Turkmaniston prezidenti kelin-kuyovlarga to‘y kuni ko‘chat o‘tkazishni buyurdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Prezidenti Berdimuhammedov marhum Turkmanboshining g‘ayriodatiy yo‘lini meros qilib olmas, degan umidlar so‘nib bormoqda

To‘y kunini hayotidagi eng baxtli onlar, deb bilgan har qanday kishi o‘zini Turkmanistondan chetroqda tutsa kerak.

Turkman rahbarining yangi buyrug‘iga binoan, endi to‘y marosimlari ham qat‘iy tartib-qoidalar asosida o‘tadi.

Bu haqda Britaniyada chop etiluvchi nufuzli "Gardian" gazeti xabar bergan.

"Bemalol yakkahokimlikning bir ko‘rinishi deb atash mumkin bo‘lgan navbatdagi qarori bilan, prezident Gurbanguli Berdimuhammedov yosh kelin-kuyovlarga to‘ylari kuni ko‘chat o‘tkazish va shahardagi yirik yodgorliklarni ziyorat etishni buyurdi", deyiladi maqolada.

Ayon bo‘lishicha, ko‘plab juftlar bir-ikki qadah shampan sharobi bilan nishonlash umidida bo‘lgan kunda turkmanistonlik yangi oilalar 1948 yilgi qaqshatqich yer silkinishi, Ikkinchi Jahon urushi qurbonlari xotirasi, Konstitutsiya va Mustaqillik sharafiga qo‘yilgan yodgorliklarni borib ko‘rishlari shart bo‘ladi.

"Yangi tartib-qoidalar zamonaviy jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlab qolish va yosh avlodni xalqning an‘analariyu urf-odatlarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashning favqulodda muhimligini ko‘rsatadi", deb aytgan prezident Berdimuhammedov turkman hukumatining aynan to‘y marosimlariga bag‘ishlangan yig‘inida.

Umidlar so‘nib bormoqda

"Gardian"ga ko‘ra, Gurbanguli Berdimuhammedov marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozovning g‘ayriodatiy yo‘lini meros qilib olmas, degan umidlar so‘nib bormoqda.

"Prezident Niyozov poytaxt Ashxobodni o‘zining sharafiga qo‘yilgan haykallar bilan to‘ldirib tashlash, Turkmaniston maorif tizimi asoslarini shaxsan o‘zi yozib chiqish, oy nomlarini o‘zi va onasining ismlari bilan o‘zgartirish kabi xatti-harakatlari bilan tilga tushgandi", deb davom etadi maqola.

"Janob Berdimuhammedov ham muayyan ma‘noda marhum Turkmanboshi yaratgan shaxsga sig‘inishning barcha ko‘rinishlarini faqat o‘ziniki bilan almashtirish maqsadidagina yo‘q etayotgan ko‘rinadi", deb yoziladi maqolada.

Shu seshanba kuni prezident Berdimuhammedov janob Niyozov olti marotaba loyiq deb topilgan unvon sohibiga aylangan va "Turkmaniston qahramoni" sharafiga noyil bo‘lgandi.

Maqoladan ayon bo‘lishicha, prezidentni yangi unvoni bilan qutlash uchun poytaxt Ashxoboddagi marmardan qurilgan yangi binoga minglab mulozimlar va Turkman jamiyati vakillari yig‘ilishgan.

"Biz jannatda yashaymiz. Bularning barchasi asosida prezidentimizning jonlarini jabborga berib ishlashlari yotadi", deb aytgan turkmanistonlik bo‘lajak jurnalistlardan biri Oygo‘zal Gurbanova.

"Gardian"dagi maqol gazga boy Turkmaniston inson huquqlarini himoya qilish guruhlarining doimiy tanqidlari ostida qolib kelishi va xavfsizlik kuchlari tomonidan qiynoq usullarining keng qo‘llanilishi ishonilishi haqidagi so‘zlar bilan davom etadi.

"Berdimuhammedov muxolifatga toqat qilmaydi, ommaviy-axborot vositalari faoliyati va internetga imkoniyatni keskin cheklaydi. Bu esa, davlatning yanada ihotalanishiga olib keladi", deyiladi maqolada.

Turkman prezidentining to‘y marosimlariga oid yangi buyrug‘i ertaga –juma kuni yangi "Baxt Saroyi"ning ochilish kuni arafasida e‘lon qilingan.

Yangi buyruqqa binoan, ushbu saroyda nikohlari rasman qayd etilgan juftlar yaqindagi xiyobonga ko‘chat o‘tkazib, bir umr uni parvarishlari lozim bo‘ladi.

Turkman rahbariga ko‘ra, bu – saroyni "yam-yashil jannatga aylantiradi".

--------------------------------------------------------------------------------

Azizlar,

BBC O'zbek xizmatining Facebookdagi rasmiy sahifasi bilan tanishing.

https://www.facebook.com/#!/pages/BBC-Ozbek-BBC-Uzbek/294548310573810?sk=wall

BBCning yangiliklari, tahlilu sharhlari, eng sara audio va video lavhalari hamda suratlari bilan har kuni tanishish uchun Facebookdagi "LIKE" tugmachasini bossangiz kifoya.