Yaqinda qonli milliy nizolarga sahna bo‘lgan O‘sh endi gaz inqiroziga yuz tutmoqda

Qirg‘iziston janubidan olingan xabarlarga ko‘ra, uch kundirki, mintaqada o‘n minglab kishilar tabiiy gazsiz qolishgan.

Mahalliy aholining aytishicha, 29 noyabr kuni hech bir ogohlantirishsiz, gaz ta‘minoti uzib qo‘yilgan.

Ayon bo‘lishicha, o‘tgan yilgi milliy nizolardan jiddiy jabr ko‘rgan O‘sh shahri va Qora-Suv tumanlarida gaz umuman yo‘q.

Mintaqaning qolgan qismlarida esa, gaz ta‘minoti bilan bog‘liq ahvol haminqadar ekani aytiladi.

Mas‘ullarga ko‘ra, bunga O‘zbekistondan Qirg‘izistonga gaz ta‘minotining keskin pastga tushib ketishi sabab bo‘lgan.

Qirg‘izistonning AKIpress axborot agentligi keltirgan iqtibosida O‘sh shahar hokimi muovini Rustam Mirzamatov, "O‘zbekistondan kelayotgan bor-yo‘q gazning issiqlik elektr stantsiyasiga yuborilayotgani, shu sababdan ham, 29 noyabrdan boshlab, aholiga gaz ta‘minoti kesib qo‘yilgani"ni bildirgan.

Jabrdiyda aholi

O‘shlik inson huquqlari faoli Izzatulla Rahmatullayevning aytishicha, gaz yo‘qligidan, ayniqsa, mahallalarda istiqomat qiluvchi aholi nihoyatda qiynalmoqda:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Kimdir o‘tin, kimdir ko‘mir, kimdir elektr pechkalardan foydalanmoqda, deydi u.

Ammo faolning aytishicha, hozir, hatto, berilayotgan elektr energiyasining quvvati ham pasaygan.

"Elektr pechkani qo‘shsangiz, spirali zo‘rg‘agina qizaradi", deydi u.

Qirg‘izistonlik mulozimlar 28 noyabr kuni qish mavsumida elektr energiyasidan foydalanish o‘ta kuchayib ketgani bois, uning iste‘moliga cheklovlar kiritishlarini e‘lon qilishgandi.

Izzatulla Rahmatullayevning aytishicha esa, ayniqsa, o‘tgan yilgi milliy nizolardan jabr ko‘rgan aholining na-da gazi, na-da o‘tini va na-da ko‘miri bor.

"Ularning bugungi hayotlari faqat elektr energiyasiga taqalib qolgan".

Faolga ko‘ra, bugun mahalliy bozorlarda ko‘mir ham qimmatlab ketgan.

"50 kiloli bitta qopdagi ko‘mir 400 som turadi. Bu qariyb 1 AQSh dollari degani".

U aholining aksariyati ishsiz ekani bois, ko‘mir sotib olishga qurblari yetmasligini aytadi.

O‘z o‘rnida, inson huquqlari faoliga ko‘ra, ko‘pqavatli uylarda yashovchi odamlarning qishning sovug‘ida ochiq havoda o‘choq-qozon qilib, gazeta yoqib ovqat pishirishayotganiga ham guvoh bo‘lgan.

U mahalliy hokimiyat hozircha faqat elektr tokini o‘chirib qo‘ymaslikka va‘da berayotgani, ulardan boshqa hech qanday yordam bo‘lmayotganini ham ta‘kidlaydi.

Faolning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, mulozimlar gaz ta‘minotining qayta tiklanishi butkul O‘zbekistonga bog‘liq masala ekanini urg‘ulasharkan, aholining yana qancha gazsiz o‘tirishi noma‘lum.

O‘sh shahar hokimiyati mas‘ullari esa, BBC bilan suhbatda bugundan boshlab gaz ta‘minoti to‘liq yo‘lga qo‘yilishini aytishgan.

Bugungi hayot

Butkul gaz yo‘qligidan azob chekayotgan Qora-Suv tumanilik suhbatdoshimiz hozir o‘tin va tezak yoqib, kunlarini o‘tkazishayotganini aytadi.

"Tandirga deb yozda yig‘ib qo‘ygan o‘tinlarimiz bor edi, hozir ana shularni yoqayapmiz":

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Suhbatdoshim o‘zlarining oilada olti jon ekanliklari, yaqinda ko‘zi yorigan kelini, uning uchta bolasi bilan bitta xonaga tiqilib, sovuqda jon saqlashayotganini ham aytadi.

U yordam so‘rab mahalliy idoralarga ham murojaat qilishgani, mas‘ullar biror ilojini qilishga va‘da berishganini, ammo hech narsaga umid qilishmayotganini ta‘kidlaydi.

"Biror narsa qilib eplab tursanglar, gaz bo‘lib qolishi mumkin dedi, qachon berishini noma‘lum dedi".

Suhbatdoshim bu yaqin-orada gaz ta‘minoti yo‘lga qo‘yilmasa, nima qilishni bilmay hayron ekanliklari, kimdir arava yetaklab, kimdir mardikorchilik qilib, besh-o‘n tanga ishlab, ko‘mir olishi, xullas, bir amallab tirikchiliklarini o‘tkazishlarini aytadi.

O‘tgan hafta O‘sh shahrining o‘tgan yilgi etnik zo‘ravonliklardan eng ko‘p aziyat chekkan Cheryomushki mahallasi aholisi qishning sovuq kunlarida oziq-ovqat va ko‘mirdan yordam berishlarini so‘rab, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga rasman murojaat etishgandi.

Mahalliy inson huquqlari faollari jabrdiyda aholiga o‘z vaqtida ko‘mak berilmasa, bu yil qishda insoniy inqiroz yuz berishi mumkinligi bilan ham ogohlantirishgandi.

Ammo, bugun ayon bo‘lishicha, ular hali-hanuz o‘z murojaatlariga biror bir javob olisholmagan.