Tojikiston Afg‘onistondagi xalqaro kuchlarga qanday yordam bera oladi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Hillari Klinton joriy hafta oxirida Markaziy Osiyoga ikkinchi bor safar qilishi kutilmoqda

AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton joriy hafta so‘ngida O‘zbekiston va Tojikistonga safar qilishi kutilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyat hamda O‘zbekiston va Tojikistonning Afg‘onistondan 2014 yilga rejalangan xorijiy kuchlarni olib chiqish jarayonida ishtiroklarini muhokama etish rasmiy muzokaralar payti ko‘riladigan asosiy masalalardandir.

Tahlilchilar oxirgi paytlarda O‘zbekiston bilan AQSh munosabatlarining qayta jonlanayotganiga turtki bergan asosiy omil ana shu ekanini aytib kelishadi.

Naqliyot va texnik jihatdan O‘zbekistonda bu sohada anchayin imkoniyatlar mavjudligi ma‘lum, lekin Tojikistonning ayni jarayonda ishtiroki qanday bo‘lishi mumkin?

Rasmiy Dushanbe Qo‘shma Shtatlarga nimalarni taklif qila oladi?

BBC ayni savol bilan Tojikiston Strategik Tadqiqotlar Instituti rahbari Suhrob Sharipov bilan suhbatlashdi.

Image caption Suhrob Sharipovga ko‘ra, Tojikiston 2014 yilga qadar harbiy salohiyatini kuchaytirish zarur.

Suhrob Sharipov: AQSh e‘tiborini qarata olladigan bir necha jihat bor. Birinchidan Tojik tomonining Afg‘onistonning turli doiralarida, tojik qo‘mondonlari va shimoliy ittifoqning sobiq qo‘mondonlari orasida anchayin kuchli lobbisi bor. Ularning ham Tojikiston rahbariyati bilan aloqlari anchayin yaxshi va qaysidir ma‘noda tojik tomoni aytgan so‘zlar va maslahatlarga quloq tutadilar. Ikkinchi tomondan, Tojikiston naqliyot va texnik tizimini, aynan Afg‘onistonni nazarda tutib anchayin jiddiy rivojlantirmoqda. Tojikistonni Afg‘oniston bilan bog‘lovchi beshta ko‘prik qurilgan, ulardan ikkisi anchayin yirik va muhim, bittasi esa Panj daryosining quyi oqimida bo‘lib, strategik ahamityaga egadir. Ana shu ko‘priklar Afg‘onistondan ittifoqchi kuchlarni olib chiqish jarayonida yoda ularning xavfsizligini ta‘minlashda anchayin katta rol o‘ynashlari mumkin. Ana shu o‘rinda qo‘shinlar olib chiqilganidan so‘ng Afg‘onistonda ehtimoliy Amerika harbiy bazalarining bo‘lishi va bu masalaga Tojikiston tomonining munosabati ham e‘tiborga loyiq, deb aytgan bo‘lardim. Balkim qo‘shinlarni olib chiqish jarayonida Tojikiston hududidagi ba‘zi ob‘ektlardan foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqilishi ehtimoli bordir. Masalan, Aynidagi aerodromdan foydalanish kabi masalalar.

BBC: Afg‘oniston hududi bilan bog‘lovchi ko‘priklarni tilga oldingiz, aytaylik, qo‘shinlar va texnikani bu ko‘priklar orqali Tojikiston hududiga olib o‘tildi, u yog‘iga yo‘nalish qanday bo‘ladi?

Suhrob Sharipov: Undan u yog‘iga fikrimcha, yo‘l oson. Bizda chegaradan uzoq bo‘lmagan hudularda qator aeroportlar bor. Panjning quyi oqimidagi ko‘prikka yaqin yerlda Qo‘rg‘ontepa aeroporti bor. Ko‘lobda ham aeroport bor. Bu ham ko‘prikka yaqin va anchayin zamonaviy infrastrukturaga ega. Men bir narsani aytib o‘tmoqchi edim: Tojikiston ittifoqchi kuchlar o‘ngiga Tojikiston harbiy salohiyatini oshirishga yordam berish masalasini qo‘yishga haqli, menimcha. Fikrimcha, ittifoqchi kuchlar Tojikistonning harbiy salohiyatini kuchaytirishga yordam berishadi, deb umid qilishimiz mumkin. Masalan, ba‘zi qurol turlarini bizning qurolli kuchlarmizga va chegara qo‘shinlarmizga topshirish kabi. Chunki 2014 yildan so‘ng texnik jihatdan yaxshi jihozlangan va qurollangan qurolli kuchlarga ega bo‘lish Tojikiston uchun juda muhim bo‘ladi.