Prezident Nazarboyev bahsli qonunga imzo chekdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Endi davlatga qarashli bo‘lgan muassalar, jumladan, harbiy xizmat, davlat ish o‘rinlari va o‘quv yurtlarida ibodat qilish taqiqlanadi

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev "Diniy faoliyatlar va birlashmalar to‘g‘risida"gi qonunga imzolagan. 13 yildan beri qabul qilinmay kelgan qonun bu safar ham keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Qonunning 7 moddasi bo‘yicha endi davlatga qarashli bo‘lgan muassalar, jumladan, harbiy xizmat, davlat ish o‘rinlari va o‘quv yurtlarida ibodat qilish taqiqlanadi.

Xalqaro tashkilotlar qonun qabul qilinmasdanoq u yuzasidan xavotirlarini bildirishgan va uni qayta ko‘rib chiqilishiga umid qilishgandi. Kuzatuvchilar ushbu qonun tomonidan belgilangan namozga doir ta‘qiq musulmonlar tomonidan bajarilmasligini taxmin qilishmoqda.

Musulmonlar diniy idorasi va Qozog‘iston musulmonlarining qonunga oir so‘nggi umidlari amalga oshmadi. Keskin muhokamalar va murojaatlarga qaramay elboshi Nazarboyev "Diniy faoliyatlar va birlashmalar to‘g‘risida"gi qonunga imzo chekdi.

Chimkent shahrida qonunga o‘z munosabatini bildirgan Nazarboyev:

- Qonun qabul qilindi, ammo sizlarni ishontirib aytamanki, hech qanday cheklovlar bo‘lmaydi, - deb aytdi.

Ammo, elboshi munozara va muhokamalarga sabab bo‘lgan namoz o‘qishga taqiq bandi haqida biror izoh bermadi.

Bungacha qonun yuzasidan xalqaro tashkilotlardan tortib har doim hukumatning pozitsiyasini ma‘qullaydigan Qozog‘iston Musulmonlar diniy idorasi ham o‘z uslubida qonundan norozi ekanligini bildirgan edi.

"Ushbu band qonunimizga va davlatimizga nisbatan odamlarda xafagarchilik tug‘dirishi mumkin. Xafagarchiliklar esa turli natijalarga olib kelish ehtimoli kuchli", - deydi Musulmonlar Diniy idorasi matbuot kotibi O‘ng‘ar O‘mirbek.

Diniy idora konstitutsion kengash va prezident tomonidan ushbu qonun loyihasi ortga qaytarilishiga umid qilgandi. Ammo, qonun kuchga kirgach Diniy idora qonunni bajarishdan boshqa chora yo‘qligini ta‘kidlamoqda.

"Biz musulmonlar ish vaqti davomida masjidga yugurib qiynalmasligi uchun qandaydir yengillik bo‘lishini istaymiz. Ammo qonun qabul qilingandan so‘ng unga amal qilish kerak", - deydi Olma ota bosh imomining o‘rinbosari Nurmuhammad Iminov.

Oddiy namozxonlarning ayrimlari ushbu qonunda ko‘rsatilgan ta‘qiqlar bajarib bo‘lmasligini aytsa, ba‘zilar ushbu qonunga moslashishi kerakligini ta‘kidlamoqda.

- Ish vaqtida ishlab, namoz vaqtida masjidga vaqt topib kelish kerak. Men hayotim davomida namozga vaqtni topib qo‘yib keyin ishga sho‘ng‘iyman, - deydi namozxonlardan biri.

Qozog‘iston musulmonlar ittifoqi raisi Murat Telibekov davlat idoralarida namoz o‘qishni ta‘qiqlovchi band musulmonlar tomonidan bajarilmaydi degan fikrda.

"Ushbu qonunning ayrim qismlari inkor qilinadi. Ma‘lum vaqt o‘tganidan so‘ng qonundagi ko‘plab moddalar bekor qilinadi," - deydi Murat Telibekov.

Qonun qabul qilingani bilan aynan uning ibodatni taqiqlovchi bandi borasida savollar hamon ochiq qolmoqda. Chunki 7 moddada davlat idoralarida namoz o‘qish ta‘qiqlansa-da, ushbu moddani buzgan shaxslarga hech qanday jazo belgilanmagan.

Olma ota Xelsinki qo‘mitasi rahbari Ninel Fokinaga ko‘ra ushbu qonunni qabul qilinishi jamiyatdagi boshqa erkinliklarni ta‘qiqlovchi qonunlarni qabul qilinishiga yo‘l ochadi.

"OAV to‘g‘risida, Jamoat tashkilotlari va Siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi qonunlarga ham o‘zgartirishlar kiritilishini kutinglar,"- deydi Ninel Fokina.