Rossiyaliklar O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikka qanday qarashadi?

Rossiyaning "Ijtimoiy fikr" jamg‘armasi tomonidan olib borilgan yangi so‘rov natijalaridan ayon bo‘lishicha, mamlakat aholisining qariyb yarmi Tojikiston va Qirg‘izistonning Yagona Iqtisodiy hudud tarkibiga kirishini yoqlashadi.

So‘rov ishtirokchilarining 35 foizi bunga qarshi, chorak foizchasi esa, bu xususda nima deyishni bilmas ekan.

Aholining bor-yo‘g‘i uchdan bir qismiga yaqini esa, Rossiya, Belarus va Qozog‘iston shunday hudud barpo etayotganidan boxabar ekanlar.

Yana shuncha foizi bu haqda birinchi marta eshitib turganliklarini aytishgan.

Saflar kengaysa...

Agar Yagona Iqtisodiy hudud saflari kengayadigan bo‘lsa, aksariyat rossiyaliklar ushbu ittifoqqa sobiq Sho‘ro davlatlaridan eng avvalo Ukraina(24%), keyin Armaniston(19%), uchinchi o‘rinda esa, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston(15%)ning kirishini istasharkan.

Ammo ko‘pchilik so‘rov ishtirokchilari Gurjiston, Litva, Latviya va Estoniyaga ko‘zlari uchib turgani yo‘qligini izhor etishibdi.

Ayni o‘rinda shuni alohida ta‘kidlash joizki, Rossiya aholisining 60 foizdan ortiqrog‘i sobiq Sho‘ro davlatlarining birlashishiga hayrixoh ekanlar.

Bu fikrga qarshi bo‘lganlarning soni esa, bor-yo‘g‘i 20 foizni tashkil etibdi.

Yagona Iqtisodiy hudud saflari kengaymaydi, deguvchilar ham nihoyatda ozchilikdan iborat ekan.

So‘rov ishtirokchilarining yarmidan ko‘prog‘iga ko‘ra, Rossiya, Belarus va Qozog‘iston o‘rtasida bojxona to‘lovlarining bekor qilinishi hamda tovarlarning erkin harakatlanishi o‘zlari uchun yaxshi va Rossiya iqtisodi uchun ham nihoyatda foydali bo‘ladi.

Ushbu so‘rov o‘tgan hafta Rossiyaning 100 ta aholi yashaydigan punktida 1.500 ta kishi orasida o‘tkazilgan.

Yangi loyiha

Kelasi yilning 1 yanvaridan boshlab, bu uch davlat Yagona Iqtisodiy hudud ostida birlashishadi.

Ushbu loyiha ijrosi shaxsan Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin nazorati ostida ekani aytiladi.

Yaqinda janob Putin eng avvalo Qirg‘iziston va Tojikistonni nazarda tutib, Bojxona ittifoqi va Yagona Iqtisodiy hudud boshqa a‘zolar uchun ham ochiq ekanini bayon qilgandi.

Yagona Iqtisodiy hudud barpo etishga oid deklaratsiya esa, o‘tgan hafta uch davlat prezidentlari ishtirokida Rossiya poytaxti Moskvada imzolangandi.

Ushbu deklaratsiyaning yakuniy maqsadi – Ovro‘osiyo Iqtisodiy ittifoqini tuzish ekani aytiladi.

Ushbu g‘oya bundan o‘n yilcha burun Rossiya, Qozog‘iston, Belarus va Ukraina tomonidan o‘rtaga tashlangandi.

O‘zbekistondan munosabat

O‘zbekiston sobiq SSSR hududidagi integratsiya jarayonlariga shubha bilan qarab keladi.

AQSh diplomatlarining "Vikiliks" veb sahifasiga sizgan yozishmalarida Prezident Karimov Moskvaning "imperiyachilik" intilishlaridan xavotir bildirgani qayd etilgan...

Xo‘sh, Vladimir Putinning Yagona Iqtisodiy hudud barpo etish, Ovro‘osiyo Ittifoqi tashkil etish g‘oyasi borasida oddiy o‘zbekistonliklar nima deb o‘ylashadi?

Biz ushbu savol bilan O‘zbekistondagi "Ekspert" ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovga murojaat qildik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди