Qozog‘iston: yangi qonun ma‘qullansa, davlat idoralarida namoz o‘qilmaydi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Prezident Nursulton Nazarboyevning diniy faoliyatlar va idoralar to‘g‘risida keskinroq qonun qabul qilish da‘vatidan uch hafta o‘tib, Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi xuddi shunday qildi.

Yangi qonun loyihasi Qozog‘iston rahbarining o‘z mamlakatida diniy ekstremizmning kuchayib borayotganiga oid xavotirlariga javob sifatida ko‘rilmoqda.

Unda, "Qozoq xalqining ma‘naviy va diniy rivojlanishida Islom dinining "Hanafiya" va nasroniy dinining "Ortodoks" mazhablari tarixiy o‘rin tutishi" alohida urg‘ulanadi.

O‘z o‘rnida, yangi qonun loyihasiga muvofiq, barcha davlat idoralarida namozxonalar bo‘lishi taqiqlanadi. Diniy marosimlarni faqat ishdan bo‘sh vaqtlardagina ado etishga ruxsat etiladi.

Qozog‘istonning 16.5 million aholisidan 70 foizi musulmon hisoblanadi.

Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy eng taraqqiy etgani aytiluvchi qozog‘istonlik mulozimlar so‘nggi paytlarda mamlakatda radikal islomning kuchayishidan tashvishga tushib qolishgan.

Bunga aholisi zich va qashshoqlashib qolgan Farg‘ona vodiysiga tutash mintaqaning qolgan uch davlati – Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistondagi ayni muammo bilan bog‘liq vaziyat sabab ekani aytiladi.

O‘tgan oy Qozog‘iston g‘arbida "terrorchilik amali"ni rejalayotgan bir guruh ekstremistlarning qo‘lga olinganiga oid xabar mamlakatdagi ko‘pchilikni bezovta qilmay qo‘ymagan.

Yangi qonun loyihasini taqdim etarkan, Qozog‘iston hukumatining Diniy ishlar bo‘yicha idorasi rahbari Qayrat Lama Sharif, "Ushbu g‘oya Qozog‘istondagi dunyoviy davlatchilikning asosini tashkil etgani uchun ham, biror bir din o‘zini rasmiy yoki majburiy, deb taqdim etolmasligi"ni urg‘ulagan.

Qozog‘istonlik mas‘ul, o‘z o‘rnida, "Hozir Qozog‘istonda radikal diniy g‘oyalar tarqalishiga imkon bermaslikning eng qiyomiga yetgan nuqtasi ekani"ni aytgan.

Qozog‘istonning Aqto‘ba viloyati shu yil yoz oylarida Afg‘oniston bilan chegaradosh qo‘shnilarida kuzatilgani kabi qator hujumlar va portlashlarga ham sahna bo‘ldi. Bu esa, mamlakatda islomiy jangarilik bosh ko‘tarmayaptimikan, degan savollarga ham yetakladi.

Mamlakat mahkamasi terrorchilik va diniy adovatni targ‘ib etadi, degan qarorga kelishi ortidan, Qozog‘istonda o‘tgan oy qator xorijiy veb sahifalar vaqtinchalik taqiqlab qo‘yildi.

Yangi qonun loyihasiga muvofiq, bundan tashqari, rasmiy ruxsatnomasiz Qozog‘istonda xorijiy missionerlik faoliyatini olib borish ham man etildi.

O‘z o‘rnida, "Agarda konstitutsion tuzum va jamoat tinchligiga aniq tahdid solgudek bo‘lsa, o‘sha missionerning Qozog‘istondan chiqarib yuborilishi" ham ko‘zda tutilgan.

Lama Sharif janoblari prezident Nazarboyev bilan hamohanglikda Qozog‘istonda o‘zboshimcha masjid qurish hollarini tanqid qilishni ham unutmadi.

Yangi qonun loyihasining Qozog‘iston Senati tomonidan ham qo‘shqo‘llab ma‘qullanishi kutilmoqda.