BBC muxbiri O‘rinboy Usmonovga besh yil qamoq jazosi bilan birga avf qo‘llash so‘raldi

Tojikistonning shimoliy Xo‘jand shahrida davom etgan bugungi mahkama jarayonida qoralov tomoni BBC muxbiri O‘rinboy Usmonovga 5 yil qamoq jazosi berish, ammo "Avf to‘g‘risidagi qonun"ni qo‘llab, sud zalidan ozod etishni so‘ragan.

Prokuror, "Tojikistonda faoliyati noqonuniy deb sanalgan diniy firqalardagi ishtiroki va yordamchiligi uchun" O‘rinboy Usmonov shunday jazoga loyiq ekanini aytgan.

O‘z o‘rnida, qoralov tomoni O‘rinboy Usmonov bilan birga mahkamaga tortilayotgan qolgan to‘rt ayblanuvchini 23 yildan 25 yilgacha qamoq jazosiga hukm etishni taklif etgan.

Bugun mahalliy vaqt bilan soat ertalabki 9:00 ga belgilangan, ammo bir soat kechikib boshlangan mahkama jarayonida qoralov va himoya tomonining chiqishlari tinglangan.

Ammo bundan avval hakamning taklifi bilan O‘rinboy Usmonovning 27 iyun kuni himoyachisi huzurida qilingan so‘roq jarayoni tushirilgan disk qo‘yib, ko‘rsatilgan.

Unda BBC muxbiri Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Hizbut Tahrir" diniy tashkilotiga umuman a‘zo emasligi, firqaga hech qanday aloqasi yo‘qligi, ammo ularning faoliyati haqida davlat idoralarini ogoh etmagani - katta xatosi bo‘lgani haqidagi so‘zlari o‘z ifodasini topgan.

Himoya tomoni

Ammo qoralov tomonidan keyin so‘z olgan himoyachi Fayziniso Vohidova ularning o‘z mijoziga nisbatan ilgari surayotgan barcha ayblovlarini birma-bir rad etgan.

O‘rinboy Usmonov himoyachilarining ta‘kidlashlaricha, "Mijozlarini noqonuniy diniy yoki ekstremistik tashkilotga aloqadorlikda ayblasharkan, huquq-tartibot idoralari buni isbotlashi mumkin bo‘lgan biror bir dalil keltirisholmagan".

Himoyachi Fayziniso Vohidovaga ko‘ra, "O‘rinboy Usmonov hibsga olingan 13 iyun kunidan boshlab yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar mas‘ullarning o‘zlari o‘ylab chiqargan to‘qimalariga o‘zlari ham ishonmasliklarini ko‘rsatadi".

U, hatto, BBC muxbirini hibsga olish, uyini tintuv qilish jarayonlarida ham Tojikistondagi mavjud qonunchilik qo‘pol ravishda buzilganini isbotlovchi ko‘plab dalillarga ega ekanini aytgan.

"Deylik, O‘rinboy Usmonov 13 iyunda hibsga olingan bo‘lsa, protokol ertasi kuni tuzilgan. Hatto, hakam ham shu masalani qoralovchilardan surishtirsa bo‘lardi. Ammo bunday qilinmagan", deb bayon qilgan himoyachi.

Fayziniso Vohidova, o‘z o‘rnida, O‘rinboy Usmonovning hibsga olingan birinchi kechada qiynoqqa solingani, Bobojon G‘afurov tumani Milliy Xavfsizlik xizmati rahbari Eraj Davlatovning hakamning takroriy so‘rovlariga qaramay, mahkama jarayoniga kelmagani va uning mijoziga nisbatan noqonuniy munosabatda bo‘lganini ham ta‘kidlagan.

Himoyachi yana, hatto, So‘g‘d viloyati Milliy Xavfsizlik xizmati Tezkor-qidiruv bo‘limi boshlig‘i Xurshid Do‘sovning, "Ha, biz xatolarga yo‘l qo‘yganmiz", degan so‘zlari ham inobatga olinmaganini urg‘ulab o‘tgan.

Kechagi mahkama jarayonida ko‘rsatma bergan va 18 iyun kuni hibsda bo‘lgan O‘rinboy Usmonov bilan uchrashgan jurnalist Ilhom Jamoliyon uning manglayida dog‘ izini ko‘rib, O‘rinboy Usmonovning qiynoqqa solingani ehtimolini rad etmagani ham qonun buzilganini ko‘rsatishini aytgan.

Himoyachi Fayziniso Vohidova qoralov tomonining asosiy dastagi bo‘lgan iqrornomaning o‘zi mamlakatdagi mavjud jinoiy qonunchilikda qonuniy kuchga ega emasligini urg‘ulab, O‘rinboy Usmonov mutlaqo aybsiz ekanini aytib, uning oqlanishini talab qilgan.

O‘rinboy Usmonovning himoyachilari, o‘z o‘rnida, hakamdan "hibsga olish, so‘roq qilish va tintuv qilish jarayonida noqonuniy amallarga qo‘l urgani uchun Bobojon G‘afurov tumani Milliy Xavfsizlik xizmati rahbari Eraj Davlatovni jinoiy javobgarlikka tortish"ni so‘rashgan.

Sudlanuvchi

Mahkama jarayoni yakunida so‘z olgan jurnalist O‘rinboy Usmonov yana bir bor, "Tojikistonda adolatli mahkama borligiga ishonishi, o‘zining mutlaqo aybsiz ekani va o‘ziyu nomini to‘liq oqlashlari"ni so‘ragan.

Shundan so‘ng mahkama jarayonida tanaffus e‘lon qilingan va uning ertaga mahalliy vaqt bilan soat ertalabki 10:00 da davom etishi kutilmoqda.

O‘rinboy Usmonov shu yilning 13 iyun kuni Tojikistonda faoliyati taqiqlangan "Hizbut Tahrir" diniy tashkilotiga a‘zolik aybi bilan hibsga olingandi.

Ammo orada mazkur ayblar o‘z isbotini topmagach, ushbu firqaga aloqadorlik aybi bilan mahkamaga tortilmoqda.