Qirg‘izistonning yangi prezidenti mamlakatni birlashtirish niyatida

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Qirg‘izistonning yangi saylangan prezidenti Almazbek Atambayev uning o‘ngida turgan eng katta vazifa mamlakatni birlashtirish ekanini aytdi.

Mamlakat janubida yuz bergan mojarolarga bir yildan ko‘proq vaqt o‘tgan esada, Bishkekdagi BBC muxbirining aytishicha, Qirg‘iziston jamiyati haliyam bo‘linganligicha qolmoqda.

BBC bilan suhbatda janob Atambayev 2014 yilda Amerika harbiy bazasining muddati tugagach, uning mamlakatda qolishiga izn bermasligini ma‘lum qildi.

Almazbek Atambayevning ishonishicha, prezidentlikka 16 nomzod ichida unga qarshi faqat ikki siyosatchi - Qamchibek Tashiyev va Adaxan Madumarov - "haqiqiy raqiblik" qilishgan.

Saylovlarda 60 foizdan ko‘proq ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lgan 55 yoshli sobiq Bosh vazir asosiy raqiblariga kelajakda hukumatdan yuqori lavozimlarni taklif qilishga tayyor ekanini aytdi.

"Men o‘tgan yili Adaxan Madumarovga Botken viloyatining hokimi lavozimini taklif qilganman. Ularni xukumatga chaqirsam bo‘ladi, lekin ular takliflarimga rozi bo‘lisharmikan? Bu o‘ta qiyin savol," dedi Qirg‘izistonning yangi saylangan prezidenti.

U Qirg‘iziston xalqida norozilik chiqishlari uchun asos yo‘qligini aytdi.

"Qanday miting yoki norozilik namoyishi bo‘lishidan qat‘inazar, avvalambor, xalq charchagan. Ikkinchidan, namoyishlarga chiqish uchun asos xam yo‘q, deb uylayman," dedi Almazbek Atambayev.

Janob Atambayevning ikki asosiy raqibi - Qamchibek Tashiyev va Adaxan Madumarov - har biri taxminan 15 foizdan ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lganlar.

Qamchibek Tashiyev saylov kunida yuzlab qonunbuzarliklar yuz berganini aytgan.

U saylov natijalarini e‘tirof etmasligi va qayta saylovlar o‘tkazilishini talab qilishini bildirgan.

"Saylov jarayonida yuzlab emas, balki minglab qonun buzilishlari bo‘ldi. Masalan, ovozlarni sotib olish, saylov ro‘yxatlarini alamashtirish va saylovchilarga po‘pisa qilish kabi hollar kuzatildi," - dedi Qamchibek Tashiyev. - "Hokimiyat bir million ikki yuz ming ovoz beruvchi ismlarini ro‘yxatga kiritmagan. Bu odamlar qayerga yo‘qolganini hech kim bilmaydi. Xokimiyat xalqni janub va shimolga bo‘lgan. Tariximizda ilk bor biz bunday adolatsiz saylovlarga guvoh bo‘ldik," deb aytgan Qamchibek Tashiyev.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining saylovlarni kuzatish missiyasi Qirg‘izistondagi saylov oldi jarayoniga, umuman olganda, ijobiy baho bergan.

Tashkilot kuzatuvchilariga ko‘ra, saylovoldi kurashlari erkin o‘tgan va saylovchilardan 16 nomzoddan birini saylash imkoni bo‘lgan.

Biroq Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Bishkekdagi so‘zchisi, Yens Hagen Eshenbaxer, saylov kuni qonunbuzarliklar sodir etilganini ma‘lum qildi.

"Saylov qutilarini qalbaki byulletenlar bilan to‘ldirish, bir saylovchining bir necha bor ovoz berishi hollari kuzatildi. Shuningdek, ovozlarni sanash va e‘lon qilish jarayonlari ham jiddiy xavotirlarga sabab bo‘ldi. Saylov jarayoni saylov kunida izdan chiqdi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, katta umidlar bilan boshlangan jarayon, keyinchalik, ayniqsa ovozlarni sanash jarayonida yuz bergan jiddiy muammolar soyasi ostida qolib ketdi," dedi Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Bishkekdagi so‘zchisi.

Ayni damda Qirg‘iziston janubidagi Bozorqo‘rg‘on tumanida janob Tashiyevning oz sonli tarafdorlari Bishkek-O‘sh shoh yo‘lini berkitib qo‘yganlar.

Ular prezidentlik saylovini qayta o‘tkazishni talab qilganlar.