Qirg‘iziston: Almazbek Atambayev prezident sifatida qasamyod etdi

Image caption Almazbek Atambayev Qirg‘iziston tarixida "yangi sahifa"ni ochishga va‘da berdi.

Bishkekda Almazbek Atambayev Qirg‘izistonning navbatdagi prezidenti sifatida qasamyod etdi.

Uning inauguratsiyasi Qirg‘izistonda qudrat almashinuvi Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor demokratik yo‘llar bilan amalga oshganini ko‘rsatadi.

Qirg‘iziston davlat mulozimlari va chet ellik mehmonlar ishtirokida o‘tgan marosimda o‘z vazifasini topshirayotgan Roza O‘tinboyeva faxr bilan bir rahbar ikkinchisiga qudratni tinch yo‘llar bilan topshirayotgani Qirg‘iziston uchun tarixiy lahzalar ekanini aytdi.

Janob Atambayev esa mamlakati tarixida "yangi sahifa"ni ochishga va‘da berdi.

"Bugun biz Qirg‘iziston tarixida yangi sahifani ochayapmiz. Odamlar bizdan mamlakatni odilona idora etishni kutmoqda. Aks holda ular bizni kechirmaydi," dedi Almazbek Atambayev Bishkekdagi milliy filarmoniya binosida o‘tgan marosimda.

"Bugun eng muhim narsa barqarorlikdir. Chunki usiz Qirg‘iziston kelajagi yo‘q," dedi u.

55 yoshli janob Atambayev oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida yirik g‘alaba qozongan edi.

Prezident Atambayev o‘ngida yechimini topishi lozim bo‘lgan katta muammolar turibdi.

Unga etnik jihatdan bo‘lingan va iqtisodiy jihatdan qoloq mamlakat me‘ros bo‘lib qolmoqda.

Ammo uning inauguratsiyasi avtoritar rahbarlar tomonidan idora etiladigan mintaqa uchun beqiyos o‘rnak hisoblanadi.