Rossiya: "Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza tartibi imkonsiz"

Фото муаллифлик ҳуқуқи bbc
Image caption Janob Romodanovskiy tojik mahkamasining qarori bilan muhojirlarning chiqarib yuborilishi o‘rtasida bog‘liqlik borligini rad etgan

Rossiya Federal Muhojirlik Xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiy Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Tojikiston bilan viza tartibi joriy etish "imkonsiz" ekanini aytgan.

Unga ko‘ra, joriy vizasiz bordi-keldi tartibi demografik omillar bilan bog‘liq.

Janob Romodanovskiyning aytishicha, Rossiya iqtisodining risoladagidek ishlashi uchun yiliga 330 ming mehnat muhojiriga ehtiyoj bor.

FMX rahbari Ovrosiyo iqtisodiy hududi yaratilayotgan bir paytda viza tartibi haqida "yaxshi o‘qimagan" odamgina gapirishi mumkinligini aytgan.

Tojikiston mahkamasining rossiyalik uchuvchilarni mahkum etish qarori ortidan boshlangan munozaralarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza tartibini joriy etishga chiqariqlar yangragandi.

Ayni mojaro manzarasida Duma Rossiyada ishlayotgan xorij fuqarolariga rus tilini o‘rganishni majburiy qiluvchi qonunni qabul qilgan.

Noqonuniy muhojirlar

Rossiya Muhojirlik Xizmati rahbari tojik mehnat muhojirlarining qo‘lga olinishi bilan o‘tgan hafta ozod etilgan rossiyalik uchuvchi Vladimir Sadovnichiyga nisbatan chiqarilgan hukm o‘rtasida bog‘liqlik borligini rad etgan.

Janob Romodanovskiyga ko‘ra, noqonuniy muhojirlarni aniqlash va mamlakatdan chiqarib yuborishni kuchaytirish amaliyoti ancha avval boshlangan.

Uning bildirishicha, shu yil yanvaridan sentyabrigacha 4 ming, sentyabr oyidan hozirga qadar esa 8 mingga yaqin noqonuniy muhojirlar qo‘lga olingan.

Federal Muhojirlik Xizmati rahbarining ma‘lum qilishicha, hozirda maxsus markazlarda 1700 nafar muhojir ushlab turilibdi va ularning uchdan bir qismi Tojikiston fuqarolaridir.

"Agar mahkama lozim topsa, ularning hammasi vatanlariga chiqarib yuboriladi", degan Rossiya mulozimi.

Janob Romodanovskiy mehnat muhojirlari bilan Rossiyadagi jinoyatchilik o‘rtasida bog‘liqlik borligini rad etgan.

Unga ko‘ra, muhojirlar tomonidan sodir etilayotgan jinotyalar mamlakatdagi umumiy jinoyatlarning 3.4 foizini tashkil etadi, xolos.

FMX rahbari avvalroq jinoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha tojikistonlik muhojirlar birinchi o‘rinda turishini aytgan edi.

Janob Romodanovskiyning bildirishicha, noqonuniy muhojirlar Rossiya iqtisodiga sezilarli zarba bermoqda.

FMX hisob-kitoblariga ko‘ra, noqonuniy muhojirlar tufayli Rossiya yiliga 40 milliard rubl miqdoridagi soliq tushumlarini yo‘qotmoqda.

Majburiy qadam

Ayni paytda Tojikiston Rossiyaning bosimi ostida Rolkan shirkati uchuvchilarini ozod etishga majbur bo‘lganini e‘tirof etgan.

BBC bilan suhbatda Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari Sayfullo Safarov Moskva "misli ko‘rilmagan darajada" bosim o‘tkazganini aytgan.

"Dushanbeda bu masalani qonuniy yo‘lda hal qilishmoqchi edi. Hech kimning sud ishiga aralashishga haqqi yo‘q edi", - deydi tojik mulozimi.

Janob Safarovning aytishicha, uchuvchilar atrofidagi mojaro ikki davlat o‘rtasidagi strategik munosabatlarga darz yetkazgan va "uning ta‘siri hali uzoq vaqt sezilib turadi".