Omma so‘rovi: rossiyaliklarning qariyb chorak qismi SSSRni qayta tiklash tarafdori

Image caption Rossiyaliklarning aksariyati Mixail Gorbachevni SSSRning parchalanishida asosiy aybdor sifatida ko‘rishlarini aytishgan.

VTsIOM omma fikrini o‘rganish markazi olib borgan so‘rov natijalariga ko‘ra, rossiyaliklarning qariyb yarmi sobiq sovet hududini birlashtirish tarafdori.

So‘ralganlarning 23 foizi esa SSSRning qayta tiklanishini istaydi.

Yana 15 foiz aholi Bojxona ittifoqi, 10 foiz so‘ralganlar esa Ovroosiyo iqtisodiy hamjamiyati tarafdorlari ekanliklarini bildirishgan.

So‘rovda qatnashganlarning 34 foizi sobiq sovet davlatlari bilan sheriklik aloqalari tamoyilini ma‘qullashgan.

Rossiyaliklarning 8 foizi avvalgi aloqalarning qayti tiklanishiga qarshi ekanliklarini bildirishgan.

Avvalroq VTsIOM rossiyaliklarning SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachevga munosabatlarini o‘rgangan.

Unga muvofiq, rossiyaliklarning aksariyati Mixail Gorbachevni SSSRning parchalanishida asosiy aybdor sifatida ko‘rishadi.

Ozarbayjon qarshi

So‘rov boshqa sobiq sovet davlatlarini ham qamrab olgan.

Uning natijalaridan ma‘lum bo‘lishicha, sobiq SSSRning qayta tiklanishiga eng ko‘p ozarbayjonliklar qarshi ekan.

So‘ralganlarning 39 foizi eski aloqalarning tiklanishiga qarshi ekanliklarini aytishgan.

Ayni paytda ozariylar teng huquqli sheriklik aloqalarini eng ko‘p qo‘llab-quvvatlaydiganlar orasidan o‘rin olishgan.

So‘ralganlarning 26 foizi yagona ititfoqqa birlashmagan holda sheriklik aloqalariga ega bo‘lishni ma‘qullashgan.

Sheriklik aloqalarini eng ko‘p litvaliklar qo‘llab-quvvatlashgan.

Litvada bunday fikrda bo‘lganlar 52 foizni tashkil etgan.

Sobiq sovet davlatlari orasidagi integratsiya g‘oyasi Belarus va Qirg‘izistonda ham aksariyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Qozog‘iston yana birinchi

Oktyabr oyida o‘tkazilgan so‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, rossiyaliklar hanuz Qozog‘istonni sobiq sovet hududidagi eng muvaffaqiyatli va barqaror davlat, deb hisoblashadi.

Ikkinchi o‘rinda Belarus, uchinchi o‘rinda esa Ukraina.

O‘zbekiston, rossiyaliklar nazarida farovonlik va barqarorlik nuqtai nazaridan 8-o‘rinda.

Rossiyaliklar shuningdek, Qozog‘iston, Belarus va Ukrainani eng ishonchli hamkor, deb atashgan.

O‘zbekiston bu borada bir pog‘ona yuqori, 7-o‘rinda.

So‘ralganlarning 3 foizi Prezident Karimovga ishonishini aytgan.

Rossiyaliklarning ishonchini qozongan rahbarlar orasida Islom Karimov Qozog‘iston, Belarus, Ukraina, shuningdek, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlaridan keyin 6-o‘rinda.

So‘ralgan rossiyaliklar eng ishonchsiz rahbar, deb Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonni atashgan.

"Ayni vaqti"

Oxirgi so‘rov natijalarini keltirgan VTsIOM rahbari Valeriy Fedorov hozir sobiq sovet hududida birlashishning ayni vaqti ekanini ta‘kidlagan.

Unga ko‘ra, Rossiya bosh vaziri Putin hamda Qozog‘iston va Belarus prezidentlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Ovroosiyo loyihasini, jamoatchilikni keng ogoh qilgan holda tezroq amalga oshirish kerak.

O‘tgan oy boshida "Izvestiya" gazetasida chop etilgan maqolasida Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin yangi ittifoq Sho‘rolardan ko‘ra ko‘proq Ovro‘po Ittifoqiga o‘xshash bir tuzilma bo‘lishini aytgan edi.

Kelasi yil uchinchi muddatga prezidentlikka saylanishi kutilayotgan Vladimir Putinning yangi ittifoq g‘oyasi hozirda amalda bo‘lgan Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasidagi Bojxona Ittifoqiga Qirg‘iziston va Tojikistonning ham a‘zo bo‘lib kirishini nazarda tutadi.

O‘zbekiston Putinning yangi ittifoq g‘oyasiga hozirga qadar hech qanday munosabat bildirmagan.

Rasmiy Toshkent sobiq SSSR hududidagi integratsiya jarayonlariga shubha bilan qarab keladi.

Prezident Nazarboyev tashabbusi bilan tuzilgan Ovrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatida bir muddat a‘zo bo‘lgan O‘zbekiston 2008 yilda tashkilotdan chiqqan.

Rasmiy Toshkent YevrAzEsning iqtisodiy istiqboli yo‘q, deb hisoblashini bildirgan.

Prezident Karimov MDH xududida integratsion jarayonlar iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilishi kerakligi va davlatlar ustidan turadigan tuzilmalar bo‘lmasligi lozimligini ta‘kidlab keladi.

AQSh diplomatlarining Vikiliks sahifasiga sizgan yozishmalarida Prezident Karimov Rossiyaning imperiyachilik intilishlaridan shubhalanib kelishi aytilgan.