Olma otada Prezident Nursulton Nazarboyevning yodgorligi ochildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Olma ota shahridagi Nazarboyev istirohat bog‘ida Elboshi Nazarboyevning yodgorligi ochilgan.

Tashabbuskorlarning mablag‘i evaziga qad rostlagani aytilayotgan majmua "Qozog‘iston" deya ataladi. Uning markazidan Elboshining o‘tirgan holdagi haykali qad rostlagan.

Kuzatuvchilar Nazaroyevning nomini ulug‘lash Qozog‘istonda ilk bor kuzatilmayotganini aytadi. Bu vaqtgacha poytaxt Ostonadagi yodgorlik majmuasidan Nazarboyevning naqshi aks ettirilgan. Uning nomida dunyodagi eng qimmat oliygoh ochilgan.

Olma ota shahridagi eng yirik bog‘larning biri shahar bilan tog‘ning o‘rtasidagi so‘lim bir go‘shada joylashgan. Bu boqqa poytaxt Ostonada bo‘lgani kabi Nazarboyev bog‘i deya nom berilgan.

Bir guruh tashabbuskorlar endi bog‘ning markazida nomi berilgan shaxsning haykalini o‘rnatishni lozim deya topishdi.

"Qozog‘iston" yodgorligi qanotlarini yoyib turgan burgut timsolida qurilgan. Qanotning bir tomonida Olma ota shahrining diqqatga sazovor joylari aks etgan bo‘lsa, ikkinchi tomonda Ostona shahri tasvirlangan. Qanotlarning o‘rtasida Elboshi Nazarboyevning viqor bilan o‘tirgan yodgorligi qad rostlagan. Yuqoriga Nazarboyevning so‘zlari zarhal harflar bilan bitilgan.

Shahar Qurilish Ittifoqi, Respublika Arxitektorlar Ittifoqi va Rassomlar Ittifoqi oktyabr oyining oxirida Prezident nomiga mustaqillikning 20 yilligiga bag‘ishlab "Qozog‘iston" yodgorlik majmuasini qurish tashabbusi bilan chiqandi. Oradan 16 kun o‘tib ushbu majmua tantanali ravishda ochildi.

Ochilish marosimiga Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyeva tashrif buyurdi, shahar hokimi nutq so‘zladi.

Qozog‘istonliklar Nazarboyev shaxsini ulug‘lashga turli munosabatda bo‘lishmoqda.

"Albatta, prezident mamlakat uchun ko‘p narsa qildi, ammo bu narsa qandaydir sermulozamatlikka o‘xshaydi", - deydi olma otalik Igor.

Andrey Bu shunchaki shaxsga sig‘inishga o‘xshaydi, desa, Sergey Nazarboyevga tirik vaqtida emas, o‘limidan keyin yodgorlik qo‘yish kerak, deydi.

- Nima uchun odamni o‘limidan keyin sharaflashimiz kerak, uni tirik vaqti ulug‘laylik. Bizda qanchadan qancha taniqli odamlarni o‘limidan keyin yodgorlik qo‘yganmiz. Menimcha haykal qo‘yishgani yaxshi, - deydi o‘rta yoshlardagi ayol.

Mustaqil jurnalist va siyosatshunos Sergey Duvanov Qozog‘istonda Nazarboyev shaxsini ulug‘lash muvafaqqiyatli ravishda shakllanayotganini aytadi. Bu narsada Nazarboyev bilan birga fuqarolarning ham hissami bor deydi u.

Bungacha Nazarboyevga mamlakat tashqarisi Turkiyaning Anqara shahrida yodgorlik o‘rnatilgan bo‘lsa, Moldovodagi turkiy elat bo‘lmish gagauzlar ham boshqa turk rahbarlari qatori Nazarboyevning ham yodgorligini o‘rnatishni ma‘lum qilgan.

"Siyosatchi va jamoat faoli olamdan o‘tganidan so‘ng aniqlanadi. Hayot davrida qurilgan ushbu yodgorliklar sovun ko‘pigiga o‘xshaydi. Ularni sotib olish va tashkillashtirish mumkin. Shaxsga sig‘inish bor joyda bunday haykallar mamlakat bo‘ylab minglab o‘rnatilishi mumkin. Ketgandan keyin ko‘ramiz", - deydi Sergey Duvanov.

Bungacha Ostona shahridagi "Qozoq eli" yodgorlik majmuasida ham Nazarboyevning aksi naqshlangan. Uning nomida dunyodagi eng qimmat universitet ham poytaxtda ochilgan va bir necha istirohat bog‘i mamlakat birinchi prezidenti sharafiga atalgan.