Tojikiston shimolida Sho‘ro davri haykallari xiyoboni qad rostlaydi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Tojikistondan olingan xabarlardan ayon bo‘lishicha, shimoliy So‘g‘d viloyati markazi Xo‘jand shahrida mamlakat mustaqilligi yillarida olib tashlangan Sho‘ro davri haykallari bitta xiyobonga yig‘ilib, tomoshaga qo‘yiladi.

"G‘alaba" xiyobonini Sho‘ro davri haykallariga ajratish qaroriga esa, Xo‘jand shahar ma‘muriyati kelgani aytilmoqda.

Allaqachon mazkur xiyobondan Markaziy Osiyodagi eng balandi hisoblangan Lekin haykali o‘rin olgan.

Bundan tashqari, "G‘alaba" xiyoboniga Xo‘jand markazidagi bekatlardan birida qad rostlab turgan Sho‘ro davriga xos ulkan "O‘roq va bolg‘a" ramzining ham ko‘chirilishi rejalanmoqda.

Shahar mas‘ullarining aytishlaricha, keyinchalik Karl Marks, Iosif Stalin, Sergey Kirov va boshqa siyosiy arboblarning Sho‘ro davrida viloyat hududida qad rostlab turgan haykallari ham "G‘alaba" xiyobonidan joy oladi.

Ularga ko‘ra, "bu haykallarning barchasi Tojikiston yaqin tarixining bir qismi hisoblanadi va muayyan odamlar uchun hanuz qadr-qimmatga ega. Va ana shunday insonlarning tomosha qilishlariga imkon berish uchun haykallarni asrab qolishga qaror qilishgan".

Unchalik ham katta bo‘lmagan ushbu xiyobonda o‘z vaqtida baynalmilalchi jangchilarga yodgorlik ham o‘rnatilgandi, deydi Tojikistonda bo‘lgan muxbirimiz Iskandar Firuz.

Muxbirimiz shaxsan o‘zi "G‘alaba" xiyoboniga borib ko‘rgani, hozir u yerda mazkur yodgorlik bilan yonma-yon Sho‘ro davrida haykallari uchun ham tagliklar qurish ishlari borayotganini aytadi.

Hammasi bo‘lib, xiyobonga 15 tachalar haykal ketsa kerak, deydi u.

Muxbirimizning mahalliy aholi bilan suhbatiga tayanib aytishicha, ular ham shahar mas‘ullarining ushbu tashabbusini qo‘llab-quvvatlashgan.

"Chunki Tojikiston mustaqilligini qo‘lga kiritganiga uncha ham ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Ayrim tojikistonliklar Sho‘ro davri ramzlarini hanuz qadrlashadi. Deylik, 1991 yilda bo‘lib o‘tgan referendumda aholining 90 foizi Sho‘rolar Ittifoqini saqlab qolishni yoqlab, ovoz berishgan", deydi u.

Muxbirimizga ko‘ra, odamlar o‘sha davrdagi tinch-osoyishta va yaxshi hayotlarini hanuz qumsashadi.

Sho‘rolar Ittifoqi qulashi ortidan Tojikistonda o‘sha davr dohiylariga qo‘yilgan ko‘plab haykallar olib tashlangan va ushbu jarayon hanuz davom etmoqda.

Deylik, poytaxt Dushanbeda V.I.Leninga qo‘yilgan so‘nggi haykal 2008 yilda olib tashlangan.

Amerikaning Gallup omma fikrini o‘rganish markazi tomonidan yaqinda olib borilgan yangi so‘rovi natijalariga qaralsa, bugun ham sobiq MDH davlatlari orasida Rossiya olib borayotgan siyosatni eng ko‘sh xush ko‘radigani Tojikiston bo‘lib chiqqan.

So‘nggi so‘rov natijalariga muvofiq, Tojikiston aholisining 94 foizi rasmiy Moskvaning siyosatini yoqlashlarini aytishgan.

Lenin, shaksiz, jahonning ko‘plab xalqlari, millionlab insonlar hayotida ta‘sirini qoldirgan tarixiy shaxs, O‘zbekiston ham 70 yil mobaynida u asos solgan Sho‘rolar Ittifoqi tarkibida bo‘lgan.

Bugun O‘zbekistonda Sovet davriga xos hamma narsa qoralanadi, ammo aksar o‘zbekistonliklar Leninning kambag‘allarga erkinlik, adolat berish g‘oyalari hayotda o‘z aksini topgan edi, deb hisoblashadi.

O‘zbekiston ham mustaqillikka erishganidan buyon hukumat Sho‘ro tizimini yodga soladigan barcha madaniy yo adabiy meroslarni yoppasiga tugallashga kirishgan va buni kelgusi avlodni milliy istiqlol g‘oyasi ruhida tarbiyalash zarurati bilan izohlab keladi.

O‘zbeklar rahbariyatning xalq bilan bemasalahat ish tutishiga allaqachon ko‘nikib ketgan yoki umuman bunday o‘zgarishlar haqida o‘ylashdan ko‘ra, o‘zining tirikchiligi haqida qayg‘urishni afzal ko‘radi, deyishadi o‘zbekistonlik ayrim ziyoliylar.