Rossiya 100dan ortiq tojik mehnat muhojirlarini chiqarib yuborishga qaror qildi

Image caption Rossiyada minglab tojikistonlik mehnat muhojirlari rizq terishadi

Rossiya o‘z hududidan 100dan ortiq Tojikiston fuqarosini chiqarib yuborishga qaror qilgan. Federal Muhojirlik Xizmatidan xabar berishlaricha, ularning barchasi Rossiya hududida qonunni buzishda aybdor deb topilganlar.

Federal Muhojirlik Xizmati vakili tojikistonliklarni deportatsiya qilish qaroriga Moskva va Dushanbe o‘rtasidagi aloqalarning sovuqlashuvi sabab bo‘lgani haqidagi da‘volarni na rad etgan va na tasdiqlagan.

Shu hafta boshida Tojikistonda Rossiya havo shirkatiga qarashli ikki uchuvchi 8 yarim yilga ozodlikdan mahrum etilishi ortidan ikki mamlakat munosabatlari sovuqlashgan edi.

Tekshiruvlar

Rossiyadan kelayotgan xabarga ko‘ra, keyingi ikki kun asnosida Maskva shahri bozorlarida huquq-tartibot organlari tomonidan muhojirlarni tekshirish va tutish hollari keskin ko‘paygan.

Rossiyadagi Tojik mehnat muhojirlari huquqlari himoya etish tashkiloti raisi Gavhar Jo‘rayevaning telefon orqali suhbatda aytishicha, o‘nlab tojik muhojirlari politsiya tomonidan turli xil bahonalar bilan qo‘lga olinmoqda.

-Bunday tekshiruvlar, tutish va "oblava" hollariga qaramay, bizning tashkilotimizga hozircha muhojirlardan biron-bir shikoyat kelgani yo‘q. Rasmiy murojaat bo‘lmaganligi sababli, biz Rossiya tashkilotlariga bunday vaziyatni sharhlashni so‘rab murojaat qilmadik, deydi Jo‘rayeva xonim.

Ayni damda, Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Pavel Klinovskiy Maskva shaharning janubi-sharqiy mintaqalaridagi bozorda haqiqatan ham tekshiruv bo‘layotganligini tan oldi. Ammo, u tekshiruvlar faqat Tojikiston muhojirlariga nisbatan bo‘layotganligi rad etdi.

-Janubi-sharq mintaqasida juda katta bozor bor. Bu bozorda muhojirlarni tekshirish ishlari amalga oshirilgan. Ammo, bu faqat tojik muhojirlariga qaratilmagan, o‘zbek, qirg‘iz va boshqa muhojirlar hujjatlarni tekshirish amaliyotlari o‘tkazilmoqda. Bu ishning Tojikistondagi hodisalarga hech bir aloqasi yo‘q, - dedi Klinovskiy janoblari.

Qasos amalimi?

Tojikistondagi Qo‘rg‘onteppa shahar sudi Rossiya va Estoniya fuqarolari Vladimir Sadovnichiy va Aleksey Rudenkoni chegaradan noqonuniy tarzda o‘tish, kontrabanda va xalqaro havo yo‘llari qoidalarni buzish ayblovlari bilan sakkiz yarim yil qamoqda hukm etishi ortidan Rossiya rasmiylari Tojikistonga turli bayonotlar, ayblovlar va hatto tahdidlar bilan chiqishgan.

Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev Moskva shahridagi yoshlar bilan muloqotida Tojikistonga nisbatan simmetrik va yo nosimmetrik choralar ko‘rishi xususida aytgan edi.

Tojikiston rasmiylari bunday bayonotlar va tahdidlarga munosibat bildirmas ekan, mamlakatdagi siyosiy firqalar va ziyolilar Rossiya ikki uchuvchining ozodlikdan mahrum etilishi uchun Tojikistondan qasos olmoqda degan fikrni bildirishadi.

Muxolif Islom Uyg‘onish firqasi raisi birinchi o‘rinbosar va parlament vakili Sayidumar Husayniga ko‘ra, uchuvchilar masalasi na faqat Rossiya rasmiylariga, balki u yerdagi millatchilari uchun ham bahona bo‘lgan.

-Rossiyadagi ekstremistik guruhlar, skinxedlarga Tojikistondagi hodisaning ta‘siri bor. Endi ular tojik muhojirlarga qarshi harakatlarga qo‘l urishlari mumkin. Tojikiston hukumati Rossiya bilan muammolarni hal etishga harakat qilishi kerak. Aks holda, Rossiyadagi tojik muhojirlari qiyin bir vaziyatda qolishlari ehtimoli bor, - deydi Husayni janoblari.

Ayni damda, Rossiyaning "RIA Novosti" agentligi Rossiya Federal Muhojirlik Xizmati rahbari Konstantin Romadonovskiyga iqtibosan 134 tojik muhojiri qonunni buzishda aybdor topilgani va ular mamlakatdan chiqarib yuborilishi haqida xabar bergan.