Turkmaniston: "Marhum Turkmanboshining zarhal haykali yana qad rostladi"

Qo‘shni Turkmanistondan olingan xabarlarga ko‘ra, marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozovning Quyoshga qarab aylanuvchi haybatli zarhal haykali yana poytaxt Ashxobodda qayta tiklangan.

Prezident Niyozov davrida shaxsga sig‘inishning eng kulьminatsion nuqtasi, deb ko‘rilgan va o‘zining butun turish-turmushi bilan dunyoda ko‘pchilikning e‘tiboriga tushgan haykal bu gal 95 metrlik Neytralitet haykali ustida qad rostlagan.

Ammo prezidentlik saroyiga yaqin avvalgi yerida emas, shahar chekkasidan joy egallagan.

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, haykalning boshqa yerga ko‘chirilishi prezident Berdimuhammedovni marhum Turkmanboshining ramziy hozirligidan xalos etadi.

Rossiyaning RIA Novosti axborot agentligi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, yangi joyida ham Turkmaniston ilk prezidentining haykali aylanib turadi.

Bundan avval Neytralitet arkini bezab turgan 12 metrlik haykal marhum Turkmanboshining boshqaruvi davrida, ya‘ni 1998 yilda o‘rnatilgan.

Sobiq Turkmanboshining yuziga doimo quyosh tegib turishi uchun esa, haykal kun davomida aylanib turadigan qilib qurilgandi.

O‘tgan yil avgust oyida prezident Gurbanguli Berdimuhammedov haykalni buzishga buyruq berganida, bu ko‘pchilik tomonidan marhum Saparmurot Niyozov davrida mamlakatda avjiga chiqqan shaxsga sig‘inishga chek qo‘yish harakati sifatida baho topgandi.

Buyog‘i qandoq bo‘ldi?

Image caption Qurilish ishlari...

Uning o‘rniga yanada balandroq qilib Neytralitet haykali qurishga qaror qilingan va yangi majmuada marhum Turkmanboshining haykali bo‘lmasligi aytilgandi.

Xabarlarda bu haqda shaxsan prezident Berdimuhammedovning buyrug‘i borligi ham ta‘kidlangandi.

Ammo bunday bo‘lib chiqmadi. Yangi haykalning rasmiy ochilish tantanalari esa, 12 dekabr – Turkmaniston Neytralitet kuni bo‘lib o‘tishi aytilmoqda.

Sathda bo‘lib qaytishga muvaffaq bo‘lgan ayrim g‘arblik jurnalistlarga ko‘ra, uning ostida favvoralar otilib turadi, tepasida esa, restoran faoliyat yuritadi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov marhum Turkmanboshi tadbiq etgan antiqa islohotlarning anchasini bekor qildi.

Ammo Berdimuhammedov Turkmanistonni isloh qilish va‘dasi ustidan chiqmadi.

Ko‘plab kuzatuvchilarga ko‘ra, Turkmaniston hali ham bir partiya hukmi ostidagi avtoritar tuzumdir.

Ularning nazdlarida Gurbanguli Berdimuhammedov marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozovning g‘ayriodatiy yo‘lini meros qilib olmas, degan umidlar so‘nib bormoqda.

O‘tgan hafta prezident Berdimuhammedov janob Niyozov olti marotaba loyiq deb topilgan unvon sohibiga aylangan va "Turkmaniston qahramoni" sharafiga noyil bo‘lgandi.

Bundan tashqari, Turkmaniston prezidentining sobiq Turkmanboshi, marhum Saparmurot Niyozovning “Ruhnomasi”ning o‘rniga o‘rin turkman xalqiga o‘z ilohiy yo‘l-yo‘riqlari bitilgan asarini chop etishga hozirlik ko‘rayotganiga oid xabarlar ham tarqalgandi.