Prezident Nazarboyev: "Arab inqiloblari ortida adolat talabi yotibdi"

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning aytishicha, qator Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq davlatlarida tuzumlar almashinuvi bilan yakun topgan "arab bahori" eng avvalo adolat tushunchasi bilan bog‘liq.

"Biz Shimoliy Afrika, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya va Ovro‘poda aksilhukumat namoyishlariga guvoh bo‘lib turibmiz. Bularning barchasi adolatga borib taqaladi. Chunki eshitganimiz faqat – erkinlik va adolat degan so‘zlar bo‘lmoqda", deb aytgan qozoq rahbari.

Prezident Nazarboyev erkinlik talabi normal, lozim narsa ekani, bu borada ortiqcha gap-so‘zga o‘rin yo‘qligi va buni o‘zlari ham esdan chiqarmasliklarini urg‘ularkan, ayni o‘rinda so‘z adolat haqida ketayotganini alohida ta‘kidlagan.

Qozoq rahbariga ko‘ra, o‘ta boylar va o‘ta nochorlar orasidagi farq kengayib bormoqda. Hamda global moliyaviy inqiroz ushbu muammoni yanada chuqurlashtirgan.

Uning aytishicha, iqtisodiy bo‘hron ortidan qator Ovro‘po va Shimoliy Afrika davlatlarida aholi turmush tarzining yomonlashishi bu kabi inqiloblarga yetaklagan.

Prezident Nazarboyevga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham hozir ijtimoiy adolat, xalqning hayot darajasini yaxshilash va iqtisodni ham ayni shu narsaga yo‘naltirishga bosh masala bo‘lmog‘i lozim.

Qozog‘iston rahbari bu haqda Rossiya va Belarus bilan Ovro‘osiyo iqtisodiy integratsiyasiga oid deklaratsiyani imzolashi ortidan, Rossiyaning ikki yetakchi axborot agentligi("Interfaks" va "RIA-Novosti")ga bergan suhbati chog‘ida to‘xtalib o‘tgan.

"Albatta, hech kim bundayin inqirozni kutmagandi. Global moliyaviy inqiroz oqibatida ko‘plab davlatlarning iqtisodi o‘tirib qoldi. Hamma ijtimoiy sarf-xarajatlarni keskin qisqartirishga tushib ketdi. Natijada oddiy aholi jabr ko‘rdi. Inqiloblar ortida turgan asosiy muammo ana shunda", deb ta‘kidlagan prezident Nazarboyev.

Iqtisodi Markaziy Osiyoda eng ildami ekani aytilgan Qozog‘iston esa, qolgan mintaqa davlatlari bilan solishtirganda, so‘nggi global inqirozdan eng ko‘p jabr ko‘rgani aytiladi.

Parallel muammo

Nursulton Nazarboyevga ko‘ra, xuddi shu voqealarga parallel holda butun dunyo bo‘ylab terrorchilik muammosi ham kuchayib bormoqda.

Qozog‘iston rahbari uyushgan ko‘rinishda bo‘lmasa-da, o‘zlarida ham bu kabi hodisalar yuz berganini yashirib o‘tirmagan.

"Bizda xuddi Norvegiyada bo‘lgani kabi hodisa yuz berdi. Qandaydir bezori bir odam begunoh insonlar va o‘zini o‘ldirishga qaror qilib, bu ishni amalga oshirdi. Tekshiruv ishlari esa, bizning terrorchilik amali bilan to‘qnash kelib turganligimizni ko‘rsatdi", deb aytgan janob Nazarboyev.

Unga ko‘ra, terrorchilik chegara bilmaydi va barcha davlatlar hamkorlikda unga qarshi kurash olib borishlari lozim.

Qozog‘iston prezidenti o‘z suhbatida bugun Suriya va Eronda kechayotgan voqealarga ham munosabat bildirib o‘tgan.

"Arabcha bahor"ga qarshi birgalikda kurash

Yaqin Sharqdagi kabi xalq g‘alayonlarining yuz berishi xavfi yaqinda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining Ostonadagi sammitida ham asosiy e‘tibor qaratilgan mavzu bo‘lgandi.

Prezidentlar Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotini "rangli inqiloblar"ga qarshi "kuchli to‘siq"qa aylantirishga kelishib olishgandi.

Ayrim xabarlarda Misr va Liviyada Twitter hamda Facebook singari ijtimoiy tarmoq saytlarining rolidan xavotirga tushgan KXShT a‘zolari birinchi navbatda kiberfazoda mudofaani mustahkamlash niyatida ekanliklari ham aytilgandi.

Bundan tashqari, sammit ortidan tarqalgan xabarlardan ishtirokchilarning arab usulidagi tartibsizliklar yuz bergan paytda tashkilotning Kollektiv Tezkor Kuchlarini ishga solishni rejalashayotgani ham ayon bo‘lgandi.

Rossiya Davlat Statistika qo‘mitasining shu yil iyun oyidagi ma‘lumotlariga qaralsa, o‘zlari qatori Qozog‘iston, Ozarbayjon va Ukrainada ham super boylarining soni nihoyatda arzimas bo‘lgan bir sharoitda, aholisining 90 foizdan ortiqrog‘i kambag‘allikda hayot kechiradi.

Ekspertlarning xavotirlanishlaricha, jamiyatdagi bu kabi keskin tabaqalashuv ularning taraqqiyotiga g‘ov bo‘lib, ushbu davlatlardagi ichki vaziyatni ham xavfli darajada beqarorlashtirishi mumkin.

Tahlilchilar O‘zbekistonda ham arab dunyosidagi kabi qo‘zg‘olonlar uchun sharoit mavjud ekanini aytishadi.

Moskvadagi "Memorial" inson huquqlari markazi esa, hatto, O‘zbekistondagi norozilik Liviyadagi kabi tus olishi mumkinligini taxmin qilgandi.

"Memorial" ga ko‘ra, O‘zbekistonda siyosiy repressiyalar kuchaygan va Islom Karimov hokimiyatda qolish uchun Liviya sobiq rahbari Muammar Qaddofiy singari "o‘z xalqiga qarshi jang qilish"dan ham qaytmasligi mumkin.