aytadi.

BBC janob Usmonovning qiynoqqa solinganini qoralab, tojikistonlik mas‘ullardan ushbu hodisani tekshirishni ham so‘raydi.

BBC O‘rinboy Usmonovning gunohsiz ekani va unga qarshi ilgari surilayotgan ayblovlar mutlaqo asossiz ekanini izchil ravishda ta‘kidlab keladi.

Tashkilotga ko‘ra, turli qarashlarni namoyon etuvchi kishilar bilan uchrashish va suhbatlashish har qanday BBC muxbiri faoliyatining bir qismidir.

BBC Jahon Xizmati hurmatga loyiq jurnalist va yozuvchiligini davom ettira olishi uchun Tojikiston rasmiylaridan O‘rinboy Usmonovga qo‘yilgan barcha ayblovlarni olib tashlashni so‘raydi.

Payshanba kuni mahkama jarayoni

Payshanba kuni Tojikistonning shimoliy Xo‘jand shahri vaqtinchalik tergov izolyatorida BBC muxbiri O‘rinboy Usmonov ustidan mahkama jarayoni davom etgan.

Jurnalist O‘rinboy Usmonov ustidan mahkama jarayoni shu hafta dushanba kuni boshlangandi.

Payshanba kungi mahkama jarayonida guvohlarning chiqishlari tinglangan.

Jumladan, jurnalist O‘rinboy Usmonovning ofisidagi kompьyuterdagi fayllarni tekshirgan va "Hizbut Tahrir"ga oid material topganligi aytilgan mutaxassis ham chiqish qilgan.

Mahkama jarayonida jurnalist himoyachisi, qoralovchi va hakam mutaxassisdan guvohdan ushbu fayl haqida so‘rashgan.

Himoyachi esa, bu kabi fayllarni asrash jinoyat emasligi va mijozi jurnalist sifatida islomiylari doxil turli manbalardan olingan ma‘lumotlarni asrashga haqli ekanini bildirgan.

Fayziniso Vohidova, yana shuningdek, guvohning mutaxassis bo‘lmagani va shu sababdan ham, uni bugungi mahkama jarayoniga chaqirishning hojati bo‘lmaganini aytgan.

Bugungi mahkama ishini kuzatgan muxbirimiz Abdujalil Abdurasulovga ko‘ra, O‘rinboy Usmonovga ham guvohga savol berish imkoniyati berilgan.

Janob Usmonov ko‘rinmovchi fayl, deb ataluvchi narsalarni umuman bilmasligi, tilga olinayotgan material elektron pochtasi orqali kelgani va uni o‘chirib yuborgan bo‘lganini aytgan.

Muxbirimizga ko‘ra, mahkama jarayonida aksariyat savollarni qoralovchi emas, hakam bergan.

Hakam ko‘proq bir "Hizbut Tahrir" a‘zosining O‘rinboy Usmonovning ishxonasiga ekstremistik ruhdagi adabiyotlarni olib kelgani fakti haqida so‘radi, deydi u.

Sudьyaning aytishicha, jurnalist bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar berishi shart bo‘lgan.

Ammo O‘rinboy Usmonovning himoyachisi so‘z faqat og‘ir jinoyatlar haqida ketgandagina, bu narsa lozim ekanini bildirgan.

Jurnalistning o‘zi esa, bu - xavfsizlik xodimlari tomonidan qo‘yilgan to‘zoq, degan xavotirda bunday yo‘l tutmaganini aytib, javob bergan.

Muxbirimizga ko‘ra, O‘rinboy Usmon bugungi mahkama jarayonida dadil ko‘ringan, savol-javoblar vaqtida ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan.

"Ammo O‘rinboy akaning xavotirda ekani ko‘rinib turardi, keyin yana boshi og‘riyotganidan ham shikoyat qildi", deydi u.

Mahkama jarayoniga So‘g‘d viloyat mahkamasi hakami Shodixon Nazarov boshchilik qilgan.

Keyingi mahkama jarayonining kelasi hafta seshanba kuni davom etishi bildirilgan.

"O‘rinboy Usmonov oqlansin!"

Jurnalistlarni Himoya qilish xalqaro qo‘mitasi tojikistonlik prokurorlarni BBC muxbiri O‘rinboy Usmonovga qarshi to‘qima ayblarni olib tashlab, uni oqlashga da‘vat etgan.

59 yoshli O‘rinboy Usmonov Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Huzbut Tahrir" islomiy firqasiga aloqadorlikda ayblanadi.

Ammo BBC muxbiri o‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni inkor etib keladi.

U ishlagan korporatsiya ham o‘z muxbirining ushbu guruhga aloqador ekaniga oid da‘volarning asossiz ekanini ta‘kidlaydi.

Jurnalist himoyachisi Fayziniso Vohidovaning xalqaro qo‘mitaga bildirishicha, aybdor, deb topilgan taqdirda, O‘rinboy Usmonov 5 yillik qamoq jazosiga yuz tutishi mumkin.

"O‘rinboy Usmonovga qo‘yilayotgan ayblovlar mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Jurnalistika muxbirlarning hukumatga muxolif bo‘lganlari doxil barcha guruhlar bilan muloqotda bo‘lishlarini taqozo etadi", deb aytgan qo‘mita rahbari Robert Mahoney.

BBC muxbiri shu yilning iyun oyida Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan "Hizbut-Tahrir"ga aloqadorlik va mamlakatdagi konstitutsion tuzumni ag‘darishga da‘vat etish ayblari bilan hibsga olingandi.

Ammo tergov jarayonida jurnalistga qo‘yilgan mazkur ayblar o‘z isbotini topmagach, tergovchilar uni "Hizbut Tahrir" guruhining faoliyati haqida lozim idoralarga xabar bermaslikda ayblashadi.

Xalqaro miqyosda uyushtirilgan ko‘plab norozilik chiqishlari ortidan, tojikistonlik mas‘ullar O‘rinboy Usmonovni shartli ravishda ozodlikka chiqarishga majbur bo‘lishadi.

Shundan so‘ng jurnalistga qo‘yilgan ayblov o‘zgarmagan va dushanba kuni boshlangan ilk mahkama jarayonida BBC muxbiri o‘zining aybsiz ekanini yana bir bor urg‘ulagan.

O‘rinboy Usmonov BBC Markaziy Osiyo xizmatida 10 yildan beri ishlab kelgan.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlarida faol bo‘lgan "Hizbut-Tahrir" firqasi a‘zolari bilan ular faoliyati haqida xabar berish uchungina uchrashgan.

Jurnalist himoyachisining aytishicha, mijozi bilan birga "Hizbut Tahrir"ga aloqadorlikda ayblanib, mahkamaga tortilayotgan to‘rt sudlanuvchidan biri ham mahkama jarayonida O‘rinboy Usmonov bilan faqat jurnalist sifatida uchrashganini aytgan.