Chimkent shahrida nogironlar o‘rtasida paralimpiada o‘yinlari bo‘lib o‘tdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Har to‘rt yilda o‘tkaziladigan ushbu sport o‘yinlarida 500 dan ortiq jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar 6 xil sport turi bo‘yicha qatnashgan

Qozog‘istonning Chimkent shahrida nogironlar o‘rtasida paralimpiada o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Har to‘rt yilda o‘tkaziladigan ushbu sport o‘yinlarida 500 dan ortiq qozog‘istonlik jismoniy imkoniyati cheklangan sportchilar 6 xil sport turi bo‘yicha qatnashib medallar shodasi uchun kurashib olib borgan.

Olma ota shahridan 45 sportchi 700 chaqirim olislikdagi Chimkent shahriga poyezd bilan yo‘l oldi. Yengil atletlar, suzuvchilar, o‘q otuvchilar, tosh ko‘taruvchilar orasida o‘tirib volleybol o‘ynovchilar ham bor edi.

Olma ota shahar sport klubi tomonidan berilgan formalarni kiyib olgan sportchilarning maqsadi jiddiy - umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritish edi.

Tonggi 6 da 45 kishidan iborat delegatsiya Chimkent shahrining "O‘rdabasi" mehmonxonasiga kirib bordi. Mehmonxona ma‘muriyati Olma otalik sportchilarni bir kun keyin kutishayotganini va shu sababdan mehmonxonada joy yo‘qligini bildirdi. Bir oz kutishdan so‘ng sportchilar bir kishilik xonaga 2 tadan joylashtirila boshlandi.

Sportchilarning aksari o‘yinlar tugaguncha bir karavotda 2 tadan bo‘lib yotishga to‘g‘ri keldi. Sport klub ma‘muriyati bu holatni sportchilar uchun mehmonxonaga deb kam mablag‘ ajratilgani bilan izohladi.

Noqulayliklarga e‘tibor bermaslikka intilgan sportchilar katta ishtiyoq bilan musobaqani kuta boshlashdi.

O‘tirib volleybol o‘ynash bo‘yicha Olma otadan 8 kishi borgandi. Maydonda oddiy voleyboldagi singari 6 kishi o‘ynaydi. To‘rning balandligi 115 santimetrni tashkil qiladi. Maydonning o‘lchami ham katta volleybolga qaraganda kichikroq.

Volleybolni o‘tirib asosan oyog‘i va qo‘lida nuqsoni bo‘lgan sportchilar o‘ynaydi. Ikki oyog‘i yo-da, bir oyog‘i yo‘q kishilar ushbu sport turiga juda mos keladi. O‘yinning shartlaridan biri poldan ko‘tarilmaslik kerak. Sportchi xohlaganicha harakat qilishi mumkin, ammo to‘p bilan muomala qilayotgan vaqtda polda o‘tirgan holatda bo‘lishi kerak.

Bu sport turidagi to‘p klassik volleybolniki bilan bir xil. O‘tirib o‘ynaladigan volleybolda ham blok, to‘pni o‘yinga zarb bilan kiritish, qabul qilingan to‘pni oshirish va zarba berish qoidalari bir xil.

Qozog‘istonda bundan 23 yil oldin ilk marotaba o‘tirib o‘ynaladigan volleybol aynan Olma ota shahrida asos solingan va o‘zagini ushbu shahar volleybolchilari tashkil qilgan sportchilar sobiq MDH davlatlari va Osiyoda bir necha marotaba yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan.

Ammo, vaqt o‘tishi bilan ushbu jamoa ancha kuchsizlanib, keyingi 2 yil davomida qayta tiklanish jarayonini boshdan kechirmoqda.

O‘yindan bir kun oldingi qur‘a tashlash marosimida Olma ota shahri jamoasi o‘tgan yilgi chempion Mang‘istau viloyati va 4 o‘rinni egallagan Aqto‘ba viloyati bilan bir guruhga tushdi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption O‘tirib o‘ynaladigan volleybolda ham blok, to‘pni o‘yinga zarb bilan kiritish, qabul qilingan to‘pni oshirish va zarba berish qoidalari bir xil

Kuchli guruh bo‘lgani bois olma otaliklarning keyingi bosqichga chiqish imkoniyati deyarli yo‘q deya taxmin qilindi.

Ammo, birinchi o‘yinda Aqto‘ba viloyatini 2 partiyada ham yutib 4 chi va 6 chi o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati qo‘lga kiritildi.

Aqto‘ba bilan o‘yin boshida hayajonli kechgan bo‘lsa-da, qiyin kechdi deb aytib bo‘lmaydi. Sababi, viloyatning bir necha kuchli voleybolchilari nogironlar sportining boshqa turlari bo‘yicha viloyat sharafini himoya qilishga o‘tib ketgandi.

