Qirg‘iziston Belarusdan yana Qurmanbek Bakiyevni qaytarib berishni so‘ramoqda

Image caption Sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev namoyishchilarga qarshi o‘t ochishga buyruq berishda ayblangan

Qirg‘iziston hukumati sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning Bishkekka topshirilishini yana bir bor Belarusdan so‘ramoqchi.

Rasmiy Minsk avvalgi ikki so‘rovni rad qilgan.

Qirg‘iz politsiyasi endi janob Bakiyev prezident ma‘muriyati rahbarining o‘ldirilishida ham aybdor deb biladi.

Bishkekda o‘tgan matbuot anjumanida Qirg‘iziston Ichki Ishlar Vaziri muovini Melis Turganbayev ekstraditsiya hujjatlari yaqin orada yuborilishini bildirdi.

Janob Turganbayevning aytishicha, Qurmanbek Bakiyev o‘z ma‘muriyati rahbari Medet Sadirqulovning o‘ldirilishi haqida bilgan.

"Mamlakatdagi to‘rtinchi eng muhim shaxsni o‘ldirishgan va Qurmanbek Bakiyev, albatta, bundan xabardor bo‘lgan," dedi u.

Uning aytishicha, Belarus hokimiyati Bakiyev siyosiy sabablar bilan bosim ostiga olinayotganini aytib, uni ekstraditsiya qilishdan bosh tortgan.

"Lekin, bu safar u jinoyatga aloqadorlikda gumon qilinadi," dedi ichki ishlar vaziri muovini.

Qurmanbek Bakiyev 2010 yil aprelida bo‘lib o‘tgan aksil-hukumat namoyishlar ortidan Qirg‘izistondan qochib, Belarusdan boshpana topgandi.

Ayni damda uning davlat qo‘riqchilari rahbari Janish Bakiyevning qayerda ekani noma‘lumligicha qolmoqda.

"Lekin, biz qo‘shni davlatlardagi hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilayapmiz va uni yaqinda hibsga olamiz," dedi Melis Turganbayev.