O‘shda VICh yuqtirilgan bolalar onalari va shifokorlar ziddiyati keskinlashgan

Image caption VICh yuqtirilgan bolalar onalari shifokorlar qattiqroq jazolanishini istaydilar

So‘nggi kunlarda Qirg‘izistonda VIChga chalingan odamlar bilan shifokorlar o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashgan.

Farzandlariga to‘rt yil avval turli kasalxonalarda VICh yuqtirilgan bir guruh onalar shifokorlarning qamalishini va davlat tomonidan o‘zlariga kattaroq tovon puli to‘lanishini talab qilishmoqda.

Onalar o‘zlariga to‘rt yil avval berilgan tovon pulini "haqorat" deya tasvirlashgan.

Ularga javoban norozilik namoyishlarini o‘tkazgan tibbiyot xodimlari aybdor emasliklarini aytib, yuqumli kasallikning tarqalishiga sog‘liqni saqlash muassasalaridagi yomon sharoitlar va moliyaviy yetishmovchilik sabab demoqdalar.

Qirg‘iz mutaxassislariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida sog‘liqni saqlash byudjeti eng kamtar Kirg‘iziston hukumati hozircha VICh bilan og‘rigan fuqarolarining moliyaviy talablarini qoniqtira olmaydi.

Lekin, mamlakat parlamenti yuqumli kasalliklarning tarqalishida aybdor shifokorlarning jinoiy javobgarligini kuchaytirish niyatini bildirgan.

VICh bilan og‘rigan bolalar onalari ishtirokida qirg‘iz parlamentida o‘tgan yig‘inda 197 yuqish hollarining 170tasi O‘sh viloyatida yuz bergani aytilgan. Qirg‘iziston bo‘ylab 35 nafar tibbiy xodim ham ish jarayonida VICh yuqtirgani aniqlangan.

Bishkekda o‘tgan shifokorlar namoyishida Novqat shahar kasalxonasida 2007 yilgacha bolalar shifokori bo‘lib ishlab kelgan Alijon Eraliyev ham ishtirok etgan.

U o‘z aybi isbotlanmasa ham ishidan chetlatilib, 4 yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilinganini aytadi.

Novqat tuman kasalxonasi bosh shifokori Asomiddin Maripovning BBCga aytishicha, tibbiy xodimlarni ayblashdan ko‘ra, mamlakat kasalxonalari ahvolini yaxshilashga e‘tibor qaratilishi kerak.

"Kasalxonalarning 70-80 foizida kanalizatsiya yo‘q, tualet yo‘q. Suv yo‘q, tomdan suv o‘tadi", deydi u.

400 nafar namoyishchilar VICh yuqtirish hollari uchun shifokorlarni ayblash to‘xtatilishini talab qilishmoqda.