Dushanbeda Markaziy Osiyoda eng yirik masjid qurilishi boshlandi

Image caption Eng yirik masjid qurilishida I.Rahmon ham ishtirok etgan

Tojikiston poytaxti Dushanbeda Markaziy Osiyoda eng yirik masjid qurilishi boshlangan.

Bir vaqtning o‘zida 100 mingdan ziyod namozxonlarni bag‘riga olish imkoniyatiga ega bu masjid qurilishi haqidagi rejalar bundan rosa ikki yil avval oshkor etilgandi.

Dushanbe aholisi 700 mingdan ortiqroq ekanligi aytiladi.

To‘rtta minoradan iborat bu yirik loyiha 100 million dollar Qatar xayriyasi sarflanadi.

Qolgan xarajatlarni, xabar agentliklariga ko‘ra, Tojikiston hukumatining o‘zi ko‘tarishi aytilmoqda.

Masjid qurilishining ilk bosqichida mamlakat rahbari Imomali Rahmon ham ishtirok etgan. Bundan ikki yil avval ayni masjid qurilishiga doir chiqishida Imomali Rahmon " Ollohni madh etish joyi begona kelishmovchilik va diniy mutaassiblikni keltirib chiqaradigan radikal fikr va g‘oyalarni targ‘ib etish makoni emas, balki masjid odamlarni tarbiya etish va butun dunyo musulmonlarini birlashtiruvchi yerga aylanishi zarur”, degan edi.

Markaziy Osiyoning eng kambag‘al mamlakatlaridan biri bo‘lmish Tojikistonda eng qimmat masjidning qurilishi hukumat nashrlarida olqishlansa ham, bu amalni ortiqcha "dabdababozlik" deb tanqid qilayotganlar talaygina...

Tojikistondagi mustaqil jurnalistlardan birining aytishicha, bu kabi yirik masjidning qurilishi Prezident Rahmonning hukumati uchun hozirgi kunda juda muhim masalalardan biriga aylangan.

" Tojikiston musulmonlari orasida hukumatning dindorlarga qarshi deb ko‘rilayotgan qarorlaridan norozilar safi tobora ortib bormoqda. Madrasa va masjidlarning turli bahonalar bilan yopilayotgani, masjidlarga 18 yoshdan kichik o‘smirlarning borishi taqiqlanib, ota-onalarni o‘z farzandlarining amallari uchun ma‘sul ko‘rilayotgani, noan‘anaviy diniy oqimlarga aloqadorlik ayblari bilan hibsga olinganlarni uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm etilishi kabi holatlar aholi orasida xush qarshilayotgani yo‘q. Buning ustiga mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy holat, yuz minglab tojikistonliklarning Rossiyaga ish izlab chiqib ketishlari, jamiyatda, ayniqsa hukumat tashkilotlarida quloch yoygan poraxo‘rlik hammaga ma‘lum. Ana shunday holatda 100 million dollardan oshiqroq mablag‘ga masjid qurilayotgani hatto namozxon tojikistonliklarning ham olqishlariga sazovor bo‘ladi deb o‘ylamayman", deydi tojikistonlik jurnalist.

Uning aytishicha, ayni masjidning qurilishi bilan Tojikiston hukumati o‘ziga nisbatan yovqarashda bo‘lgan musulmonlar "ko‘nglini olmoqchi".

Eng, eng, eng... yoki "kichkina demang bizni..."

Image caption Kamida 100 million dollarlik masjidning loyihada ko‘rinishi

Markaziy Osiyoda eng yirik masjidning qurilishi kamida uch yil davom etishi va bir vaqtning o‘zida yuzlab ishchilarni band qilishi taxmin etiladi.

Dunyoning eng kichik mamlakatlaridan bo‘lgan Tojikistonda bir ma‘noda "birinchi" bo‘lish ishtiyoqida qilinayotgan harakatlar yangilik emas.

Shu yil Dushanbeda dunyodagi eng baland bayroq ustuni o‘rnatilgandi.

Bu bayroqning uzunligi 165 metr bo‘lib, uning qurilishi uchun ham bir necha million dollar sarflangani aytiladi.

Tojikiston prezidentining yangi devoni qarshisida o‘rnatilgan "eng baland bayroq" ustunini qurish ishlari Trident Support shirkati zimmasiga topshirilgan edi.

Hozirgacha dunyoning eng baland bayrog‘i ustuni Ozarbayjon poytaxti Bokuda mavjud edi.

Ozarbayjonliklar o‘rnatgan bayroq ustunining balandligi 162 metrni tashkil etadi.

Dushanbe va Xo‘jandda qad rostlagan Ismoil Somoniy haykallariga sarflangan mablag‘lar ham oz emasligi tayin.

Ammo Tojikistonni Markaziy Osiyo, sobiq Sho‘ro davlatlari orasida o‘zi xos va yo birinchi bo‘ladigan boshqa tomonlari ham bor.

Tojikistonda mintaqada yagona diniy Islom Uyg‘onish partiyasi faoliyat ko‘rsatadi.

O‘tgan yilgi parlament saylovlarida Islom uygonish partiyasi 7,7 foiz ovoz olganligi e‘lon qilingandi.

Bugungi kunda mamlakat parlamentida ushbu partiya 2 ta o‘ringa ega.