OXHT BBC muxbiri hibsxonada qiynoqqa tutilganiga oid xabarlardan xavotirda

Image caption Miyatovich xonim bir necha bor BBC muxbirini ozod etishga chaqirib kelgan

Ovro‘po Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Dunya Miyatovich Tojikistondagi BBC muxbiri O‘rinboy Usmon hibsxonada yuz tutgan munosabatdan xavotirda ekanini bildirgan. Xo‘jandda mahkama ishi davom etayotgan janob Usmon o‘tgan hafta tergov chog‘ida qanday qiynoqlarga tutilganini hakamga gapirib berdi.

Savolga tutilganda, janob Usmon 13 iyunda hibsga olinganida xavfsizlik zobitlari uni qiynoqqa solishgani, hususan do‘pposlab, qo‘llarini sigaret qoldiqlari bilan kuydirishganini aytdi.

U, shuningdek, o‘zi o‘qib turilgan iqrornomani yozib imzo chekishga majburlanganini bildirdi.

Miyatovich xonim bir necha bor BBC muxbirini tez suratlarda ozod etishga chaqirib kelgan.

BBC undan qiynoqlar borasida qalqib chiqqan yangi ma‘lumotga munosabati haqida so‘radi.

Miyatovich: Men bularni eshitib avvalgidan ham chuqurroq xavotirga tushganman. Bu masalada Tojikiston hukumati men kutgandek amal qilmadi. O‘rinboy Usmonov 13 iyunda hibsga olinishi ortidan xavfsizlik zobitlari tomonidan do‘pposlangani va hatto qo‘llariga yonib turgan sigareta bostirilganini mahkamada aytdi. Bu har qanday mamlakat uchun ham o‘ta xavotirli voqea. Men tojik hukumati nafaqat janob Usmonov, balki tutqunlikdagi boshqa insonlarga nisbatan ham bu kabi munosabatni to‘xtatishiga umid qilaman. O‘rinboy Usmonov, shuningdek, majburiy holda iqrornomaga imzo chekkanini aytdi. Bu ham biz ayni mahkama ishida yuz tutayotgan yana bir muammo. Men bu ishni bir necha marta Tojikiston tashqi ishlar vaziri bilan ham, ommaviy chiqishlarimda ham ko‘tardim. So‘ng qandaydir ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutgandim va janob Usmonov uy hibsiga o‘tkazilganidan mamnun bo‘lgandim. Ammo, bu yetarli emas. Men mahkama ishi so‘ngida janob Usmonovga qarshi barcha ayblovlar bekor qilinishi va u ozod etilishiga umid qilayapman.

Image caption O‘rinboy Usmonning qamoqxonada qiynoqqa solingani haqiadgi ma‘lumotlar mahkama jarayonida oshkor bo‘ldi

BBC: Siz bir necha bor tojik hukumati bilan O‘rinboy Usmon ishini ko‘targaningizni aytdingiz. Ular sizga biron nima deyishdimi bu borada?

Miyatovich: Venaga kelgan tojik delegatsiyasi tashqi ishlar vaziri mening maktubimni qabul qilib olganini va uni ko‘rib chiqayotganini ma‘lum qildi. So‘ng esa, men janob Usmonov ozod qilingani va uy hibsiga o‘tkazilganini eshitdim. Lekin, xalqaro tashkilotlardan hech kim u vaqtda janob Usmonov tergovda qiynoqqa tutilganini bilmagandi. Agar aniq bir javob olganmisiz deb so‘ramoqchi bo‘lsangiz, yo‘q, olmaganman. Lekin, tojik delegatsiyasi menga bu ishga jiddiy yondoshilayotganini aytdi. To‘g‘ri, balki bunga ma‘lum muddat kerakdir, lekin tojik hukumati bu ish qancha uzoqqa cho‘zilsa, shuncha ko‘p xalqaro bosim oshishidan xabardor bo‘lishini istardim. Janob Usmonov uzoq yillardan beri ishlab kelgan va ko‘p hurmatga sazovor BBC muxbiridir. Tojik hukumati uni tezda ozod qiladi deb umid qilayapman. Yaqinda Tojikistonga safar qilishni mo‘ljallayapman. U yerda jurnalistlarning hibsga olinishi va xavfsizligi borasidagi ba‘zi qonunlarni o‘zgartirishga, hamda janob Usmonov bilan uchrashib, unga mening tashkilotim qanday yordam berishi mumkinligini muhokama qilmoqchiman.

BBC: Sizningcha, siz tilga olgan xalqaro bosim mazkur ishni jinoiy ishdan ko‘ra siyosiy ishga aylantirib yuborayotgani yo‘qmi? Tojik hukumati esa, aksincha, uni jinoiy ish qilib ko‘rsatmoqchi. Bunday bir ziddiyat manzarasida ilgari siljib bo‘ladimi?

Miyatovich: Albatta, bu qiyin. Mening qo‘limdan keladigan narsa bu muntazam ravishda ochiq muloqotga chaqirishdir. Men nafaqat Tojikistonni, balki tashkilotimizning barcha 56ta a‘zosini jurnalistlarning faoliyatiga bog‘liq ishlar jinoiy ish emas, balki ma‘muriy ish deb ko‘rib chiqishlariga undab kelayapman. Bu kabi mahkama ishlar ko‘p hollarda siyosiylashtiriladi, lekin mening yakuniy maqsadim O‘rinboy Usmonovning ozod etilishi va boshqa jurnalistlar erkinligini ta‘minlashdir, shunday ekan, muloqot qilishda davom etaman.