Olma otada Qirg‘izistondagi tiklanish davriga oid sur‘atlar ko‘rgazmasi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Olma ota shahrida "Kerak bo‘lgan joyda bo‘lmoq lozim" deb nomlangan sur‘atlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

BMT xalqaro kuniga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rgazmada iyun hodisalaridan keyin Qirg‘izistondagi tiklanish ishlari aks ettirilgan.

Asosan, xalqaro tashkilotlar ko‘magi asosida odamlarga me‘yoriy hayotni qaytarishni ko‘zlovchi ushbu yordamlar sura‘tlarda ko‘rsatilgan.

Ko‘rgazmani tomosha qilgan Qozog‘istondagi o‘shlik qochqin o‘zbeklar tiklanish ishlari aks etgan sur‘atlar ularda kelajakka umid uyg‘otmaganini aytadi.

O‘shlik Muhayyo opa ayni damda Qozog‘istonda muhojirlikda yuribdi. O‘shdagi tiklanishlar aks etgan rasmda o‘z qarindoshlari sur‘atini ko‘rib qoldi. Xalqaro tashkilotlarning yordami asosida ayollar uyi kuyganlar uchun ko‘rpa-to‘shak qavimoqda.

"Yordam qilib material va boshqa narsalarini olib kelib berishdi. Ko‘rpa-to‘shak qilayotganlarga buyurtma qilishib, pulini berishdi. Ko‘rpa- to‘shaklarni sotib olishib uyi kuyganlarga tarqatishdi", - deydi Muhayyo opa.

Olma ota shahri markazidagi KIMEP oliygohida O‘sh voqealaridan keyingi tiklanishlar haqida hikoya qiluvchi 50 ga yaqin rasm qo‘yilgan. Ushbu su‘ratlarda asosan jabr ko‘rgan odamlarga uylar qurib berish, ularni ish bilan ta‘minlash va hujjatlarini to‘g‘rilab berish kabi ko‘maklar aks ettirilgan.

Biroq, qonli iyun voqealarini boshidan kechirganlar esa, ushbu rasmlar O‘shning kelajagi haqida biror umid bermasligini aytishadi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

- Kelajagimni qayerda ko‘rishni hech ham tasavvur qila olmayapman. Hayotdan umid va maqsad yo‘q bo‘lib qolayapti, - deydi Gulzuhra Zokirova.

Gulzuhra opa qirg‘in bo‘lgunicha O‘shda tadbirkorlik bilan shug‘ullanardi. Ayollarga tikuvchilik sirlarini o‘rgatib, davlat xazinasiga soliq to‘lardi. Bir muddatning ichida u ham biznesi, ham vatanini yo‘qotdi.

Muhayyo opaning asli kasbi o‘qituvchilik. O‘sh voqealari bo‘lgan kunlarda 5 - farzandiga homilador bo‘lgan, atrofdagi dahshatlarni ko‘rib va eshitib, oilasi bilan Olma otaga qochib kelgan.

Muhayyo opa Qirg‘izistonda olib borilgan tiklanishlar, bu yerda tinchlik yana buzilmasligga kafolat bermasligini.

"O‘sha voqealardan keyin Kalinin ko‘chasida bir qirg‘iz yordam berish uchun o‘zbeklarni uyiga qo‘ygan. Uni nimaga sen o‘zbeklarga yordam berding deb qamashdi. Yana bittasi bir mashina tovuq oyog‘ini sotib yurganda o‘zbeklarga yordam tariqasida beribdi. Uni ham so‘roq javob qilishdi", - deydi Muhayyo opa.

O‘shlik qochqinlar xalqaro tashkilotlar tomonidan olib borilgan tiklanishlar avvalgilarning o‘rnini bosolmasigini ta‘kidlashadi.

"Qancha narsalar yonib ketdi. Odamlarning uyi yondi. Mening jiyanimning uyiga o‘t yoqib yuborishdi. Ularga hozir uy qurib berishyapti-yu, lekin o‘z o‘rniga kelmaydi. Biroq biz osongina Alloh o‘zi kifoya qilsin deb qo‘yamiz, Alloh baribir qasdimizni olib beradi", - deydi Muhayyo opa.

Xalqaro jamoatchilikning ko‘magi asosida 10 mingdan ortiq odam ish bilan ta‘minlangani aytiladi. Yana yuzlab uylar qayta tiklangan.

O‘sh dahshatlarini boshidan kechirganlar ushbu jinoyatni amalga oshirilgan jazolanmaguncha, bunday voqealarning yana takrorlanmasligiga va tiklangan uylar yana barbod bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmasligini aytishadi.