"Qozog‘istondagi saylovlar adolatli bo‘lmaydi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи bc
Image caption "Liberti" jamoat tashkiloti raisi va muxolifatdagi "Azat" partiyasi a‘zosi Galim Ageleuovga ko‘ra, Qozog‘istonda erta saylovlarni o‘tkazishga umuman ehtiyoj yo‘q edi.

Qozog‘iston Prezidenti mamlakat parlamentining quyi palatasi Majlisni tarqatib yuborib, kelgusi yil yanvar oyining 15 kuniga erta saylovlarni belgiladi.

Janob nazarboyevga ko‘ra kelgusi yil "kutilayotgan global iqtisodiy inqirozning ikkinchi pallasi" dan avvalroq saylovlarni o‘tkazib, ko‘p partiyali Majlisga ega bo‘lish muhimdir.

Ammo mamlakatdagi muxolif partiyalar vakillariga ko‘ra, erta saylovlar adolatli bo‘lmaydi va xo‘ja ko‘rsinga o‘tkazilmoqda xolos.

Qozog‘istondagi "Liberti" jamoat tashkiloti raisi va muxolifatdagi "Azat" partiyasi a‘zosi Galim Ageleuov BBC bilan suhbatda erta saylovlarni o‘tkazishga umuman ehtiyoj yo‘qligini aytdi.

Galim Ageleuov: Bu saylovlarni o‘tkazishga ehtiyoj yo‘q edi, chunki davlat manfaatlari nuqtai nazaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak bu saylovlar hech nima uchun kerak emas. Lekin mamlakatdagi siyosiy elita allaqachon mamlakatdagi qudratni mutlaqo egallab olgan va davlat bilan uyg‘unlashib ketgan. Shuning uchun ham ular saylovlarni oldinga surib, o‘zlariga qulay yo‘lda foydalanishni ko‘zda tutadilar. Bu saylovlarning adolatli bo‘lmasligi hozirdanoq ayon bo‘lmoqda, chunki ba‘zi partiyalar allaqachon saylovlarda ishtirok etish huquqidan mahrum etildi. "Umummilliy sotsial-demokratik partiya" va "Azat" uyushmasi esa "Azat"siz ishtirok etishga majbur, chunki uyushgan nom ostida ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilmayapti.

BBC: Lekin janob Nazarboyev va uning tarafdorlarining aytishlaricha, mamlakatga ko‘p partiyali parlament kerak va kelgusi parlament shunday bo‘lishiga imkon ham yaratilgan, masalan yetarli ovozga erisha olmasa ham ikkinchi ko‘p ovoz olgan partiyaga parlamentda o‘rinlar berilarkan?

Galim Ageleuov: Gap shundaki o‘sha ikkinchi o‘rinda kelishi kutilgan "Ak Jol" partiyasining hozirda Majlisni egallab olgan "Nur Otan"dan deyarli farqi yo‘q. "Adelet" partiyasi ham shunday mavqeda. Bu partiyalarning hammasi umuman olganda "Nur Otan"ning bo‘lnimachalari sifatidadir. Qozig‘istonda siyosiy tizim umuman aytganda puch bir narsa. Oxirgi yillarda avtoritar rejimni kuchaytirib kelgan hukumatning harakatlari natijasida mamlakatda fuqaro institutlari emas, ana shu kabi puch narsalar kelib chiqqan. Bizning mamlakatda ro‘y berayotgan ishlar va jarayonlar asosida xulosa qiladigan bo‘lsak bu kabi tashkilotlar tabiiy ravishda kelib chiqqan narsalar emas, tepadan berilgan buyruqlar asosida tashkil qilingan narsalardir.

BBC: Aynan "Nur Otan"ga yaqin partiyalar saylovlarda ikkinchi yoda uchinchi o‘rinda bo‘ladilar, deya xulosa qilishga qanday asos bor sizda?

Galim Ageleuov: Rossiyada "Pravoye delo" partiyasi bilan bo‘lgan o‘yin kabi Qozog‘istonda ham "Ak Jol" bilan huddi shunday o‘yinlar amalga oshirilgan. Bu partiyaning rahbari avval kim bo‘lgan va qanday qilib rahbar bo‘lganligi tarixiga qarasak, partiyalarning soni hech qanday ahamiyatga ega emasligi haqidagi xulosaga kelishga undaydi. Parlamentning qanday tarqatib yuborilganiga qarang, ularga buyruq berilganidan keyin ular shunday taklif bilan chiqishdi. Hamma narsa avvaldan tashkillashtirilgan stsenariy bo‘yicha qilinayotgani bizni shunday xulosaga undaydi.

BBC: Demak sizning partiyangiz kabi harakatlar o‘zlari uchun bu saylovlarda hech qanday imkoniyatlarni ko‘rmayaptilar, sizning qadamlaringiz qanday bo‘ladi?

Galim Ageleuov: Hali aytganimdek bizning "Azat" partiyamiz saylovlarda Sotsial-Demokratik partiya tarkibidagi bo‘linma sifatida emas, o‘sha partiya nomi ostida ishtirok etadi. Bu holat 2007 yilgi saylovlar davrida ham bo‘lgandi. Men bu partiya a‘zosi sifatida saylovlarda ishtirok etaman, lekin yordamchi sifatida. Bu harakat a‘zolari orasida tanqidiy fikrlash qobiliyatiga ega va jamiyat bilan mamlakatga foydali fikrlarni izhor eta oladigan shaxslar bor. Lekin afsuski mamlakat parlamenti bunday shaxslarni xush ko‘rmaydi. Natijada parlamentda yana dialog bo‘lmaydi. Shunisi afsuslanarliki, bu saylovlarni deb yana ulkan mablag‘lar ko‘kka sovuriladi. Hukumatning o‘zi ham bu qadam xo‘ja ko‘rsinga o‘tkazilayotganini va o‘z maqsadlariga erishish yo‘lidagina qilinayotganini yaxshi bilsa kerak.