Qirg‘iziston iqtisodida yana o‘sish kuzatilmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Qirg‘iziston iqtisodining o‘sishida Kanada shirkati bilan birgalikda tuzilgan "Kumtor" qo‘shma korxonasi alohida rol o‘ynagani aytilmoqda.

Qirg‘iziston Milliy Statistika Qo‘mitasi oshkor qilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, mamlakat Yalpi Ichki Mahsulot o‘sish sur‘ati joriy yilning yanvar-sentyabr oyi o‘rtasida 8.7 foizga o‘sgan.

Mamlakat turli siyosiy va etnik talo-to‘plarga yuz tutgan 2010 yilning xuddi shu davrida mazkur sur‘at 1.2 foizga tushgani xabar qilingandi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistondagi inflyatsiya ham o‘tgan yil bilan solishtirganda 4.4 foizga sekinlagan.

Qirg‘iziston iqtisodiy o‘sishida asosiy rolni Kanadaning "Santerra Gold" shirkati bilan "Kumtor" oltin qazib chiqarish shirkati o‘rtasidagi qo‘shma korxona o‘ynagan deyilmoqda.

Bu qo‘shma korxona mahsuloti butun mamlakat Yillik Yalpi Ichki Mahsulot hajmining 9.4 foizini tashkil qilgan.

Reuters xabar agentligining moliyaviy tahlil bo‘limiga ko‘ra, "Kumtor"siz Qirg‘iziston iqtisodi o‘sishi atigi 6.8 foizni tashkil qilgan bo‘lardi.

Inflyatsiya darajasi ikki barobarga tushganligi xaridorlar uchun yaxshi xabar bo‘lishi mumkin, lekin ular buning ta‘sirini o‘zlarining kundalik hayotlarida ne qadar sezayotganaligi hozircha noma‘lum.

Ammo Qirg‘iziston iqtisodi o‘sishining yangi ko‘rsatkichlarini o‘tgan yilgi hodisalar manzarasida tahlil qilmoq lozim.

Mamlakat janubida ro‘y bergan etnik zo‘ravonliklar va sal avvalroq Bakiyev hukumatining ag‘darilishi iqtisod o‘sishiga katta ta‘sir ko‘rsatgan.

Qirg‘izistonning mintaqadagi qo‘shnilari o‘sishda davom etgan vaqtlari, mamlakat iqtisodi aksincha ortga qarab keta boshladi.

Qirg‘izistondagi xorijiy sarmoyadorlarning qismati esa Janubiy Afrikaning "Goldfields" shirkati vakilining BBC bilan shu hafta mobaynidagi suhbatidan ayon bo‘ldi.

Unga ko‘ra, shirkatning Talas mintaqasidagi loyihasining biron qismi oxirgi bir necha oy mobaynida amalga oshirilmagan.

"Goldfields" shirkati noyabr oyida loyihani qayta amalga oshirishni boshlashi haqida ma‘lum qilgan.

Konchilik Qirg‘iziston iqtisodida alohida rol o‘ynashi nazarda tutilsa, bu iqtisodiy o‘sish bobida ijobiy xabardir.