Qozog‘istonda rus tiliga berilgan maqomni bekor qilish talab qilinmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Olma ota shahrida bo‘lib o‘tgan mitingda namoyishchilar konstitutsiyada rus tiliga berilgan maqomni olib tashlanishini talab qilgan. Aholisining 60 foizini qozoqlar tashkil qiluvchi Qozog‘istonda davlat ishlari asosan rus tilida yuritiladi.

Namoyish ishtirokchilar shu bilan birga mamlakat prezidenti Nazarboyevni ham faqat qozoq tilida so‘zlashga chaqirgan.

Talablari bajarilmaydigan taqdirda muxolif va jamoatchilik vakillari ushbu masalani maydonda uzliksiz namoyishlar o‘tkazish orqali yechish bilan tahdid qilishgan.

Oqo‘rda davlat tili taqdirini yechmasa, biz maydonda yechamiz, degan hayqiriqni 500 atrofidagi to‘planganlar olqishlar bilan qarshi olmoqda.

Olma otada qozoq tilining maqomini ko‘tarish borasidagi bunday namoyish har yili o‘tkaziladi.

Bu safargi mitingning oldingilaridang farqi shunday bo‘ldi-ki, bir guruh ziyolilar va muxolifat vakillari namoyishdan sal oldinroq Elboshi Nazarboyevga murojaat bilan chiqib konstitutsiyadagi rus tiliga berilgan maqomni olib tashlashni so‘rashdi.

Aholisining aksar qismi rusiyzabon bo‘lgan Qozog‘istonda ushbu taklif keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jamiyatda keng aks sado berishi ortidan maktubga imzo chekkkan ayrim muxolifat va jamoat vakillari biz rus tiliga berilgan davlat maqomini olib tashlanishini istamaganmiz deya chiqishlarga qilishga majbur bo‘ldi.

"O‘ris tilining xalqaro til ekanligiga hech kimning e‘tirozi yo‘q. Biroq, o‘ris tilli matbuot va o‘zimizning ayrim chala qozoq qarindoshlarimiz, "bular o‘ris xalqiga, o‘ris tiliga qarshi chiqayapti", degan to‘palon ko‘tardi. Bu - adolatsizlik", - deydi namoyish tashkilotchisi taniqli qozoq adibi Muxtor Shoxonov.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Taniqli qozoq adibi Muxtor Shoxonov namoyish tashkilotchilaridan

Namoyishchilarga ko‘ra ikki til bir vaqtning o‘zida davlat tili bo‘la olmaydi. Avvalo hukumat qozoq tilining mavqeini oshishi uchun harakat qilishi kerak. Hukumat vakillari qozoq tilining mavqeini ko‘tarish uchun ko‘proq muddat kerak ekanligini ta‘kidlaydi.

"Qozog‘iston-Zaman" gazetasining bosh muharriri Yertay Ayg‘aliuli qozoq tilini o‘rganish va uni tadbiq qilish uchun o‘tgan 20 yil yetarli vaqt bo‘lganini aytadi.

"Amerikaliklar tilimizni 6-7 oyning ichida o‘rganayapti. Ya‘ni, o‘rganish uchun majburiyat yaratish kerak. Agar majburiyat bo‘lsa, mamlakatdagi hamma tilni butkul o‘rganib oladi. Shu sababdan, bu narsa uchun ko‘p vaqt talab qilinmaydi", - deydi Yertay Ayg‘aliuli.

Namoyish ishtirokchilari yana bir bor konstitutsiyadan rus tiliga berilgan maqomni olib tashlashni so‘rab murojaat qilishdi.

Pedagog Lazzat Omarova qozoq tili bilan bog‘liq muammoda faqat hukumatning aybini ko‘rmaydi. Asl muammo qozoq xalqinining ozligida deydi u.

"Til borasida eng asosiy muammo bu xalqimiz sonining ozligi. Misol uchun, bizni o‘zbek va ukrain bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Chunki ularning soni bizdan bir necha barobar ko‘p. Bu yerda siyosat, hukumat yoki Nazarboyevning ham aybi yo‘q", - deydi Lazzat Omarova.

Muxolifatning yana bir namoyondasi Xo‘ja Axmet Hasan bunday namoyishlardagi balandparvoz so‘zlarga ishonib qolmaslikni ta‘kidlaydi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

"Xaloyiq, mana bunday yig‘lab siqtaganlarga ishonmanglar. Ularning hammasi qalbaki muxolifat. Bu muxolifat Nazarboyev boshchiligida tuzilgan. Ularning balandparvoz so‘zlariga ishonib qolmanglar. Harakat qilish kerak", - deydi Xo‘ja Axmat Hasan.

O‘roljon Masatbayev hukumatdagi Nur Otan partiyasining a‘zosi. O‘roljon og‘a qudratdagi partiya til borasidagi tadbirlardan chetda qolayotganidan afsuslanadi.

"Nur Otan partiyasi muxolifat partiyalar bilan yaqinlashsa degan tilaklarim bor. Nur otan partiyasi kuchli bo‘lgani bilan, xalq va uning madaniyati va tiliga uncha aralashmaydi", deydi O‘roljon Masatbayev.

O‘roljon og‘aga ko‘ra, til masalasini yilda bir kun namoyish o‘tkazish bilan yechib bo‘lmaydi.

"Yilda har kuni shu borasida biror ish qilinishi kerak. Va albatta buning uchun vaqt masalasi ham asosiy rol o‘ynaydi", deydi u.

Hozircha esa, mamlakatdagi qozoqlar va boshqa millat vakillari qozoq tilini unutib yubormasligi uchun hofizlar misralarni kuyga solib kuylamoqda.