Tojikistonda kuchli er silkinishi yuz berdi

Image caption Zilziladan jabr ko'rgan tumanlar tog'li mintaqalarda joylashgani bois yordamlar etkazish mushkul qolmoqda

13 mayga o'tar kechasi Tojikiston sharqida yuz bergan kuchli zilzila kamida 3 insonning umriga zomin bo'lgan.

Zilzila kuchi Rixter shkalasi bo'yicha 6 ballni tashkil qilgan. Bi-bi-sining Dushanbedagi muxbiri Anora Sarkorovaning xabar qilishicha, hodisada o'nlab insonlar tan jarohati olgan va 2 mingdan ortiq kishi boshpanasiz qolgan.

Mahalliy hokimiyat hozirgacha ziyon ko'lami borasida to'la ma'lumotlarni taqdim qilgani yo'q.

Muxbirimizga ko'ra, qayta silkinishlar hozirgacha davom etib turibdi.

Mamlakat markazini Rasht vodiysi bilan bog'lovchi avtomobil yo'lining bir necha joyiga tosh ko'chib bekilib qolgan. Bu esa, zilziladan ziyon ko'rgan tumanlarga yordam etkazish amaliyotlariga xalaqit beradi.

Tozalash ishlari uchun esa, og'ir texnika vositalariga ehtiyoj bor.

Er silkinishidan aziyat chekkan mintaqalar bilan telefon aloqalarida ham mushkulotlar kuzatilmoqda.

Mahalliy hokimliklarning xabar qilishlaricha, jabrdiydalar zudlik bilan tibbiy va insonparvarlik yordamlariga muxtoj.

Zilzila mahalliy vaqt bilan 04:30da yuz bergan. Zilzila epitsentri Dushanbe janubi-sharqidan 152 chaqirim uzoqda joylashgan G'arm mintaqasi bo'lgan.

Geofizika xizmati ma'lumotlariga ko'ra, er silkinishi respublika sharqiy hududlarning barcha nuqtasida sezilgan.

Tavildara

Zilziladan Tojikistonning Tavildara tumani aholisi eng ko'p jabr ko'rgan.

"Oilam ko'chada qoldi. Bolam jarohat oldi. Bu erda aholi kambag'al va uy-joylarini o'zlari tiklashga qurblari etmaydi. Bu fojea. Biz tunni ko'chada o'tkazdik", deydi mahalliy odamlardan biri Shokirjon Qosimov.

Muxbirimizning xabar qilishicha, tabiiy ofat odamlarni vahimaga solgan. Mingga yaqin kishi o'z uylariga qaytib borishga qo'rqib, ko'chada qolishni afzal ko'rishmoqda.

Kutilmaganda boshpanasiz qolgan odamlar tunni masjidlar, maktab va qon-qarindoshlarining uylarida o'tkazishgan.

Mazkur tog'li hududlarda havo harorati +5 gradusgacha tushib ketgan.

Tavildara tumani rahbari o'rinbosari Qurbona Mahmudovaning Bi-bi-siga ma'lum qilishicha, ziyon ko'lami va zilzila oqibatlarini o'rganish bo'yicha maxsus komissiya tashkil etilgan.

Unga ko'ra, uy-joysiz qolgan aholiga chodirlar, oziq-ovqat va issiq kiyim-boshlar zarur.

"Odamlar tunashlari uchun boradigan joylari yo'q, shuning uchun, zudlik bilan issiq narsalar va chodirlar kerak", deydi Tavildara tumani rahbari o'rinbosari.

Ayni paytda zilzila oqibatida yo'llari vayron bo'lgan tumanlarda oziq-ovqat tanqisligi borasida xabarlar bor.

'Go'yo portlashga o'xshadi'

"Bu xuddi portlashga o'xshardi. bir necha daqiqa ichida 2-3ta silkinish yuz berdi. O'sha zahoti katta vayronagarchiliklar yuz berdi, jarohat olganlar bor edi. Vaziyat oddiy emas, chunki er osti silkinishlar hali ham davom etyapti", deydi tavildaralik Hamidullo Safarov.

Garm tumanlari mamlakatdagi eng qashshoq mintaqalardan hisoblanadi. Ishsizlik darajasi o'ta yuqori. Markazdan uzoq bo'lgani va ekin erlar etishmasligi bois kundalik ehtiyoj mollari, oziq-ovqat mahsulotlari Tojikistonning boshqa mintaqalariga nisbatan ikki hissa qimmat.

Siz zilziladan boxabarmisiz? O'zingizga ma'lum bo'lgan ma'lumotlarni bbcuzbek.com ga yo'llang