"O‘rinboy Usmon ozodlik evaziga "Hizbut Tahrir"ga a‘zo ekanligini tan olmagan inson"

Image caption O‘rinboy Usmon nafaqat o‘z nomini oqlash uchun, balki Tojikiston jurnalizmi uchun kurashayotgan inson.

BBCning Tojikistondagi muxbiri o‘zining aybsiz ekanligi yuzasidan kurshni davom ettirar ekan, bugun 60 yoshni qarshilagan O‘rinboy Usmon faoliyati haqida "Amnesty International" vebsahifasida maqola chop etildi.

Do‘sti va hamkasbi tomonidan yozilgan ushbu maqolada aytilishicha, O‘rinboy Usmon hukumat tomonidan taklif qilingan ozodlik evaziga o‘zining "Hizbut Tahrir"ga a‘zo ekanligini tan olishdan voz kechdi.

O‘rinboy Usmon shu yil iyun oyida "Hizbut Tahrir" noqonuniy guruhiga aloqadorlikda gumon qilinib, hibsga olingandi. U bu ayblovlarni mutlaqo rad etdi.

Bu holat Markaziy Osiyo va xususan, Tojikistondagi so‘z erkinligi vaziyatiga xalqaro hamjamiyat e‘tiborini qaratdi.

"2 noyabr kuni O‘rinboy Usmon 60 yoshga to‘lmoqda. Tojikistonda bu yoshga kirgan kirgan inson farzandlari va nabiralari izzatida qarilik gashtini surishni boshlaydilar. O‘rinboy Usmon esa hayotidagi eng katta kurashni boshladi", deyiladi maqoladi.

"Bosiq va kamtar bu inson hukumatning ozodlik evaziga jinotyaga qo‘l urganligini tan olish taklifni rad etmoqda", deyiladi maqolada.

"Men aybsizman. Amnistiyani qabul qila olmayman. Oliy Mahakamaga mening nomimni oqlashlari uchun ariza topshirdim", degan O‘rinboy Usmon.

Uning hamkasbiga ko‘ra, Tojikistonda bu o‘ta jasurona qadamdir, balki mislsiz hamdir.

Bu kabi ayblovlar bilan mahkama tortilganlarning aksari, "amnistiya" hukmini tinchgina qabul qilib qo‘yadilar. Amnistiya esa ko‘pda hukumat uchun sharmandali, deya ko‘rilgan ishlarda "nozik vaziyadan chiqish" yo‘llaridan biridir.

"Bir qarashda bosiq va kamtar ko‘ringan bu inson ne qadar jasur ekanligini ham ko‘rishimiz mumkin. Iyun oyida hibsga olingan vaqti uni kaltaklashgan, sigaret bilan kuydirishgan va ruhiy qiynoqqa tutilgan. O‘sha kunlardan ko‘p o‘tmay u bilan ko‘rishgan do‘sti uning ruhan zaif va sarosimaga tushgan ahvolda ekanligini aytgandi. O‘rinboy Usmon hibsga olinishidan avval ham qandli diabet va yurak kasalligiga chalingandi. Hibsga olingan vaqti ham shifoxonaga yo‘l olgandi. Lekin bularning hammasiga qaramay uni kurashdan to‘xtatmayotgan omil nima?", deya savol tashlangan maqoladi.

Hamkasbiga ko‘ra, O‘rinboy Usmonning insoniyligi uning ziyoliyligi bilan bir darajadadir. U tajribali jurnalist, yozuvchi va inson qalbi tadqiqotchisidir.

Ana shu insoniylik va ziyoliylik manzarasida endilikda uning ne qadar qat‘iyatli inson ekanligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

"O‘rinboy Usmon Oliy Mahkamada o‘z nomini poklashga harakat qilayotgan ekan, bu qadamni nafaqat o‘zi uchun, balki butun Tojik jurnalizmi uchun qilayotganligini aytadi. Bu esa quruq so‘zlar emas. Bu so‘zlar Tojikistondagi jurnalizm kurashish uchun arzirli narsa ekanligiga qat‘iy ishonchining izhorotidir", degan xulosaga kelgan O‘rinboy Usmon hamkasbi.

"O‘rinboy Usmon zamonaviy hayot talab qilayotgan bironta xususiyatni namoyon qilmayotgandek. U inson huquqlari faoli emas. Yoshi ham bir yerga borib qolgan. Ingliz tilida gapirmaydi. Blog yozmaydi. Tvitter yoki boshqa ijtimoiy tarmoq matbuotlarida ko‘rinish bermaydi. Ommaviy namoyishlarni tashkillashtirib, hukumatga qarshi kurashga ham qiziqmaydi. O‘rinboy aka hamma stereotiplar, ya‘ni qoliplarga tushmaydigan inson".