Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov "Turkmaniston qahramoni" deb topildi

Turkmaniston parlamenti prezident Gurbanguli Berdimuhammedovga "Turkmaniston qahramoni" unvonini berishga qaror qildi.

Deputatlarning qarori Oqsoqollar kengashi tomonidan ham dastaklangan.

Ayon bo‘lishicha, "Mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, xalqining baxtiyor buguni va kelajagini ta‘minlash, davlatning huquqiy asoslarini kuchaytirish, milliy iqtisod va madaniyatni rivojlantirishga qo‘shgan mislsiz hissasi uchun" oqsoqollar turkman rahbarini bu kabi Oliy unvon bilan taqdirlashga qaror qilishgan.

Oqsoqollar kengashida chiqish qilgan prezident Berdimuhammedov, "xalqining farovonligi yo‘lida qo‘lidan kelgancha xizmat qilish"ga va‘da bergan.

Mukofot

Turkmaniston qonunchiligiga muvofiq, "Turkmaniston qahramoni" unvoni sohibi "Oltin Yarim oy" medali bilan taqdirlanadi, 25 ming AQSh dollariga teng bir marotabalik mukofot puli oladi va oylik maoshiga ham ellik foiz qo‘shiladi.

2009 yilda ham Turkmaniston Markaziy saylov hay‘ati raisi Murod Karriyev prezident Berdimuhammedovni "Turkmaniston qahramoni", deb topish tashabbusi bilan chiqqandi.

Ammo bunga hali erta ekanini aytib, turkman rahbarining shaxsan o‘zi uning taklifini rad etgandi.

"Men hali yosh bo‘lsam, menga bunday oliy unvonni berishlaring uchun hali biroz ishlasam deyman", degandi janob Berdimuhammedov.

Turkmanistonning sobiq prezidenti, marhum Saparmurot Niyozov esa, olti karra "Turkmaniston qahramoni" bo‘lgan.

Bu birinchisi emas

Gurbanguli Berdimuhammedov 2007 yilda, Turkmanboshining kutilmagan o‘limi ortidan qudratga kelgandi.

Ammo orada kechgan qisqa vaqt davomida marhum Niyozovga o‘xshab, allaqachon ko‘plab unvonlar va mukofotlar olishga ulgurgan.

Prezident Berdimuhammedov Tibbiyot va Iqtisodiyot fanlari doktori, Turkmaniston Qurolli kuchlari generali va Turkmaniston Fanlar akademiyasi akademigi sanaladi.

Bundan tashqari, sportni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun karate bo‘yicha qora belboq sohibiga ham aylangan.

"Turkmaniston qahramoni" unvoni mamlakatdagi eng oliy nishon sanaladi.

Bu kabi unvon faqat davlat va xalq oldida mislsiz xizmat qilgan Turkmaniston fuqarolarigagina beriladi.