JHQ: "Tojikiston muxbirlarni qo‘yib yuborishi kerak"

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan xalqaro Jurnalistlarni Himoya qilish xalqaro qo‘mitasi Tojikistondagi BBC muxbiri O‘rinboy Usmon va mahalliy jurnalist Mahmadyusuf Ismoilovlarga nisbatan adolatni qaror toptirishga chaqirgan.

Qo‘mitaning Ovro‘po va Markaziy Osiyo dasturlari bo‘yicha rahbari Nina Ognianovaga ko‘ra, har ikki jurnalist ham jurnalistik faoliyatlari uchun jazolanmoqdalar.

Bugun Tojikiston mahkamasi BBC muxbiri O‘rinboy Usmonga qarshi ayblovlar yuzasidan hukmni e‘lon qilishi kutiladi.

59 yoshli jurnalist Hizbu Tahrir noqonuniy diniy guruhiga aloqadorlikda ayblanmoqda. Agar u aybdor deb topilsa, 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Ammo, shu vaqtning o‘zida jurnalistga nisbatan "Avf to‘g‘risidagi qonun"ni qo‘llash ham so‘ralgan.

Jurnalistlarni Himoya qilish xalqaro qo‘mitasi o‘z bayonotida Tojikistondagi mahalliy jurnalist Mahmadyusuf Ismoilovning ham uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etilishi ehtimolidan xavotir bildirgan.

Jurnalist ustidan So‘g‘d viloyatida bo‘lib o‘tayotgan mahkama jarayonida davlat aylovchisi unga 16 yil qamoq jazosi berilishini talab qilgan.

Tojikistondagi "Nuri zindagi" nashri muxbiri bo‘lgan janob Ismoilov tuhmat qilish, mahalliy va milliy adovat uyg‘otish kabi ayblovlar bilan mahkamaga tortilmoqda.

Jurnalistlarni Himoya qilish xalqaro qo‘mitasi bayonotida "O‘rinboy Usmon va Mahmadyusuf Ismoilovlarga nisbatan to‘qib chiqarilgan jinoiy ayblovlarni bekor qilish hamda ularni hech qanday shartlarsiz qo‘yib yuborishga" chaqiriladi.