Tarazdagi hujum uchun mas‘uliyatni Jund-al Xilafa guruhi o‘z zimmasiga oldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Ayni guruh avvalroq Aqto‘ba shahridagi hujum uchun ham mas‘ul ekanini da‘vo qilgandi

Jihodiy internet forumlarda paydo bo‘lgan bayonotda afg‘on-pokiston chegarasida amal qilishi aytilgan guruh Qozog‘istondagi 7 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Tarazdagi hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Jihodiy yangiliklarga ixtisoslashgan SITE Intelligence Groupning iqtibos keltirishicha, guruh Prezident Nazarboyev tuzumiga urush e‘lon qilganini aytgan.

"Zolim shuni bilib qo‘ysinki, uning askarlari yashashga qanchalik tashna bo‘lsa, biz o‘limga shu qadar tashnamiz, u urushda hech qachon bizga teng kelolmaydi", deya Jund-al Xilafa guruhiga nisbat berilgan bayonotdan iqtibos keltiradi SITE Intelligence.

Guruh Prezident Nazarboyev rejiminig "vayron bo‘lgan qoldiqlariga" yanada ko‘proq zarba berish bilan tahdid etgan.

Qozoq rasmiylari hozircha internetda paydo bo‘lgan bayonotga munosabat bildirmaganlar.

Jund-al Xilafa guruhi avvalroq Aqto‘ba shahrida sodir etilgan hujum uchun mas‘ulligini da‘vo qilgan edi.

Guruh qozoq hukumatini musulmonlarning diniy erkinliklarini cheklashda ayblagan.

"Jihodchi"

Shanba kuni Taraz shahrida sodir bo‘lgan portlash va otishmalar natijasida 7 kishi halok bo‘lgan edi.

Ularning 5 nafari politsiya xodimlaridir.

Qozoq rasmiylari hujum jihod tarafdori bo‘lgan 34 yoshli Maqsat Kariyev tomonidan amalga oshirilganini aytishgan.

Rasmiylarga ko‘ra, 12 noyabr kuni Kariyev o‘zini kuzatib yurgan ikki milliy xafvsizlik qo‘mitasi xodimiga hujum qilib, ularni o‘ldirgan.

Shundan so‘ng qurol-yaroq do‘koniga hujum qilib, u yerda ham qorovul va yana bir shaxsni o‘ldirib, qurollarni olgan holda, voqea joyidan ketadi.

Tushgacha Kariyev yana ikki politsiya xodimini o‘ldirib, ikkitasini yaralaydi.

Huquq tartibot idoralari uni o‘rab olgach, yaralangan holda xudkushlik sodir etadi va yana bir politsiya xodimini o‘zi bilan halok etadi.

Jihod tarafdori ekani da‘vo qilingan xudkush hujumchining shaxsiga oid ma‘lumotlarda uning Islomda taqiqlangan amallarga moyil bo‘lgani ham aytilgan.

"Kariyevning xarakteri noodatiy edi, gaplashganda juda ham ko‘p so‘kingan. U beshafqatligi, qaror qabul qilishda betartibligi va jinoyatga moyilligi bilan ajralib turgan", - deydi Jambil viloyat Ichki ishlar departamenti rahbarining o‘rinbosari Marat Kojayev.

Maqsat Kariyevning yakka harakat qilgani aytiladi.

O‘sib borayotgan xavf

Qozog‘istonlik ayrim tahlilchilarga ko‘ra, mamlakat diniy ekstremizmga qarshi kurashda kech qolgan.

Sharhlovchi Do‘sum Satpayev qozoq huquq-tartibot idoralari vaziyatni nazorat ostiga olishga qodir ekaniga shubha qiladi.

"Vaziyat tobora nazorat ostidan chiqib bormoqda", deb yozadi Dosum Satpayev Qozog‘istonning "Vremya" ro‘znomasida chop etilgan maqolasida.

G‘arblik tahlilchilar Markaziy Osiyoning eng barqaror davlati bo‘lgan Qozog‘iston islomiy jangarilik tahdidi bilan yuzma-yuz kelganini aytishmoqda.

Dushanba kuni qilgan chiqishida Prezident Nursulton Nazarboyev qozog‘istonliklarni o‘sib borayotgan ekstremizm xavfidan ogoh bo‘lishga chaqirgan.

"Davlat terrorizmning har qanday ko‘rinishini yengish uchun yetarli imkoniyat va zahiralarga ega", - deb aytgan janob Nazarboyev.