Ikkinchi o‘yin amaldagi chempion Mang‘istau viloyati volleybolchilari bilan bo‘ldi. Qozog‘istonning tajribali o‘yinchilarini jamlagan Mang‘istauliklar birinchi partiyada Olma otaliklarga imkoniyat qoldirishmadi. Ikkinchi partiyada ma‘lum muddatga Olma ota volleybolchilari hisobda oldinda borishdi. Ammo, tajriba o‘z so‘zini aytdi, Mang‘istau g‘alaba qozondi.

Guruhdan ikkinchi bo‘lib chiqqan olma otaliklar 4 o‘rin uchun kurashda Qarag‘anda va asosan chimkentlik volleybolchilardan tashkil topgan Janubiy Qozog‘iston viloyati jamoalarini osonlikcha yengib 9 jamoaning orasida 4 o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Olma ota voleybolchilari haftasiga 2 marta yig‘ilishadi, ammo klubda raqobatning yo‘qligi bois kuchli jamoa yaratish muammo bo‘lib kelmoqda. Bundan 10 yil oldin jamoaning o‘z homiysi bo‘lgan vaqtda yaxshi o‘yinchilar moddiy tomonidan rag‘batlantirilgan va bu sport bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha qiziqish bergan.

Olma ota shahridan borgan boshqa sport turlari vakillari ham homiylarning yo‘qligi bois Sport klubidan hech qanday mablag‘ olmaydi.

Oddiy sportdan farqli ravishda olma otalik nogiron sportchilar sport bilan sog‘lig‘iga foyda bo‘lgani uchungina shug‘ullanayapti va shu bilan birga musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni ham qo‘lga kiritmoqda.

53 yoshli Vladimir Boyko ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan vaqtdan boshlab yengil atletika bilan shug‘ullanadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ko‘zlari umuman ko‘rmay qolgan, faqatgina yorug‘likni payqay oladi.

Uzoqlikka sakrash va turli masofalarga yugirish bo‘yicha bir necha yildan beri oltin medallarni qo‘lga kiritib kelmoqda.

- Sport bilan shug‘ullanganimiz uchun bizga birov pul bermaydi. Hattoki ushbu musobaqada ishtirok etganimiz uchun ustimizga mayka berishib, kalta ishton va oyoq kiyimni o‘zimiz topishimiz kerakligini aytishdi, - deydi u.

Vladimir ko‘zi ojizlar uchun ochilgan korxonada ishlaydi. Ular qistirgich ishlab chiqaradi. Mehnat og‘ir bo‘lgani bilan berilgan ham juda oz. Eng ko‘p maosh bu yerda 100 dollarni tashkil qiladi.

Ishdan so‘ng charchagan bo‘lishiga qaramay mashg‘ulotlarda qatnashadi.

Ko‘rish qobiliyatida muammosi borlar barcha sport turlarida hamrohi bilan ishtirok etadi. Vladimirning hamrohi Danilbek Abubakarov unga hamrohlik qilgani uchun bir so‘m ham haq olmaydi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Vladimirning hamrohi Danilbek Abubakarov unga hamrohlik qilgani uchun bir so‘m ham haq olmaydi

Danilbekning vazifasi musobaqalardan oldin Vladimir bilan birga shug‘ullanish va musobaqa davomida unga hamrohlik qilish.

Uzunlikkka sakrash vaqtida Vladimir mo‘ljaldan adashib ketmasligi uchun Dalinbek unga "xo‘p-xo‘p" deya hayqiraroq yo‘l ko‘rsatadi. Turli masofalarga yugirish vaqtida esa Vladimirga ip orqali bog‘lanib u bilan teppa teng tezlikda yuguradi.

Vladimir Boyko oyog‘ida paylari cho‘zilgani bois va yoshi bir joyga borib qolayotgani hisobiga bu yilgi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritolmasam kerak deb o‘ylagandi.

Ammo, uzunlikkka sakrashda oltin va 100 hamda 200 metr masofaga yugirishda kumush medallarni qo‘lga kiritdi.

- Medallar haqiqiy oltin yoki kumush emas. Sog‘lig‘imni xavfga qo‘yib yugurganim uchun oylik ham olmayman. Ammo sport o‘zimga kerak bo‘lgani uchun va Olma ota shahri sharafini himoya qilish uchun unda shug‘ullanaman, - deydi Vladimir Boyko.

Umumjamoa hisobida olma otalik sportchilar Qozog‘istonda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Uchinchi marta o‘tkazilayotgan paralimpik o‘yinlarda Olma ota shahri ketma-ket 3-marta birinchi o‘rinni qo‘lga kiritmoqda.