Xitoyning haydovchilariga viza bermaslik qarori Qozog‘istonga qanchaga tushmoqda?

Xitoy qozog‘istonlik haydovchilarga viza berishni to‘xtatishi oqibatida Qozog‘istonda narx-navolar oshgan va respublika iqtisodi 3 million dollardan ortiq mablag‘ni yo‘qotgan.

Shu yilning 1 iyulidan boshlab Xitoy qozog‘istonlik haydovchilarga viza berishni to‘xtatgan.

Qozog‘istonlik yuk tashuvchilar o‘rtadagi anglashilmovchilikka Qozog‘iston tomonidan xitoylik haydovchilarga nisbatan kiritilgan noqulayliklar sabab ekanligini aytmoqda.

Qozog‘istonlik haydovchilarning Xitoyga kirishi qiyinlashishi ortidan Qozog‘iston bozorlarida avtomobilь ehtiyot qismlari, qurilish materiallari, kundalik mollar, bolalar o‘yinchoqlari va mevalarda yetishmovchiliklar boshlangan.

Buning oqibatida mamlakatda Xitoydan keltiriladigan mollarning narxi ko‘tarilgan.

“O‘rtacha narxlar 15-25 foizga oshdi. Ammo boshqa ma‘lumotlarga ko‘ra, tanqis tovarlarning bahosi bundan ham balandga ko‘tarilgan”, - deydi Qozog‘iston savdo tashkilotlari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Jibek Ajibayeva.

Xitoy tomoni qozog‘istonlik haydovchilarga nima sababdan viza bermayotgani borasida biror izoh bermagan.

Ammo Qozog‘iston xalqaro avtomobilь yuk tashuvchilar ittifoqiga ko‘ra, Xitoyning bunday choraga qo‘l urganiga Qozog‘iston tomonidan xitoylik haydovchilarga nisbatan kiritilgan noqulayliklar sabab bo‘lgan.

2011 yil boshida Qozog‘iston tomonidan kiritilgan yangi chora tadbirlarga muvofiq, xitoylik haydovchilar mashina nomeri va aniq haydovchini ko‘rsatishi kerak.

Yuk tashuvchilarning ta‘kidlashicha, bunday cheklovlar hech qaysi mamlakatda yo‘q.

“Viza bir yilga beriladi, haydovchi yil davomida bir avtomobilga bog‘lanib qoladi deb fikr yuritish noto‘g‘ri, buning uchun avtomobilь sohasida mutaxassis bo‘lish shart emas. Bir firmada bir haydovchining mashinasi ta‘mirda bo‘lsa, soz mashinalar ishsiz turmaydi. Haydovchini bir mashinaga qattiq bog‘lab bo‘lmaydi”, - deydi Qozog‘iston xalqaro avtomobilь yuk tashuvchilar ittifoqi bosh kotibi Teodor Kaplan.

Kaplan janoblarining ilova qilishicha, Tashqi ishlar vazirligi xavfsizlik masalasini o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Ammo shu bilan birga moliyaviy tomon ham muhim masalalardandir.

Yuk tashuvchilar ittifoqiga ko‘ra, har bir tranzit reysi chog‘ida Qozog‘iston byudjetiga 1.000 dollar mablag‘ tushadi, bugungacha 3 mingdan ortiq reys amalga oshmagan va davlat g‘aznasiga 3 million dollar tushmagan.

Yuk tashuvchilar ittifoqi Qozog‘iston tomonidan kiritilgan cheklovlarni bekor qilishni so‘rab, bir necha marotaba murojaat qilgan. Ammo shu vaqtgacha bu borada biror natija bo‘lmadi.

Mutaxassislar Xitoy yuklarini mamlakatga kirib kelishida qozog‘istonliklar ko‘proq manfaatdor ekanligini aytishadi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ayni damda ushbu muammoni yechish ustida ishlayotganini bildirgan.

Xitoy Qozog‘istonning eng yaqin savdo hamkorlaridan hisoblanadi.

2010 yilda bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 20 milliard dollardan oshiqni tashkil qilgan.