Turkmanistonda Ozodlik muxbiriga besh yillik qamoq jazosi tayinlandi

Image caption Matbuot tashkilotlari Doveletmurat Aziquliyevning kasbiy faoliyati uchun qamalganini aytishadi

Chegara Bilmas Muxbirlar tashkilotining xabar qilishicha, Turkmanistonda o‘tgan iyul oyida yuz bergan portlashlar haqida ma‘lumot tarqatgan jurnalist besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Ozodlik radiosining turkman xizmatiga xabarlar uzatgan Dovletmurat Yaziquliyev 27 sentyabrda hibsga olingan va o‘z qarindoshini suiqasdga yetaklaganlikda ayblangan.

U matbuot guruhlari "tomosha" deya tasvirlagan ikki kunlik mahkama ishi oxirida chorshanba kuni jazoga hukm etilgan.

"Chorshanba kuni mahkama ishi soat tushki to‘rtda boshlandi va bir necha soatdan so‘ng u besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi," deb aytdi Chegara bilmas muxbirlarning Parijdagi vakili Yoxan Biyr Frans Press agentligiga.

"Butun jarayon xo‘jako‘rsinga qo‘yilgan tomoshani eslatdi", - dedi u.

Yaziquliyev Turkmaniston poytaxti Ashxoboddan uzoq bo‘lmagan hududda 7 iyul kuni portlagan qurol-aslaha omborxonasi haqida xabar tarqatgan birinchi jurnalistlardan edi.

Rasmiylar zudlik bilan hududni o‘rab olganlar va 15 kishi halok bo‘lganini ma‘lum qilganlar. Biroq turkman muxolifati aslida yuzlab odamlar halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini da‘vo qiladi.

Obodon shahridagi omborxonada yuz bergan portlash natijasida og‘ir qurollar o‘qlari xatto bir necha chaqirim masofadagi yerlarga borib tushgani qayd qilingan.

Yaziquliyev fojea ortidan xavfsizlik idorasiga chaqirilgan va "tuhmat tarqatish"ni to‘xtatmasa, oqibati yomon bo‘lishi haqida ogohlantirilgan.

Chegara Bilmas Muxbirlar mazkur ish Prezident Gurbaguli Berdimuhamedovning demokratiya sari qadam qo‘yish va‘dalaridan farq qilishini bildirishdi.

Qarorgohi Pragada joylashgan Ozodlik radiosi rahbari Stiven Korn jazoni "dahshat" deya tasvirladi.

"Bu soxta mahkama va yirtqichlarcha berilgan jazo Turkmaniston rahbariyati umuman qonunni hurmat qilmasligi va matbuotga munosabatlarga kelganda hech qanday mezonlarga bo‘ysunmasligini ko‘rsatdi," - dedi u.