Qirg‘iziston prezidenti mamlakat qamoqxonalarida o‘zboshimcha qiynoq hollari mavjudligini tan oldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyevaning aytishicha, mamlakat Bosh prokuraturasi 2010 yilda qiynoq hollari yuzasidan qirqqa yaqin jinoiy ish ochgan.

"Qiynoqlar – bizning madaniyatimiz, tamaddunimizning bir qismi va Qirg‘izistondagi hayotning bir ko‘rinishi", deb aytgan qirg‘iz rahbari.

O‘tinboyeva xonimning ushbu so‘zlaridan iqtibosni Qirg‘izistondagi 24.kg nashri keltirgan.

Ayon bo‘lishicha, prezident bu haqda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi va Davlat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi kuzatuvchilar kengashining qo‘shma yig‘ini chog‘ida qilgan chiqishida bayon qilgan.

O‘tinboyeva xonimga ko‘ra, qiynoq hollari yuzasidan ochilayotgan jinoiy ishlarning soni ham ortib bormoqda.

"Bu – kishilarning militsiya xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat etishayotgani va javobgarlar jazolanishiga da‘vat qilishayotganiga dalolat qiladi", deb aytgan Qirg‘iziston prezidenti.

O‘tinbovea xonim mamlakatida jinoyatchi jazolanishini aytarkan, ammo kimnidir qiynab o‘ldirganlar hamon ozodlikda yurganliklarini ham tan olgan.

Qirg‘iz prezidenti bunga misol qilib Rossiya fuqarosi bo‘lgan millati o‘zbek Usmonjon Xolmirzayevning hodisasini misol qilib keltirgan.

Usmonjon Xolmirzayev shu yilning avgust oyida Qirg‘izistonning janubiy-g‘arbiy Jalol-Obod viloyati hibsxonasida qiynoqlardan jon taslim qilgandi.

Qirg‘iziston prezidenti hozir mamlakat matbuoti ham qiynoqlar haqida faol yozishni boshlagani, Qirg‘iziston fuqarolari uchun joriy paytda xavfsizlik "nondan ham aziz" ekaniga qaramay, militsiya bu kabi hollarga diqqat qilishiga ham va‘da bergan.

Vaziyat

"Human Rights Watch" xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkiloti ham qiynoqlar Qirg‘izistonda keng tarqalgan muammo ekani, o‘z o‘rnida, Usmonjon Xolmirzayevning o‘limi 2010 yilgi millatlararo nizolar ortidan, ayniqsa, etnik O‘zbeklarning o‘zboshimcha hibslar, qiynoqlar va politsiya ta‘magirligi qarshisida qanchalar ojiz bo‘lib qolganini namoyon etishini aytgandi.

"Xolmirzayevning o‘limi Qirg‘iz rasmiylarining qonun ustivorligini ta‘minlash va mamlakat janubida inson huquqlari poymol etilishi hollarining jazosiz qolishiga qarshi kurash boshlashlari uchun turtki bo‘lib xizmat qilmog‘i kerak", degandi o‘shanda xalqaro tashkilot.

Qonli milliy to‘qnashuvlar ortidan Qirg‘iziston janubidagi o‘zbek millatiga mansub aholi hanuz militsiya xodimlarining tazyiqlari va ta‘magirliklaridan shikoyat etib kelishadi.

Ammo mahalliy huquqshunoslarning o‘zlari ham jabrdiydalarning bu xususdagi shikoyatlariga deyarli quloq tutilmasligini tan olishadi.

Militsiya xodimlarining qiynoqlari yuzasidan esa, faqat kamdan-kam hollardagina jinoiy ish ochiladi.

Shu yil avgust oyida Qirg‘iziston janubiga qilgan safari chog‘ida ham qirg‘iz rahbari qiynoq hollarining ortib borayotganidan xavotirda ekani, ayniqsa, O‘sh va Bozor-Qo‘rg‘onda vaziyatning yomonlashib borayotganiga to‘xtalib o‘tgandi.

Qirg‘iziston parlamenti esa, shu kunlarda qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, noinsoniy munosabatlarning oldini oluvchi milliy markaz tuzish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda.

Yangi qonun loyihasiga muvofiq, markazning koalitsion kengashi tarkibiga ja‘mi 11 kishi – parlamentdan ikkita, notijoriy tashkilotlardan sakkizta vakil va mamlakat Ombudsmeni kiradi.

Ayon bo‘lishicha, ushbu kengash katta vakolatga ega bo‘ladi - istagan paytda xohlagan hibsxona, qamoqxona, ruhiy xastaliklar kasalxonasi va yo harbiy bo‘linmalarga bora oladi.

Ularning yuklari, shaxsiy yozishmalari, faoliyatiga daxl qilinmaydi. Kengash a‘zolari ish jarayonida aniqlagan hollar yuzasidan hibsga olinmaydi yoki so‘roqqa ham tortilmaydi.

Parlament vakillari shu yo‘l bilan qiynoqlarga butkul barham berib bo‘lmasa ham, ularning sonini kamaytirishga umid qilishmoqda.

Biz Qirg‘iziston janubidagi qiynoq hollarini yaqindan kuzatib borayotgan mahalliy inson huquqlari faoli Ravshan Gapirov bilan bog‘lanib, so‘nggi sa‘y-harakatlar amalda qanchalik ish berishi mumkin, deb so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди