Tojikistonda tergovchilar o‘quvchilarni kim paxta yig‘im-terimiga jalb etganligini tekshirishmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Tojikistondan olingan xabarlarga ko‘ra, janubiy Xatlon viloyatining bir qancha tumanlarida maktab o‘quvchilarining majburiy paxta yig‘im-terimiga jalb etilishlari yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Xatlon viloyati Tojikistonning asosiy paxta yetishtiruvchi mintaqasi hisoblanadi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Vose tumanida prokuratura o‘quvchilarni paxta yig‘im-terimiga jalb etganliklari uchun xalq maorif bo‘limi xodimlari faoliyatini tekshirishni boshlagan.

Tergov ishlari natijasi haqida gapirish hozircha erta ekanini ta‘kidlagan muxbirlarimizga ko‘ra, bu - Tojikistonda bolalarni paxta yig‘im-terimiga jalb etganliklari uchun mahalliy amaldorlarga qarshi ochilayotgan ilk jinoiy ishdir.

Tahlilchilarga ko‘ra, mamlakat mas‘ullarining bu kabi g‘ayriodatiy qaroriga Ovro‘po va Amerikadagi qator yirik shirkatlarning aynan bolalar mehnatidan foydalanilgani uchun Tojikiston paxtasini sotib olmasliklariga oid xabarlar sabab bo‘lgan.

Paxta Tojikiston chetga eksport qilayotgan ikkinchi yirik mahsulot hisoblanadi. Va Tojikiston chetga paxta sotishdan olayotgan daromad - davlat byudjetining salmoqli qismini tashkil etadi.

Ammo, Tojikistondagi muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, so‘nggi yangilikni tojikistonlik mulozimlarning haqiqatda ham majburiy bolalar mehnatiga chek qo‘yish qayg‘usida ekanliklari belgisi sifatida ko‘rmaslik kerak.

"Menimcha, bu kabi xulosaga kelishga halicha erta. Ular faqat xalqaro hamjamiyatga ushbu muammoga qarshi kurashyapmiz yoki kurashish maqsadidamiz, deb ko‘rsatishmoqchi", deydi u.

Muxbirimiz bu yil ham rasmiylarning keskin raddiyalariga qaramay, Tojikistonning turli mintaqalarida o‘quvchilarning paxta yig‘im-terimiga jalb etilishayotganiga o‘zi guvoh bo‘lgani, ammo bu kabi holatlar har doimgidek, o‘quvchilarning o‘z xohishlari bilan, darsdan tashqari vaqtlarda yoki ota-onalariga iqtisodiy jihatdan yordam berish uchun qilayotgan ishlari sifatida talqin etilayotganini urg‘ulaydi.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, hali bundan ikki yil burun Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon o‘quvchilar va talabalarning paxta yig‘im-terimiga safarbar etilishlarini butkul man etgan.

Lekin shunga qaramay, mamlakat ommaviy-axborot vositalari orada kechgan vaqt davomida Tojikistonning turli mintaqalarida, ayniqsa, shimoliy So‘g‘d viloyatida o‘quvchilar va talabalarning mehnatidan keng foydalanilayotgani haqida xabar berib kelishadi.

Tojikiston qonunchiligida bu kabi hollar uchun ma‘muriy jazo choralari, deylik, muayyan miqdordagi jarimani ko‘zda tutadi.

Shuning uchun ham javobgar mulozimlarning jiddiy jazolanishlari haqida gapirish o‘rinsiz, deydi muxbirimiz.

Lekin shunga o‘xshash holatlar takroriy ravishda sodir etilgani aniqlansa, ularga qarshi jinoiy ish ham ochilishi mumkin.

O‘tgan yil AQSh Davlat Departamenti O‘zbekiston qatori Tojikiston paxtasini ham bolalar majburiy mehnati asosida yetishtirilgan mahsulotlar ro‘xatiga kiritgandi.