Turkmaniston gaz zahiralari borasida Rossiyaning shubhalarini rad etdi

Image caption Prezident Berdimuhammedov mamlakatning yangi gaz konlari majmuini "Uyg‘onish" deb nomlash haqidagi buyruqni imzolagan

Turkmaniston o‘zining tabiiy gaz zahiralari hajmi borasida Rossiyaning shubhalariga g‘azab bilan javob qaytargan.

Avvalroq britaniyalik auditorlar turkman gaz zahiralari avval taxmin etilganidan ham ko‘proq, 13.1 bilan 21.2 trillion kubometr o‘rtasida ekanini ma‘lum qilishgandi.

Ushbu raqam Turkmanistonni tabiy gaz zahiralari bo‘yicha dunyodagi to‘rtinchi yirik davlatga aylantiradi.

Ammo "Gazprom" shirkati ijrochi direktorining o‘rinbosari Aleksey Lebedev Gaffney, Cline & Associates auditorlik shirkatining hisob-kitoblarini savol ostiga olgan.

Janob Medvedevga ko‘ra, sovet davrida o‘tkazilgan seysmik tadqiqotlar Turkmanistondagi zahiralarning anchayin kichik ekanini ko‘rsatgan.

"Bu kabi hajmdagi zahiralar mavjud, deb bayonot berishga assos yo‘q", deb aytgan Rossiya telekanaliga bergan intervyusida "Gazprom" mulozimi.

"Vaziyatni buzib ko‘rsatish"

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi janob Medvedevning bayonotini "mutlaqo noto‘g‘ri" deya baholagan.

"Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi janob Medvedevning bayonotini Turkmanistonning tabiiy zahiralar salohiyati, jumladan, gaz zahiralari bilan bog‘liq haqqoniy vaziyatni buzib ko‘rsatishga urinish, deb baholaydi", deyiladi shanba kuni e‘lon qilingan bayonotda.

Rasmiy Ashxobod gaz zahiralarining eng katta hajmi 26 trillion 200 milliard kubometr ekani va u Turkmanistonni dunyoda ikkinchi o‘ringa qo‘yishi"ni aytgan.

Turkmaniston gaz eksportini turfaxillashtirish va Rossiyaga qaramlikdan qutulishga intilib keladi.

Ashxobod hozirning o‘zida Xitoyga gaz eksport qilishni boshlagan.

Prezident Berdimuhammedov turkman gazini Ovro‘poga sotish niyatida ekanliklarini tasdiqlagan.

Ovro‘po Ittifoqining "Nabukko" gaz quvuri loyihasi turkman gazini Ovro‘poga olib chiqish orqali Rossiyaga qaramlikni kamaytirishni nazarda tutadi.

Yangi gaz quvurlari Turkmanistonga o‘z gazini yuqoriroq narxda sotish imkonini beradi.

Prezident Berdimuhammedov Yolotan, Usmon va Minoradagi yangi gaz konlari majmuini "Uyg‘onish" degan yagona nom ostida birlashtirish haqidagi buyruqni imzolagan.