Yagona Bojxona Ittifoqi Ovro‘osiyo Ittifoqi tuzish tomon yana bir qadam tashladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Rossiya, Belorus va Qozog‘iston prezidentlari Moskvada Ovro‘osiyo iqtisodiy integratsiyasiga oid deklaratsiya imzolashgan.

Mazkur hujjat 2015 yilgacha Ovro‘osiyo Ittifoqini tashkil etish tomon tashlangan navbatdagi qadam sifatida ko‘rilmoqda.

Deklaratsiyada Bojxona Ittifoqiga a‘zo davlatlar endi navbatdagi bosqich - Yagona iqtisodiy hudud tarkibiga kirishlarini ko‘zda tutadi.

Ya‘ni, hozirda Bojxona Ittifoqiga Rossiya, Belorus va Qozog‘iston a‘zo. Ayni shu mamlakatlar 2012 yil 1 yanvaridan boshlab Yagona iqtisodiy hudud tarkibiga kirishadi.

Oktyabr boshlarida Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin sobiq Sovet respublikalarini Ovro‘po Ittifoqi a‘zolariga o‘xshab birlashishga chaqirgandi.

Prezidentlikka nomzodligi e‘lon qilinishidan bir necha kun o‘tib esa, "Izvestiya" gazetasida nashr etilgan maqolasida janob Putin "Ovro‘osiyo Ittifoqi" nomli yangi tizimni tuzish rejasini e‘lon qilgandi.

Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvedev matbuot xizmatiga ko‘ra, Yagona iqtisodiy hudud Jahon Savdo Tashkiloti me‘yorlari va tamoyillariga asoslanadi va tuzilganidan so‘ng har qanday bosqichda boshqa davlatlar qo‘shilishlari uchun ochiq bo‘ladi.

Hujjat imzolanganidan so‘ng gapirgan Dmitriy Medvedev: "Ovro‘osiyo Iqtisodiy Ittifoqini tuzish tomon navbatdagi yirik qadamni tashladik. Hech bir shubhasiz ushbu birlashma mamlakatlarimiz kelajagini belgilab beradi", deb aytgan.

Medvedev janoblarining so‘zlariga ko‘ra, Ovro‘osiyo Ittifoqiga qo‘shilishga qaror qiladigan har bir mamlakat "bu tanlovni ongli ravishda qilishi lozimki, keyin hech kim qandaydir iqtisodiy asoslar ta‘sirida majbur bo‘lgani haqida gapirmasin".

Rossiya Prezidenti yaratilajak ittifoq yevrohudud muammolaridan yiroq bo‘lishiga ishonch bildirgan. Chunki, uning aytishicha, a‘zo davlatlar ishni qariyb bir xil darajadagi iqtisodiy maydondan boshlaydilar.

"Eskini tiklash emas"

Qirg‘izistonning yangi saylangan prezidenti Almazbek Atamboyev "Izvestiya" gazetasiga bergan intervьyusida Sho‘rolar Ittifoqining tiklash imkonsiz ekaninini aytgan.

Ammo, u Qirg‘iziston kelajakda Yagona iqtisodiy hududga kirishi mumkinligiga ishora qilgan.

Putin janoblari ham o‘tgan oy yozgan maqolasida Sovet Ittifoqiga o‘xshash ittifoqni qayta tiklash niyati yo‘qligini "o‘tmishda qolgan narsani qaytadan ta‘mirlash yoki nusxasini ko‘chirish soddalik bo‘lishi, ammo yangi siyosiy va iqtisodiy qadriyatlarga asoslangan izchil integratsiya bu - davr talabi" ekanini aytgandi.

Vladimir Putinning ta‘kidlashicha, Ovro‘osiyo Ittifoqi yo‘lida rossiyaliklar, qozog‘istonliklar, beloruslar va unga qo‘shilishga qaror qilganlar harakatlanish, ish va biznes yuritish hamda ta‘lim olishda butkul erkin bo‘lishadi.

Shu bilan birga Putin janoblari vaqt o‘tishi bilan o‘z rejasini Qirg‘iziston va Tojikiston ham qo‘llab-quvvatlishini aytgandi.